O‘zbekiston | 17:49
807
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya ta’lim dasturlariga o‘zbek–turk do‘stligini urg‘ulovchi qo‘shimchalar kiritildi

“Kelajak avlodlarga yanada kuchli birodarlik muhitini qoldirish harakatidamiz”, dedi Turkiya milliy ta’lim vaziri.

Yusuf Tekin

Turkiyadagi maktab ta’limi dasturlariga O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlovchi ma’lumotlar kiritildi. Bu haqda Turkiya Respublikasi milliy ta’lim vaziri, professor Yusuf Tekin ma’lum qildi.

“Turkiya bilan O‘zbekiston – dunyodagi eng yaxshi do‘st bo‘lgan ikki davlat sifatida ta’riflanishi mumkin. Biz ham hurmatli prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ko‘rsatmalari doirasida Turkiya bilan O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi, Turkiya davlati bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, kelajak avlodlarga yanada kuchli birodarlik muhitini qoldirish uchun jadal sa’y-harakat ichidamiz.

Shu doirada biz maktablarning 1-sinfidan to 12-sinfigacha bo‘lgan barcha sinflarda bu do‘stlikning barqarorligiga hissa qo‘shadigan, bu do‘stlikni mustahkamlaydigan ma’lumotlarga, izohlarga va tahlillarga o‘rin berishga harakat qildik”, – deydi Yusuf Tekin.

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Hatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida. Anqara, 2026 yil 29 yanvar / Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Turk vaziri Kun.uz'ga taqdim etilgan intervyusida prezident Mirziyoyevning 2026 yil yanvar oyida Turkiyaga tashrifini ham eslab o‘tgan. Tashrif doirasida Turkiyaning zilziladan jabr ko‘rgan Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasi ochilgan, Istanbulda esa o‘zbek maktabi qurilishiga start berilgandi.

“O‘zbekistondagi turk maktablarimizning joyi bilan bog‘liq bir muammomiz bor edi, tashrif doirasida uni ham hal qildik. Shuningdek, O‘zbekiston ta’lim tizimi va O‘zbekistonning o‘quv dasturiga ko‘ra ta’lim beriladigan xorijdagi ilk o‘zbek maktabini Istanbulda ochishga qaror qildik va ularga ajratilgan yerda tamal toshini qo‘yish marosimini ikki hurmatli prezidentlarimiz ishtirokida o‘tkazdik.

Men bu munosabatlarning inshaalloh bundan keyin ham yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga, kelajak avlodlar, nabiralarimiz bu munosabatlarni bizdan ham ko‘ra jo‘shqinroq davom ettirishiga ishonchim komil. O‘zbek–turk do‘stligining abadiy davom etishini, butun dunyodagi do‘stlik munosabatlariga namuna bo‘ladigan tarzda mustahkamlanishini tilayman”, – deydi Turkiya milliy ta’lim vaziri.

Avvalroq, Yusuf Tekin Samarqanddagi YuNeSKO sammiti munosabati bilan O‘zbekistonga safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan edi.

Video

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid