O‘zbekiston | 16:21
4406
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident qator hokimlarni tanqid qildi

Nurafshon shahri, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari hokimlari «aravasini torta olmayotgan bo‘lsa», bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Unda ayrim rahbarlar tadbirkorning masalasini hal qilish o‘rniga o‘zini chetga olayotgani, muammo respublika darajasiga chiqsa, aybini berkitish uchun o‘zini oqlab yurgani tanqid qilindi. 

Masalan, Nurafshon shahar hokimi byurokratiya sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga qayerdan bu ma’lumot prezident darajasigacha yetib borganini qidirish bilan ovora. 

Yoki G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari hokimlari tadbirkorlik infratuzilmasi uchun berilgan tayyor pulga haligacha loyiha boshlamagani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun ushbu tumanlarga bu yil respublikadan qo‘shimcha 262 milliard so‘m berilgan. 

Tegishli viloyatlar hokimlariga nomi aytilgan tuman hokimlari «aravasini torta olmayotgan bo‘lsa», bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Ma’lumot uchun, Toshkent viloyati Nurafshon shahriga 2023 yil aprelidan buyon Ilhom Qilichxonov rahbarlik qilib kelmoqda.

Shuningdek:

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumaniga 2020 yil aprelidan buyon Bekzod Suyunov rahbarlik qilib kelmoqda;

Samarqand viloyati Narpay tumaniga 2025 yil noyabridan buyon Anvar Boliyev rahbarlik qilib kelmoqda;

Xorazm viloyati Urganch tumaniga 2023 yil aprelidan buyon G‘ayratjon Sultonov rahbarlik qilib kelmoqda;

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumaniga 2023 yil avgustidan buyon Odiljon Ataullayev rahbarlik qilib kelmoqda;

Toshkent viloyati Chinoz tumaniga 2024 yil fevralidan buyon Sherzod Salihov rahbarlik qilib kelmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid