Jahon | 10:36
1984
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml OAVga Bonya murojaati mavzusini kengaytirmaslikni buyurdi

Bloger Viktoriya Bonya Vladimir Putinga yo‘llagan videomurojaatida “juda katta rezonansga ega mavzular”ni ko‘targan, ular bo‘yicha “katta ishlar olib borilmoqda”, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bu haqda DW yozdi, Peskovning mazkur izohi boshqa nashrlar tomonidan ham keltirilgan.

Foto: AP

Rossiya hokimiyati 16 aprel, payshanba kuni bloger Viktoriya Bonyaning mamlakat prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan videomurojaatiga munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bonya “juda katta rezonansga ega mavzular”ni ko‘targanini tan oldi. Biroq u shu bilan birga, ushbu mavzular bo‘yicha “katta ishlar olib borilayotgani”, “ko‘plab odamlar jalb etilgani” va “bularning barchasi e’tiborsiz qoldirilmagani”ni aytdi.

Shundan keyin Bonya yangi videomurojaat yozib, ko‘zlarida yosh bilan Kremlga “e’tiborsiz qoldirmagani uchun” minnatdorlik bildirdi. U o‘zining keyingi taqdiri qanday bo‘lishini bilmasligini, ammo “bu shunga arziydi”, deb aytdi. Bu haqda Meduza va boshqa nashrlar xabar qildi.

“Meduza” nashri manbasining aytishicha, Rossiya hokimiyatiga loyal OAVdan biriga prezident administratsiyasining siyosiy blokidan Bonyaning Putinga murojaati mavzusini “rivojlantirmaslik” haqida “qat’iy iltimos” kelib tushgan. Suhbatdosh so‘zlariga ko‘ra, faqat rasmiy shaxslarning munosabatigagina istisno qilingan. Bu da’vo DW materialida ham keltirilgan.

Viktoriya Bonya 14 aprel kuni Instagram ijtimoiy tarmog‘ida Vladimir Putinga “xalq nomidan” videomurojaat e’lon qildi. U Rossiya prezidenti “boshqa o‘lchamda yashaydi” va “ko‘p narsani bilmaydi”, deb bayonot berdi. Video davomida u “birorta gubernator ham aytmaydigan” besh muammoni sanab o‘tdi: Dog‘istondagi toshqin, Anapada mazut to‘kilishi, “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarning o‘ldirilishi, Novosibirsk viloyatida qoramol ommaviy so‘yilishi va ijtimoiy tarmoqlar blokirovkasi. Shuningdek, Bonya “milliy” Max messenjerini ham tilga olib: “Sizga yolg‘on gapirishyapti — ishlamaydigan narsani yaratishgan”, dedi. Bu mazmun RTVI va boshqa nashrlar xabarida ham aks etgan.

Uning murojaati katta shov-shuvga sabab bo‘ldi: 16 aprel kechga kelib Instagram’da u 1,3 million layk, qariyb 73 ming izoh va 100 mingdan ortiq repost to‘plagani DW xabarida aytilgan.

Bonya ortidan Rossiyadagi vaziyatni tanqid qilgan yana bir mashhur bloger — Ayza ham videomurojaat bilan chiqdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga ochiqcha tarafdor bo‘lib kelayotgan aktyor Ivan Oxlobistin esa Rossiyada internet cheklovlarini “ulkan xato” deb atab, buni SSSRga qaytishga urinishga qiyosladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid