Jahon | 18:23
5544
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini barcha savdo kemalari uchun ochganini e’lon qildi

Kemalar oldindan «kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha» harakatlanishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Neft narxi bir barrel uchun 90 dollargacha pasaydi..

Foto: AFP/Getty Images

Eron o‘t ochishni to‘xtatish muddati tugaguniga qadar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochdi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi.

«Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga muvofiq, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali barcha tijorat kemalarining o‘tishi sulhning qolgan davrida to‘liq ochiq deb e’lon qilinadi», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, kemalar «kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha» harakatlanishi mumkin, bu haqda avvalroq Eron portlari va dengiz transporti tashkiloti xabar bergan edi.

Eron AQSh va Isroil tomonidan boshlangan urushning ilk kunidayoq (28 fevral) Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopgani haqida e’lon qilgan va ruxsatsiz harakatlangan tankerlarni dronlar va raketalar bilan o‘qqa tutishga kirishgan. Urush boshidan buyon bunday hujumlar bilan bog‘liq ko‘plab holat qayd etilgan, kemalarga hujumlar 8 aprel kuni e’lon qilingan vaqtinchalik sulh davrida ham davom etgan edi.

Aroqchining bayonotidan keyin Brent markali neft narxi bir barrel uchun 89,55 dollargacha pasaydi. Bu esa bir kun oldingiga qaraganda qariyb 10 foizga arzonroq.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid