O‘zbekiston | 16:11
6556
6 daqiqa o‘qiladi

“Credit House” ishi bo‘yicha hukm o‘qildi

2025 yilning eng shov-shuvli firibgarlik ishi deya ta’rif berilgan “Credit House” ishi bo‘yicha 9 kishi jinoiy jazoga tortildi. Firibgarlik sxemasining tepasida turgani aytilgan Dmitriy Bajyenov 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 3 nafar ayol sudlanuvchiga shartli jazo qo‘llanib, ular ochiqda qoldirildi.

JIB Yakkasaroy tuman sudida “Credit House” amaldorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi birinchi instansiyada ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan Kun.uz jurnalisti xabar berdi.

Jinoyat ishi sudya Bahodir Qayumov raisligida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarga quyidagicha jazo tayinlandi:

  • Hikmatullayev Bahrom Behzod o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari (firibgarlik), 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), 189-moddasi 1-qismi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 28,192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybli deb topilib, 8 yil 1 oy muddatga yilga ozodlikdan mahrum qilish;
  • Shamsiddinov Alisher Muhammadiyevich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari bilan aybli deb topilib, BHMning 234,5 baravari miqdorida jarima jazosi;
  • Tolipova Klara Nodir qizi – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari, 189-moddasi 1-qismi va 28,192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 6,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi;
  • Mirkamolov G‘ayrat Rixsiyevich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari, 189-moddasi 1-qismi, 28,192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
  • Galyamova Robiya Albertovna – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari, 189-moddasi 1-qismi va 28,192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 6,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi;
  • Amzayev Baxtiyor Lennarovich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari va 192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish;
  • Rahimova Shoira Shokirjonovna – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari va 28,192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 6,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi;
  • Mahamadov Shuhrat Shokirjon o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari va 28,192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
  • Bajyenov Dmitriy Viktorovich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari, 189-moddasi 1-qismi, 192-11-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bo‘yicha aybli deb topilib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish.

Shuningdek, sudlanuvchilardan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish belgilandi.

Dmitriy Bajyenov va Alisher Shamsiddinovning 681 mln so‘mlik 2 ta Toyota, Shuhrat Mahammadovning 93 mln so‘mlik Spark hamda G‘ayrat Mirkamolovning 126 mln so‘mlik Cobalt mashinalari yetkazilgan zararni qoplash uchun undiruvga qaratildi. MChJlarning hisobraqamidagi pullar jabrlanuvchilarga teng taqsimlanishi ma’lum qilindi.

Credit House” ishi

Odamlarga oson shartlarda uy-joy olib berishni va’da qilgan Toshkent shahridagi “Credit House” hamda “In Fin Stroy Invest” MChJ atrofidagi gap-so‘zlar 2025 yil fevral oyida paydo bo‘lgandi. Quruvchi firmalardan uy olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga sotib kelgan ushbu vositachi MChJlarning amaldorlari odamlar pulini o‘zlashtirganlikda gumonlangan.

Keyinchalik Kun.uz jurnalisti mazkur kompaniyalar bilan shartnoma qilgan fuqarolar bilan bog‘lanib, shubhali ko‘ringan bu “biznes”ning tepasida kim turganini o‘rgangandi.

IIVning “Kriminal” dasturida e’lon qilingan dastlabki ma’lumotda 860 nafardan ortiq fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof qilingan va aniqlangan zarar miqdori 182 mlrd so‘m ekani aytilgan edi. Keyinroq “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” MChJ ishi bo‘yicha tezkor maxsus shtab tuzilib, jinoyat ishi tergovi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olindi.

Sud jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlaganida Kun.uz dastlabki sud majlisi jarayonlarini jonli efirda yoritgandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid