Jahon | 10:14
2458
2 daqiqa o‘qiladi

Valdaydagi Putin qarorgohi atrofida havo hujumidan mudofaa kuchaytirildi

Putinning Valdaydagi rezidensiyasi atrofida “Pansir” majmualari o‘rnatilgan minoralar soni 27 taga yetgan, shulardan yettitasi 2026 yil mart oyida qurilgan.

Foto: REUTERS

2026 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Valdaydagi rezidensiyasi yaqinida havo hujumidan mudofaa tizimi hisoblangan “Pansir” majmualari bilan jihozlangan yana yettita qo‘shimcha minora paydo bo‘ldi. Shu tariqa, ularning umumiy soni 27 taga yetdi. Bu haqda 12 aprel, yakshanba kuni, “Sistema” loyihasi surishtiruvchilari xabar qildi.

Loyiha jurnalistlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilib, barcha yetti minoraning qurilishi bir vaqtning o‘zida — 17 mart kuni boshlangan, degan xulosaga kelgan. Ular ma’lumotiga ko‘ra, yangi obektlarning bir qismi allaqachon zenit-raketa majmualari bilan jihozlangan.

Ta’kidlanishicha, Valdaydagi havo hujumidan mudofaa tizimlari Moskvadagi sxemaga o‘xshash tarzda joylashtirilgan — ular rezidensiya atrofida turli radiusga ega bo‘lgan ikkita himoya halqasini hosil qiladi.

Ma’lumotga ko‘ra, shuningdek, Tataristondagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi hududida ham yirik kalibrli pulemyotlar o‘rnatilgan 20 dan ortiq minora va “Pansir” majmualari joylashtirilgan bir nechta platforma qurilgan.

Jurnalistlar xabar berishicha, aynan shu yerda Eronning Shahed dronlarining modifikatsiya qilingan versiyalari deb hisoblanadigan “Geran” uchuvchisiz apparatlari ishlab chiqariladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid