Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilni qoralagan Yulduz Usmonovaning Nyu Yorkdagi konserti bekor qilindi
Nyu Yorkda bir qator siyosatchilar va sionistik hamjamiyat qarshiligidan keyin, Yulduz Usmonovaning 9 may kuni Bruklinda o‘tishi belgilangan konserti bekor qilindi. Xonanda bu holat uning qarashlarini o‘zgartira olmasligi, bir necha yil oldin aytgan gaplari uchun kechirim so‘ramasligini bildirdi. “Siz sionistlar meni uzr so‘raydi deb o‘ylasangiz, qattiq yanglishasiz”, dedi u.
Yulduz Usmonova
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ijrosida 9 may kuni AQShning Nyu York shahrida o‘tishi belgilangan konsert bekor qilindi. Bu haqda 4 may kuni tadbir mezboni Oceana teatri xabar berdi.
Konsertning bekor qilinishi – mahalliy siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qarshilik kampaniyasi ortidan ro‘y berdi. Yulduz Usmonova Falastinni qo‘llab, Isroilning harakatlarini keskin tanqid qilib kelgani tufayli antisemitizmda ayblanmoqda.
4 may kuni Nyu Yorkning Nassau okrugi raisi, Nyu York gubernatori lavozimiga nomzod Bryus Bleykman hamda mahalliy deputatlar Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasni, shuningdek, “Birlashgan sionistlar” jamiyati faollari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ular fashistlar Germaniyasi ustidan g‘alabani xotirlash kuni – 9 may sanasida o‘zlari “fashist” deb ayblayotgan Yulduz Usmonovaning konserti o‘tkazilishiga qarshiligini bildirgan.
Bryus Bleykman xonandaning AQShga kirish vizasini bekor qilishni so‘rab, davlat kotibi Marko Rubioga rasmiy xat yo‘llaganini ma’lum qilgan. Bu esa Yulduz Usmonovaning 11 may kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi belgilangan konsertini ham so‘roq ostida qoldirishi mumkin.
Yulduz Usmonova 5 may kuni Instagram-sahifasida bergan izohida Nyu Yorkdagi konsert uchun barcha chiptalar sotib bo‘linganini aytib, buning uchun muxlislariga minnatdorlik bildirdi. U Falastinni qo‘llab, Isroilni tanqid qilganlari haqida gapirarkan, o‘z qarashlarida sobit ekanini ta’kidladi.
“Yahudiylar to‘planib, siyosatchilar ham aralashgan bo‘lsa, bu ham bizga plyus, obro‘ keltirishyapti. Qarshi bo‘laverishsin... Lekin agar siz yahudiy sionistlar meni uzr so‘raydi deb o‘ylasangiz, qattiq yanglishasiz. Men o‘zimning [qadriyatlarimga] qattiq ishonaman. Birinchidan, men zo‘ravonlikka qarshiman. Ikkinchidan, Falastin ozod bo‘lsin – bu ularning yeri”, – dedi Usmonova.
U “AQSh – Isroil emas, AQSh sionistlarniki emas” deya, bundan buyon ham “insoniyat uchun kuylashda davom etishi”ni bildirdi. “Adolat, inshaalloh, albatta tantana qiladi”, dedi xonanda.
Yulduz Usmonova Isroilning Falastinga nisbatan harakatlarini faol tanqid qilib keladi. U 2023 yil oktyabrida Isroil mahsulotlariga boykot e’lon qilgan.
Mavzuga oid
17:31 / 03.05.2026
“AQSh-Eron: Tramp imkoniyat oynasini ochiq qoldiryapti” - siyosatshunos
18:02 / 01.05.2026
Infantino jonli efirda Isroil va Falastinni yarashtirishga urindi
09:38 / 30.04.2026
G‘azo ssenariysi: Isroil Livan janubini tekislab tashlamoqda
20:54 / 28.04.2026