Jamiyat | 17:57
709
3 daqiqa o‘qiladi

Chorvoqda chiqindilar noqonuniy tashlanishiga qarshi kameralar o‘rnatilmoqda

Chorvoqda chiqindilarni noqonuniy tashlashga qarshi reydlarda 100 dan ortiq qoidabuzarlik aniqlandi. Ikkita noqonuniy chiqindixona bartaraf etilgan, 401 tonna chiqindi olib chiqilgan. Hududda chiqindilarni noqonuniy va tartibsiz tashlashning oldini olish maqsadida 10 ta lokatsiyada onlayn videokuzatuv qurilmalari o‘rnatilgan, yana 40 ta nuqtada shunday tizim joriy etish rejalashtirilgan.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq turistik zonasida 10 apreldan qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlashning oldini olish maqsadida tekshiruv olib borilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tekshiruv Bosh prokuratura, IIV, FVV, Milliy gvardiya, ekologik va turizm politsiyasi hamda mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘tkazilmoqda.

«Tahlillar ko‘rsatishicha, O‘zbekistonning barcha hududlarida qurilish ishlari ko‘paymoqda va bu o‘z navbatida qurilish chiqindilarining belgilanmagan joylarga noqonuniy tashlanishi bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, birgina Chorvoq erkin turistik zonasi hududida qurilishlar 2020 yilga nisbatan 10 baravarga oshgani natijasida loyiha egalarining qurilish chiqindilarini ekologik me’yorlarga rioya qilmasdan turli joylarga noqonuniy ravishda tashlab ketish holatlari oshgan», – deyiladi xabarda.

Dastlabki o‘rganishlar ko‘rsatishicha, 2020–2021 yillarda tumandagi ikki chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib yopilgan, hozirda chiqindilar Parkent tumanidagi poligonga olib borilmoqda.

11–13 aprel kunlari o‘tkazilgan reydlarda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 102 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 19 holat qayd etilgan.

23 ta maxsus texnika yordamida ikkita noqonuniy chiqindixona bartaraf etilgan, 401 tonna turli chiqindilar maxsus poligonlarga olib chiqib ketilgan.

Hududda chiqindilarni noqonuniy va tartibsiz tashlashning oldini olish maqsadida 10 ta lokatsiyada onlayn videokuzatuv qurilmalari o‘rnatilgani, yana 40 ta nuqtada shunday tizim joriy etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, respublika bo‘ylab ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida «dolzarb 10 kunlik» e’lon qilingani qayd etilgan. Uning doirasida qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq yana 11 ta huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid