O‘zbekiston | 21:36 / 07.05.2026
2960
7 daqiqa o‘qiladi

“Hamma bo‘ynigacha qarz” – “Bunyodkor”da yuzlab ishchilar ofsaydga tushib qoldi

O‘zbekistonning faxri deya ko‘z-ko‘z qilingan “Bunyodkor” stadioni ishchilari og‘ir vaziyatga tushib qolishdi. Ularga dekabr oyidan beri oylik berilmayapti. Bu vaqt ichida kimdir ijara to‘lovlari, yana kimlardir kundalik yashash xarajatlari sabab katta miqdorda qarzga botib qolgan. Yuzlab xodimlarning oyligini kim va qachon to‘lab beradi?

Yirik sport musobaqalari markaziga aylanishi kerak bo‘lgan “Bunyodkor” og‘ir iqtisodiy muammo girdobiga tushib qoldi. Nega tizimda ishlaydigan farrosh, santexnik, qorovul va boshqa texnik xodimlarning oyligiga kelganda pul tugab qolyapti. Kun.uzʼga “Bunyodkor stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MChJning bir guruh ishchilari murojaat qilishdi.

Xususan, stadion qo‘riqlash xizmati xodimi Aziz Mansurovning ta’kidlashicha, dekabr oyidan beri unga bir marta 1 mln so‘m, ikki marta 500 ming so‘m berilgan, xolos.

“Oylik so‘rasak, yig‘ilsak, kattalar erta bo‘ladi, indin bo‘ladi, deyapti. Bu yerdagi hammaning krediti, bola-chaqasi bor. Misol uchun, mening kreditim bor, uydan televizor va muzlatkichlarimni olib ketishdi. Kimga murojaat qilishimiz kerak, hech kim bilmaydi. Beramiz deyishyapti, hali darak yo‘q. Dekabr oyidan maygacha oladigan bo‘lsak, bir marta 1 mln so‘m, ikki marta 500 ming so‘mdan berdi. Hamma bo‘ynigacha qarz bo‘lib ketdi”, deydi murojaatchi. 

Boshqa bir murojaatchi Dilfuza Mahmudova futbol rahbariyati jahon chempionatiga ketib qolsa, oyliklar yana oylab kechikishi mumkinligidan xavotirlanyapti.

“To‘y qilayotganlar bor, a’zali xonadonlar bor, eri ham, xotini ham shu yerda ishlaydigan yosh bolali oilalar bor. Odamlar qiyin ahvolda qolgan. Shunga bizga yordam berishingizni so‘rab qolamiz. Amerikadagi chempionatga boshliqlarimiz ketib qolishsa, biz nima qilamiz?. Hammaniyam tirikchiligi, tomog‘i bor. Tomoqni yopib qo‘yib bo‘lmaydi, baribir. Gaz bor, suv bor, svet bor, hammaning to‘lovlari bor. Menda bitta, lekin ikkita-uchta bolasini kontraktda o‘qitayotganlar bor”, deydi Dilfuza Mahmudova.

Qo‘riqlash xizmati xodimi Abduvahob Allaberganovga ko‘ra, futbolchilar va akademiya xodimlariga oyliklar berilgan, ammo direksiya xodimlari maoshini ololmayapti.

“Shu yerda turganlarning hammasi oylikka yashaydi, boshqa bir biznesimiz yo‘q. O‘zim oilamda 10 kishi bo‘lib turaman. To‘lovlar bor, boshqalar bor. Oylik olmagan bilan, ishlatgansan, gaz, suv, svetning pulini to‘la deb qo‘ymayapti. Uydan u-bu narsalarni sotib to‘lashga ham to‘g‘ri keldi. Bu yerda yig‘ilishdan maqsad, rahbariyatni yomonlash emas. Kim bermayapti, unisini bilmadik. Futbolchilar olishdi, akademiya oldi. Bu yerda turgan qora ishchilar: santexnik, qorovul, elektriklarniki qolib ketdi. O‘zi 4 mln so‘mga ishlaymiz”, deydi u.

“Bunyodkor” direksiyasi bosh muhandisi Bahodir Rajabov inqirozli vaziyat yuzasidan izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, may oyining oxirigacha oyliklar berilishi kutilyapti. To‘lovlar yangi homiy aniq bo‘lishiga bog‘liq.

“Bizning tashkilotimiz “O‘zbekneftgaz”ning homiyligida bo‘lgan. O‘zingiz bilasiz, yuqoridan homiyliklar to‘xtatildi. Shu sababli oylik-maoshlar cho‘zildi. Xat qog‘ozini qilganmiz, rahbarlar ishlayapti. Yanvardan shu kungacha bo‘lgan pullar, homiy ajratilganidan keyin ishchilarga to‘lanadi. Bizda ishlab chiqarish yo‘q, autsorsing xizmati ko‘rsatamiz. Rahbarlar oyning oxiriga so‘z bergan, homiylik bo‘lishi bilan hamma oyligini oyma oy oladi”, deydi bosh muhandis.

Nega oyliklar berilmayapti? 

Shu paytgacha «Bunyodkor» direksiyasi xodimlarini moliyalashtirish 2018 yildagi prezident qarori asosida “O‘zbekneftgaz” tomonidan amalga oshirilgan. Ammo, joriy yildan boshlab vaziyat birdan o‘zgardi. Gaz qazib olish ko‘rsatkichlarining muttasil kamayib borayotgani va qator tizimli muammolar fonida “O‘zbekneftgaz” 2026 yil 1 yanvardan “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” klublariga pul ajratishni to‘xtatdi. Kompaniya sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlari hamda xarajatlarni maqbullashtirishini e’lon qildi. O‘z navbatida Superliga klublarining har biriga davlat budjetidan 2026 yilda 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda esa 25 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Ya’ni shu paytgacha “O‘zbekneftgaz” qaramog‘ida bo‘lgan “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” klublariga muqobil manbalardan pul berilyapti, ammo «Bunyodkor» direksiyasini moliyalashtirish haligacha noaniq bo‘lib qolyapti. Bu esa yuzlab ishchilarning oyliksiz qolib ketishiga sabab bo‘lyapti. Direksiyaning 100 foiz ulushi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga tegishli.

Bunyodkor stadioni haqida

Bunyodkor – O‘zbekistondagi eng yirik sport kompleksi. Germaniyaning GMP kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan stadion qurilishi 2008 yil boshlangan va keyinroq to‘xtab qoladi. Bunga “Bunyodkor” jamoasining o‘sha paytdagi muassisi, Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan Zeromax shirkatining bankrotlikka uchrashi sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng mazkur yirik obekt qurilishini oxiriga yetkazish davlat nazoratiga o‘tadi. 2010-2012 yillarda qurilishni yakunlash davlat korxonalaridan yig‘ilgan majburiy xayr-ehsonlar hisobidan moliyalashtirilgani aytiladi. Ayrim manbalarda loyiha qiymati qariyb 250 mln dollarni tashkil etgani keltirib o‘tilgan. Stadion dastlab 45 ming odamni sig‘dira oladigan Markaziy Osiyodagi eng katta sport kompleksi bo‘lishi rejalashtirilgandi, keyinchalik o‘rindiqlar soni 34 mingtagacha kamaytiriladi. 

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid