Jahon | 09:26 / 05.05.2026
4708
2 daqiqa o‘qiladi

Vashingtondagi Oq uy yaqinida otishma sodir bo‘ldi, yarador bor

Otishma AQSh prezidenti Donald Tramp kichik biznes sammitida nutq so‘zlayotgan paytda sodir bo‘ldi.

Foto: REUTERS

4 may kuni Vashingtondagi Oq uy yaqinida otishma sodir bo‘ldi, deb xabar berdi AQSh Maxfiy xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida.

E’tiborlisi, otishma AQSh prezidenti Donald Tramp kichik biznes sammitida nutq so‘zlayotgan paytda yuz bergan.

«AQSh Maxfiy xizmati xodimlari Vashingtondagi 15-ko‘cha va Independens-avenyu chorrahasida politsiyachilar ishtirokidagi otishma bilan bog‘liq voqea joyida. Bir kishi huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘qotar quroldan jarohatlandi, uning ahvoli hozircha noma’lum», deyiladi xabarda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy qisqa muddatga karantinga yopilgan. Keyinroq Maxfiy xizmat voqea «qurollangan shaxs va Maxfiy xizmat politsiyasi o‘rtasidagi to‘qnashuv natijasida sodir bo‘lganini» ma’lum qildi.

Kolumbiya okrugi politsiya boshqarmasi politsiya voqea joyida ekanligini ma’lum qildi.

«Voqea joyi o‘rab olindi. Bu hududdan uzoqroq yuring, chunki yo‘llar bir necha soat davomida yopiladi», deyiladi politsiya bayonotida.

Nashrning ta’kidlashicha, o‘tgan oy oxirida Oq uy muxbirlari uyushmasining kechki ovqatida sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng, huquq-tartibot idoralari AQSh poytaxtida yuqori tayyorgarlik holatida bo‘lgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid