Jahon | 08:37 / 24.04.2026
1399
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh muddati uzaytiriladi

Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh yana uch haftaga uzaytiriladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi. U yaqin vaqt ichida Isroil bosh vaziri va Livan prezidentini qabul qilishni “intizorlik bilan kutayotganini” bildirdi.

Foto: picture alliance

Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh uch haftaga uzaytiriladi, deb xabar berdi AQSh prezidenti Donald Tramp 23 aprel, payshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Ushbu kelishuvga Oq uy rahbari bilan bir qatorda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio, AQShning Isroil va Livandagi elchilari Mayk Xakabi va Mishel Issa, shuningdek ikki davlatning “yuqori martabali vakillari” ishtirok etgan uchrashuvdan so‘ng erishilgan.

“Uchrashuv juda muvaffaqiyatli o‘tdi! Qo‘shma Shtatlar Livanga o‘zini ʼHizbullohʼdan himoya qilishda yordam berish uchun u bilan hamkorlik qiladi”, — deb yozdi Tramp.

Shu xabarning o‘zida u “yaqin kelajakda” Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Livan prezidenti Jozef Aunni qabul qilishni “intizorlik bilan kutayotganini” ham ma’lum qildi.

“Ushbu tarixiy uchrashuvda ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘ldi!” — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

14 aprel kuni Vashingtonda 1993 yildan beri ilk bor Isroil va Livan vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlatning AQShdagi elchilari ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar tinchlikni tartibga solish masalasi yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash yo‘lida qadamlar tashladi, deb xabar bergan edi o‘shanda AQSh Davlat departamenti.

Amerika tomoni Isroil va Livan elchilarining AQShdagi ushbu uchrashuvini “tarixiy bosqich” deb atadi. Vashington, shuningdek, keyingi muzokaralar o‘tkazilsa, har ikki davlatga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi hamda ular “keng qamrovli tinchlik kelishuvi”ga olib kelishiga umid bildirdi.

9 aprel kuni Isroil hukumati saytida Binyamin Netanyahu Livan bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar e’lon qilingan edi. Muzokaralar Eronga ittifoqdosh bo‘lgan “Hizbulloh” harakatini qurolsizlantirish va ikki davlat o‘rtasida tinch munosabatlar o‘rnatish masalalariga bag‘ishlanishi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid