Jahon | 09:35
3268
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng qudratli 2 kishisi yana uchrashish arafasida. Kutilmalar qanday?

AQSh-Xitoy o‘rtasidagi savdo, Erondagi urush, sun’iy intellekt va Tayvan masalalari kun tartibidan joy olishi kutilmoqda. Ammo natijalar borasidagi kutilmalar kamtarona.

Donald Tramp va Si Jinpingning Janubiy Koreyadagi uchrashuvi – 2025 yil / Foto: New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping kelasi hafta Pekinda uchrashuv o‘tkazadi. Ushbu sammit dunyoning ikki yirik qudrati o‘rtasidagi raqobatning keyingi bosqichini belgilab beradigan o‘ta muhim muzokaralar sifatida ko‘rilmoqda.

14 may kuni boshlanadigan ikki kunlik sammitda Tramp va Si Erondagi urush, savdo, Tayvan va boshqa ziddiyatli masalalarni muhokama qilishi kutilmoqda. Ular so‘nggi bor 2025 yil oktabr oyida Janubiy Koreyada uchrashgandi. O‘shanda AQSh Xitoy tovarlariga yuz foizdan ortiq bojlar kiritgan va Pekin noyob yer elementlarining global ta’minotini bo‘g‘ib qo‘yish bilan tahdid qilgan shiddatli savdo urushini to‘xtatilgandi.

New York Times'ning yozishicha, kelgusi haftadagi tashrif – AQSh-Xitoy o‘rtasidagi beqaror yumshash davri saqlanib qolish-qolmasligini hal qilishi mumkin.

Co‘nggi uchrashuvdan beri ko‘p narsa o‘zgardi

Donald Tramp Xitoyning Yaqin Sharqdagi eng yaqin hamkori bo‘lgan Eron bilan urushga kirishib ketdi. Bu global bozorda energiya inqiroziga olib keldi va AQSh harbiy resurslarini Sharqiy Osiyodan chalg‘itdi. Shuningdek, urush – AQShning o‘q-dorilar zaxirasini kamaytirib yubordi. Bu esa xitoylik tahlilchilarda – Qo‘shma Shtatlarning o‘zini yaqin hamkori hisoblangan Tayvanni himoya qilish imkoniyatiga nisbatan shubha uyg‘otdi.

Si Jinping ham o‘ziga xos qiyinchiliklar: iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi, energiya narxlarining ko‘tarilishiga yuz tutmoqda. Bundan tashqari, Pekin Xitoyning eksportga qaram iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan global retsessiya – iqtisodiy pasayish ehtimoli bilan kurashmoqda.

Muzokaralar kun tartibida nimalar bor?

Tramp va Si eng avvalo savdo masalalarini, jumladan, bir-birining mamlakatlariga ehtimoliy sarmoyalarni muhokama qilishlari kutilmoqda.

Vashington tahlilchilar «Beshta B» (Five B's) deb ataydigan masalalarga urg‘u bermoqda, ular quyidagilar:

  • Xitoy tomoni Boeing samolyotlari;
  • AQSh mol go‘shtini (beaf);
  • AQShning soya loviyalarini (soybeans) sotib olishi;
  • Investitsiya kengashi (Board of investment);
  • Savdo kengashini (Board of trade) tashkil etish kiradi.

Ushbu ikki tuzilma Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasida milliy xavfsizlik borasida xavotir uyg‘otmaydigan iqtisodiy almashinuv yo‘nalishlarini belgilab berishi nazarda tutiladi.

Foto: White House

Xitoyliklar esa «Uchta T» (Three T's) deb atalgan masalalarga urg‘u bermoqda:

  • Tariflar;
  • Texnologiya;
  • Xitoy o‘z hududi deb da’vo qiladigan Tayvan masalasi.

Pekin o‘tgan yilgi savdo sulhini uzaytirishni va ilg‘or yarimo‘tkazgichlarga nisbatan eksport nazoratini yumshatishni talab qilishi ehtimoli bor.

Shuningdek, «Tayvanning Xitoydan ajralib chiqishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini» aytgan Si – ushbu orolga AQShning qo‘llab-quvvatlashini kamaytirishga undashi kutilmoqda. Donald Tramp esa Pekinni eronliklarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga ko‘ndirishga chaqirishi kutilmoqda.

Tomonlar sun’iy intellekt bilan bog‘liq xavf-xatarlarni boshqarish bo‘yicha hamkorlik masalasini muhokama qilishlari kutilmoqda.

Bundan tashqari, Tramp fevral oyida 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan honkonglik faol Jimmi Lay ishini o‘rtaga tashlashini aytgan. Boshqa masalalar qatoriga: Xitoyning yadroviy qurollarini ko‘paytirishi, Janubiy Xitoy dengizidagi xavfsizlik va AQShga fentanil oqimini kamaytirish kabilar kiradi.

Qanday ehtimoliy natijalar kutilmoqda?

Nashrning yozishicha, Tramp «do‘stim» deb ataydigan Si bilan munosabatlari haqida odatda maqtanib keladi. U Qo‘shma Shtatlarda Xitoy sarmoyasi ko‘payishini e’lon qilishga ishtiyoqmand. Xuddi o‘tgan yili boy arab davlatlaridan trillionlab dollarlik va’da olib kelganidek.

Foto: White House

Biroq, ikki tomon yirik iqtisodiy kelishuvga erishishi yoki chuqur kelishmovchiliklarni hal etishi borasida kutilmalar yuqori emas. Sarmoyalar bo‘yicha qator kamtarona kelishuvlar va o‘tgan yilgi vaqtinchalik savdo sulhining uzaytirilishi – eng ehtimoliy natija hisoblanadi.

Ushbu uchrashuv yanada ko‘proq muloqotlar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qilishini aytdi. Amerikalik rasmiylarning ta’kidlashicha, ikki yetakchi bu yil jami to‘rt marta uchrashishi mumkin.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining «China Power» loyihasi direktori Bonni Linning so‘zlariga ko‘ra: «Xitoyning 'ichida' hamon Qo‘shma Shtatlarga nisbatan chuqur shubha hissi mavjud».

Shu bois, ushbu sammit har ikki tomon uchun raqobat davom etayotgan bir paytda boshqa mamlakatga qaramlikni kamaytirish uchun vaqt yutish usuli hamdir.

Nimalar xalaqit berishi mumkin?

Erondagi urush bo‘yicha tortishuvlar muzokaralarga putur yetkazishi mumkin. O‘tgan oy Si Jinping Trampning ismini aytmagan holda, Amerika prezidentining xalqaro huquqni pisand qilmasligini «o‘rmon qonunlariga qaytish» deb tanqid qilgandi.

Shunga qaramay Xitoy Eron rasmiylarini Qo‘shma Shtatlar bilan muzokara o‘tkazishga undayapti, ammo urushni hal qilishga yordam berish uchun ko‘proq ish qilishdan o‘zini tiyib turibdi. Pekin nazdida bu urush – Vashingtonning muammosi.

Foto: AP

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I shu hafta Pekinda o‘zining eronlik hamkasbi Abbos Aroqchi bilan uchrashdi. Xitoy bosh diplomati bo‘g‘ozni ochish uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirdi. Shu bilan birga Xitoy Eronning «yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha qonuniy huquqi»ni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Bugunga kelib Xitoy ham, AQSh ham iqtisodiy urush qurollarini kuchaytirmoqda. Xususan, aprel oyida AQSh G‘aznachiligi Eron neftini sotib olgani uchun Xitoyning neftni qayta ishlash zavodiga sanksiyalar joriy qildi. Xitoy esa o‘z kompaniyalariga ushbu sanksiyalarga rioya qilmaslikni buyurdi. Shuningdek, rasmiy Pekin hukumat organlariga xorijiy kompaniyalar hamda hukumatlarni tergov qilish vakolatini beruvchi qoidalarni ishlab chiqdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid