Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil hujumi natijasida Hamas bosh muzokarachisining o‘g‘li halok bo‘ldi
Isroil sulhga qaramay G‘azoga havo hujumi uyushtirib, Hamas bosh muzokarachisi Xalil al-Hayyaning o‘g‘lini o‘ldirdi. Guruh rahbarlari bu vaqtda Isroil bilan tuzilgan sulhni saqlab qolish maqsadida Qohirada muzokaralar o‘tkazayotgandi.
Hamas bosh muzokarachisi Xalil al-Hayya / Foto: AP
Hamas bosh muzokarachisi Xalil al-Hayyaning o‘g‘li Azzam al-Hayya chorshanba oqshomida Isroil hujumiga uchradi. Reuters nashrining Hamas rasmiylariga tayanib yozishicha, Azzam al Hayya payshanbaga o‘tib, olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
G‘azoda yuzlab falastinliklar Hayyaning o‘g‘lini dafn etish marosimiga yig‘ildi va uni so‘nggi yo‘lga kuzatdi. Isroil harbiylari ushbu hujumlarga izoh bermadi.
Guruhning G‘azodagi vakili Hazim Qosimning Reutersʼga aytishicha, Hamas rahbari o‘g‘lining o‘ldirilishi – Isroilning muzokaralar guruhiga ta’sir o‘tkazish va siyosiy yon berishlarga erishish yo‘lidagi muvaffaqiyatsiz urinishidir.
«Biz aytamizki, rahbarlarni va ularning o‘g‘illarini nishonga olish bo‘yicha bu takrorlanadigan siyosat – na Falastin xalqidan, na Hamas rahbariyatidan, na uning muzokaralar delegatsiyasidan siyosiy pozitsiyani tovlamachilik bilan tortib olishga erisha olmaydi», dedi Qosim.
Hayyaning o‘ldirilgan o‘g‘illari
Azzam – Hamas surgundagi rahbarining Isroil hujumlarida halok bo‘lgan to‘rtinchi o‘g‘li bo‘ldi. Yetti farzandning otasi bo‘lgan Hayyaning o‘zi ham Isroil tomonidan amalga oshirilgan bir necha suiqasdlardan omon qolgan.
O‘tgan yili Dohada Hamas rahbariyatiga qaratilgan Isroil zarbasi natijasida Hayyaning yana bir o‘g‘li halok bo‘lgan, uning o‘zi tirik qolgandi. Hayyaning yana ikki o‘g‘li 2008 va 2014 yillarda G‘azoda suiqasdlar natijasida o‘ldirilgan.
O‘g‘lining o‘limi e’lon qilinishidan oldin Al-Jazeera'ga intervyu bergan Hayya Isroilni – Donald Trampning G‘azo bo‘yicha rejasiga putur yetkazishda ayblagandi. Uning fikricha, Isroil Trampning «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi organi nazoratidagi loyiha vositachilariga xalaqit qilmoqda.
«[Isroilning] ushbu hujumlari va qonunbuzarliklar bosqinchi tomon – o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga yoki birinchi bosqich shartlariga amal qilishni xohlamayotganidan dalolat beradi», dedi Hayya.
G‘azoda hujumlar yana keskinlashyapti
7 may kuni G‘azo shahrining g‘arbiy qismidagi politsiya postiga uyushtirilgan Isroil havo hujumi natijasida kamida uch nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, boshqa odamlar, jumladan, bir politsiyachi yaralangan.
Ushbu holatda Isroil harbiylari sektorning shimoliy qismidagi Hamasning qo‘mondonlik markaziga zarba berganini va uning ichida bo‘lgan bir necha jangchi o‘ldirganini bildirdi. IDF’ga ko‘ra, ular Isroil kuchlariga qarshi «hujumlarni tayyorlash va amalga oshirish» bilan shug‘ullangan.
Reuters agentligining xabar berishicha, Isroil so‘nggi oylarda G‘azoda Hamas nazoratidagi politsiya kuchlariga hujumlar kuchaytirgan. Hamas politsiya kuchlaridan sektordagi hududlarni nazorat qilish va o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun foydalanib keladi.
Tinchlik muzokaralarida siljish yo‘q
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning bu zo‘ravonliklari – Hamas Tinchlik kengashining maxsus vakili Nikolay Mladenov bilan Qohirada uchrashayotganda sodir bo‘lgan. Falastindagi boshqa fraksiya rahbarlari ham qatnashgan ushbu uchrashuvlarda Trampning G‘azo rejasini ikkinchi bosqichga o‘tkazish masalasi muhokama qilinayotgandi.
Isroil va Hamas 2025 yil oktabr oyida kelishgan Trampning tinchlik rejasi: Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqib ketishini va Hamas qurollarini topshirishi bilan bir vaqtda qayta tiklash ishlarini boshlashni ko‘zda tutadi.
Biroq, Isroil sulh bitimi kuchga kirganidan keyin ham G‘azoga zarbalar berib, kamida 830 falastinlikni o‘ldirdi, 2 mingdan ortiq inson yaralandi. Xuddi shu davrda Isroil o‘zi to‘rt nafar askarini o‘ldirganini aytmoqda.
Hamasning qurolsizlanish rejasi esa sulhni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralardagi eng bahsli nuqta bo‘lib qolmoqda. Guruh mulozimining Mladenovga aytishicha, Isroil o‘z majburiyatlarini, jumladan hujumlarni butunlay to‘xtatishni bajarmagunicha, Hamas ikkinchi bosqichni amalga oshirish bo‘yicha jiddiy muzokaralarga kirishmaydi.
Mavzuga oid
19:37 / 06.05.2026
Trampning siyosati, G‘azo va migratsiya. Pulitser mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi
12:17 / 05.05.2026
Isroilni qoralagan Yulduz Usmonovaning Nyu Yorkdagi konserti bekor qilindi
17:31 / 03.05.2026
“AQSh-Eron: Tramp imkoniyat oynasini ochiq qoldiryapti” - siyosatshunos
18:02 / 01.05.2026