Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo ssenariysi: Isroil Livan janubini tekislab tashlamoqda
«Hizbulloh»ni yo‘q qilish maqsadida boshlangan Isroil operatsiyasi Livan janubidagi hududlarni tekislash missiyasiga aylanib ketdi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangan CNN nashri Isroilning Livandagi operatsiyalari G‘azodagi taktikani takrorlayotganini bildirdi.
2 mart kuni, Isroil va AQSh Eronga qarshi urush boshlaganidan ikki kun o‘tgach, «Hizbulloh» Isroilga qarata raketalar otdi. Buning ortidan Isroil harbiy samolyotlari butun Livan bo‘ylab havo hujumlari uyushtirdi, askarlar janubdagi yangi hududlarni egallab oldi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolanganiga qaramay, ushbu yerusti operatsiyalari davom etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, yuzlab binolar — ularning aksariyati turar joylar — yo butunlay tekislab tashlangan, yoki yashash uchun yaroqsiz holga keltirilgan. Sulh e’lonidan keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va videolar buzish ishlari shiddat bilan davom etayotganini tasdiqlaydi.
CNN jangovar harakatlar qayta tiklanishi bilan vayronagarchilik ko‘lamini baholash uchun Airbus tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qildi.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Isroilning mart oyidagi hujumlarining dastlabki o‘n kunida 22 ta aholi punktidagi 523 ta bino vayron qilgan. Turar joylardan tashqari, Isroil kuchlari masjidlar, dorixonalar, kafelar va avtoservis ustaxonalarini ham yo‘q qilgan.
Aholi tomonidan olingan videolarda nazorat ostidagi portlatishlar aks etgan.
#BREAKING: 🇱🇧 Shocking footage shows huge blass ripping through Lebanese villages as IDF flattens entire towns claiming Hezbollah targets #Lebanon #IsraelStrikes pic.twitter.com/DS8rDDOAhf
— Twilight (@TwilightDewy) April 28, 2026
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari esa allaqachon shikastlangan hududlarda Isroil buldozerlari va ekskavatorlari ishlayotganini ko‘rsatadi. Bu esa avval havodan zarba berilgan hududlarga endi quruqlikdagi kuchlar kirib kelayotganidan dalolat qiladi.
Huquqni himoya qilish guruhlari bong urib, Isroilning harbiy hujumi G‘azoda qo‘llangan taktikani — o‘ta muhim infratuzilma va sog‘liqni saqlash muassasalariga kuchli zarbalar berishdan tortib, jurnalistlarni nishonga olish va psixologik urushgacha takrorlayotganidan ogohlantirmoqda.
«Rafah modeli»ga ergashib
Isroil rasmiylari esa Livan bilan chegara ichkarisida uzoq muddatli «xavfsizlik zonasi» yaratish rejalarini bayon qilgan. Hozirda bu so‘zning o‘rnida «oldingi mudofaa chizig‘i hududi», degan atama afzal ko‘rilmoqda. Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil kuchlari Livan ichkarisida 10 kilometr masofagacha o‘z pozitsiyalarini kengaytirishini e’lon qildi.
Nashrning yozishicha, Isroil hukumati yuqori martabali amaldorlari bu nimani anglatishini ochiq aytdi. Xususan, mudofaa vaziri Israel Kats chegara yaqinidagi qishloqlardagi barcha uylarni «Rafah va Bayt-Xanun modeli»ga muvofiq yo‘q qilishga va’da berdi.
Rafah va Bayt-Xanun — G‘azoning janubiy va shimoliy chekkalaridagi shaharlar bo‘lib, ular ikki yillik genotsid urushida Isroil kuchlari tomonidan vayronaga aylantirilgandi.
O‘tgan hafta sulh e’lon qilinganidan keyin ham Kats o‘z so‘zida qat’iy turibdi: u Livan bilan aloqa chizig‘idagi qishloqlarni «terrorchilar tayanch nuqtasi» deb atadi va u yerda «uylarni vayron qilish» davom etishini aytdi. Isroil harbiylarining da’vo qilishicha, «Hizbulloh» qurollarni tinch aholi uylariga joylashtiradi va yashiradi.
Isroil Mudofaa Kuchlari mulozimlariga ko‘ra, Isroil Livanda «sariq chiziq» deb ataladigan tizim joriy qiladi. Isroil harbiylari egallangan hududlarga aholining qaytishi taqiqlanadi.
Bu taktika ham Isroilning G‘azo hududini qayta bosib olish tajribasidan olingan. G‘azoda bu jarayon 2025 yil oktyabrda xaritadagi vaqtinchalik sariq chiziq — Isroil va Hamas kuchlari o‘rtasidagi ajratilgan belgi edi.
Ammo Tramp vositachiligida tuzilgan sulhdan bir necha hafta o‘tgach, G‘azo yerlarida sariq rangga bo‘yalgan beton bloklar paydo bo‘la boshladi. Nashrning yozishicha, bu holat jarayonga doimiylik tusini berdi. Aholining bu chiziqni kesib o‘tishi taqiqlangan va unga yaqinlashgani uchun yuzlab odamlar otib o‘ldirilgan.
Isroilning Livan janubidagi yangi «sariq chizig‘i» ham xuddi shunday ajratuvchi xarakterga ega bo‘lib, 55 ta shahar va qishloqni mamlakatning qolgan qismidan uzib qo‘yadi. IDF Livan aholisiga o‘z uylariga qaytmaslikni buyurgan va sariq chiziqqa yaqinlashayotgan odamlarga bir necha bor o‘t ochgan.
Millionlab qochqinlar paydo bo‘ldi
Livan janubidagi aholi uchun bu urush navbatdagi fojia – majburiy ko‘chish bo‘ldi. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, 1,3 millionga yaqin livanlik o‘z uyini tark etgan. Ularning aksariyati 2024 yilda ham o‘z uylaridan qochishga majbur bo‘lgandi.
«Sargardonlikda fojia hissi bor. Xotiralaringizni, uyingizni, o‘z qo‘llaringiz bilan ekkan va o‘stirgan hamma narsangizni tashlab ketish juda og‘ir», dedi ana shunday insonlardan biri – 62 yoshli Hasan Rammal.
O‘zlari urush hududidan chiqib ketganidan ko‘p o‘tmay, Rammal uyi vayron bo‘lgani haqida xabar topgan: «Xuddi kimdir mening ruhim va hayotimni xotiralarimdan mahrum qilgandek bo‘ldi», deydi u CNN bilan suhbatda.
Isroil bilan chegaradan 5 kilometr shimolda joylashgan Xiyom shahrida ham yashil hududlar jigarrang tusga kirgan. 22 apreldagi tasvirlarda hududda Isroil buldozerlari ishlayotgani ko‘rinadi.
«Hizbulloh» sulhni tan olmadi
Ikki yil oldin ham G‘azodagi urush ortidan «Hizbulloh» va Isroil to‘qnashuvga kirishib, urush sulh bilan yakunlangan edi. Ammo 2024 yil noyabridagi sulhdan keyin Isroil Livan janubida harbiy ishtirokini saqlab qoldi. Tahlillarga ko‘ra, 2026 yil yanvarigacha Isroil bu hududlarda to‘rtta yangi tayanch nuqtalar o‘rnatgan bo‘lishi mumkin.
Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Jyeremi Binni nashrga aytishicha, Isroil harbiylari Livan hududini yaxshiroq kuzatish uchun o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Bu Isroilning yangi «xavfsizlik zonasini» uzoq muddat egallab turish rejalariga mos keladi. Biroq mamlakat ichkarisida qo‘shimcha pozitsiyalar qurish isroillik askarlarni partizanlik hujumlari oldida himoyasiz qoldirishi mumkin.
O‘z navbatida «Hizbulloh» Isroil qo‘shinlari chiqib ketmaguncha sulhni tan olmasligini aytib, «bosqinchi bilan kurashish va uni o‘z yerlaridan haydab chiqarish»ga qasam ichdi.
Bugunga kelib Livan janubidagi 600 ming aholining kelajagi noaniqligicha qolmoqda: ular uylariga qayta oladimi va qaytishga uyning o‘zi qoladimi, buni hech kim bilmaydi.
Mavzuga oid
20:54 / 28.04.2026
Zelenskiy Isroilni o‘g‘irlangan donni sotib olishda aybladi
22:54 / 26.04.2026
Isroil BAAda «Temir gumbaz» tizimi va o‘z harbiylarini joylashtirgan – OAV
19:44 / 25.04.2026
AQSh–Eron urushi fonida Turkiya nega asabiylashmoqda?
08:37 / 24.04.2026