Jahon | 22:27 / 10.04.2026
4099
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bilan muzokaralar natijasini 24 soatdan keyin e’lon qiladi

Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, AQSh muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda kemalarni yangi o‘q-dorilar bilan to‘ldiradi.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lganini 24 soatdan so‘ng bilib oladi. Bu haqda Amerika prezidenti The New York Post nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Trampning ta’kidlashicha, AQSh muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda kemalarni yangi o‘q-dorilar bilan to‘ldiradi.

«Biz qayta boshlaymiz. Biz kemalarni eng yaxshi o‘q-dorilar, hozirgacha yaratilgan eng yaxshi qurollar bilan to‘ldiryapmiz», dedi u.

Eron Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun dunyo mamlakatlariga qarshi «qisqa muddatli tovlamachilik» bilan shug‘ullanyapti, uning boshqa imkoniyatlari yo‘q, dedi AQSh prezidenti.

«Ularning bugun tirik bo‘lishining yagona sababi - muzokaralar olib borish!», deb qo‘shimcha qildi u.

7 aprel kuni AQSh prezidenti Eron bilan uzoq muddatli kelishuv tuzish uchun ikki haftalik sulh e’lon qildi. Eron rasmiylari muzokaralar 10 aprel kuni Pokiston poytaxtida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Amerika tomonidan muloqotlarda AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoff, shuningdek, Trampning kuyovi, tadbirkor Jared Kushner ishtirok etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid