O‘zbekiston | 07:38
2054
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Germaniyaga 3 ming yevrolik ishlarga taklif qilindi

Nomzodlar lokomotiv mashinisti, xomashyo yuklash operatori va ombor logistika xodimi lavozimlariga ishga qabul qilinadi.

Foto: REUTERS

Migratsiya agentligi Germaniyada ishlash istagidagi o‘zbekistonliklar uchun transport va logistika yo‘nalishida yangi bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan korxonalarda o‘zbekistonliklar uchun 50 ta ish o‘rni taklif etilgan. Nomzodlar lokomotiv mashinisti, xomashyo yuklash operatori va ombor logistika xodimi lavozimlariga ishga qabul qilinadi.

Ish beruvchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi uzoq muddatli bo‘lib, oylik ish haqi 2 mingdan 3 ming yevrogacha etib belgilangan. Ish beruvchi tomonidan turar joy ta’minlanadi, oziq-ovqat xarajatlari esa ishchi gardanida.

Nomzodlar soha bo‘yicha o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, ish tajribasi hamda nemis tilini bilishi kerak. Til darajasi ish o‘rniga qarab A2 dan B2 gacha bo‘lishi kerak, nomzodlar yoshi esa 20 dan 45 yoshgacha etib belgilangan.

Jo‘nab ketish muddati 9 oydan 12 oygacha davom etishi mumkin. Viza, aviachipta va diplomni tan oldirish bilan bog‘liq xarajatlar nomzod hisobidan amalga oshiriladi, biroq ish boshlangach viza va aviachipta xarajatlarining bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab beriladi.

Agentlikka ko‘ra, ishga joylashtirish Talantum Group xususiy bandlik agentligi orqali amalga oshiriladi. Qayd etilishicha, mehnat shartnomasi bevosita ish beruvchi bilan tuziladi va xususiy bandlik agentligi ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid