Jahon | 08:49 / 21.04.2026
4955
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uyda yangi kadrlar inqirozi: yana bir vazir iste’foga chiqdi

AQSh mehnat vaziri Lori Chaves-Deremer nomunosib xatti-harakatlarda ayblanishi ortidan Donald Tramp ma’muriyatini tark etmoqda. The Atlantic nashri ma’lumotiga ko‘ra, Oq uy yaqin orada boshqa vazirlarni ham iste’foga chiqarishi mumkin.

AQSh mehnat vaziri Lori Chaves-Deremer prezident Donald Tramp ma’muriyatini nomunosib xatti-harakatlar haqidagi ayblovlar ortidan tark etmoqda. Oq uy kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung 21 aprel, seshanbaga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishicha, Chaves-Deremer “xususiy sektorda faoliyat yuritishga o‘tadi”.

Chung bayonotiga ko‘ra, uning iste’fosidan so‘ng mehnat vaziri vazifasini vaqtincha Kit Sonderling bajaradi. Chaves-Deremerning o‘zi ham X tarmog‘ida bu “tarixiy ma’muriyatda xizmat qilish va buyuk prezident bilan ishlash” u uchun “sharaf” bo‘lganini ta’kidladi.

CNN telekanali qayd etishicha, so‘nggi oylarda vazirlikda Chaves-Deremer ustidan berilgan nomunosib xatti-harakatlar haqidagi shikoyat yuzasidan ichki tekshiruv o‘tkazilgan. U xavfsizlik xizmati xodimi bilan jinsiy munosabatda bo‘lganlik, xizmat safarlaridan shaxsiy sayohatlar uchun bahona sifatida foydalanganlik va lavozim vakolatlarini boshqa tarzda suiiste’mol qilganlikda ayblangan.

Jumladan, Chaves-Deremer xizmat safarlarini shunday tashkil etishni so‘raganki, bu orqali u aralash jang san’ati — UFC janglariga borish, konsertlarda qatnashish, shuningdek, boshqa shaharlardagi do‘stlari va oila a’zolarini ko‘rib kelish imkoniga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, CNN xabariga ko‘ra, mehnat vaziri o‘z xodimlaridan unga alkogol mahsulotlari sotib olib berishni talab qilgan. Shuningdek, seksuallashtirilgan zo‘ravonlikka oid ayblovlar sababli Chaves-Deremerning turmush o‘rtog‘iga vazirlik binosiga kirish taqiqlangan.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv fonida Chaves-Deremerning ikki nafar yordamchisi mart oyida o‘z lavozimini tark etgan.

Lori Chaves-Deremer so‘nggi ikki oydan kam vaqt ichida Donald Tramp ma’muriyatini tark etayotgan uchinchi ayol amaldor bo‘ldi.

Aprel oyi boshida prezident AQSh bosh prokurori Pem Bondini lavozimidan ozod etgan edi. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Adliya vazirligi uning rahbarligida Jyeffri Epshteyn ishiga oid materiallarni e’lon qilganidan norozi bo‘lgan. Mart oyida esa ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ham o‘z lavozimini tark etgan.

Politico nashri yozishicha, Tramp vazirlar mahkamasida yangi o‘zgarishlar haqida o‘ylamoqda va “o‘z vazifasini uddalay olmayotgan yoki haddan tashqari ko‘p salbiy munosabat uyg‘otayotgan” amaldorlarni iste’foga chiqarishni rejalashtirgan.

The Atlantic ma’lumotiga ko‘ra, shu munosabat bilan Oq uyda savdo vaziri Govard Lyutnik, FTB direktori Kesh Patel va Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etgan armiya vaziri Deniyel Driskollning ehtimoliy iste’folari ham muhokama qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid