Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiydan troll-farmon, «muzlagan» front: urushda nima gap?
Moskvadagi parad atrofida mojaro avj olgani esingizda bo‘lsa kerak. Unda aytarli muhim voqea sodir bo‘lmadi, lekin baribir bu mavzuga to‘xtalsak arziydi. Zelenskiy paradga «ruxsat berib» farmon chiqargani, Putin urush tugayotganini aytgani e’tiborga molik voqealar bo‘ldi.
Zelenskiy «ruxsati»
Prezident Zelenskiy 8 may kuni shov-shuvli farmon chiqardi. Unda Moskvada o‘tadigan g‘alaba paradiga «ruxsat berilishi» aytilgan. Buning nomini troll deyishadi. Faoliyatim davomida o‘nlab davlat rahbarlarining turli mazmundagi farmonlarini tarjima qilganman, lekin bunaqa troll-farmonni birinchi o‘qishim. Zelenskiy baribir so‘z ustasi, so‘zdan qanday foydalanishni biladi.
Farmonda aynan shunday deyilgan:
«8 may kuni Amerika tomoni bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ko‘p tilga olingan humanitar maqsaddagi iltimoslarni inobatga olib qaror qilaman:
1. 2026 yil 9 may kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida parad o‘tkazishga ruxsat berilsin. Parad paytida (Kiyev vaqti bilan 10:00 dan boshlab) Qizil maydon hududi Ukraina qurollari qo‘llanish rejasidan chiqarilsin (qarorda Qizil maydon koordinatalari ham keltirilgan).
2. Ushbu farmon imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. 2026 yil, 8 may».
Ya’ni Ukraina prezidenti o‘z farmoni bilan Rossiyaga o‘z poytaxti Moskvada parad o‘tkazishga ruxsat berdi. Esingizda bo‘lsa, avvalroq Zelenskiy Rossiya harbiy bazasi joylashgan Armanistondan turib «Moskvadagi paradda hech nima qilmaslikka kafolat bermasligini» aytgandi. Shundan keyin Moskva Kiyevga turli tahdidlar qila boshladi. Oxiri ishga Amerika tomoni aralashdi-da, Kiyevdan jim turishni so‘radi.
Shunda ham Zelenskiy kuchli yurish qildi deyish mumkin. Axborot makonida har qanday qurolli hujumdan kuchliroq effekt berdi bu troll-farmon. Axir Ukraina Qizil maydongacha dron uchira olishini urush boshidayoq isbotlab bo‘lgan, ukrain droni Kreml tomigacha yetib borib portlagandi.
Putin «urush tugayotganini» aytdi
Rossiya prezidenti Putin parad yakunida rossiyalik jurnalistlar savollariga javob berarkan urush yakunlanib qolganini aytdi, lekin bu nimani anglatishini har doimgidek hech kim tushunmadi. Rossiya prezidenti navbatdagi marta Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyorligi, faqat yuzma-yuz uchrashuv barchasi hal bo‘lgach amalga oshishini aytdi. Barchasi hal bo‘lgach, degani nima ma’no anglatishini ham tabiiyki Kremldan boshqa hech kim bilmaydi.
Keyinroq Kreml so‘zchisi Peskov chiqib Putin Zelenskiy bilan Moskvadan boshqa yerda ham uchrashishi mumkinligini aytdi, lekin yana o‘sha shart bilan, «uchrashuv urush yakunlanishi hal bo‘lgach» o‘tkazilarkan.
Front «muzlagan»
Putin nima istayotganini faqat uning o‘zi biladi, lekin Rossiyaning birlamchi maqsadlari nima ekani ma’lum. Ruslar Ukraina Donbassdan to‘liq chiqib ketsa, o‘t ochishni to‘xtatib, muzokara boshlashga tayyor. Esingizda bo‘lsa, ruslar urush boshidan beri Donbassni ana olamiz, mana olamiz, ozgina qoldi, deb kelishadi, lekin u yerdagi bir nechta shaharga baribir yeta olishmayapti. Xarkiv, Xerson, Zaporijjya, buning ustiga Kiyevni olish haqida gap so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ukrainlar hozir Donbassdan chekinsa, ruslar yana shart qo‘ya boshlashidan xavotirda.
Putin Donetsk va Luhansk yetmaganday Zaporijjya hamda Xersonni ma’muriy chegaralari bilan Rossiya konstitutsiyasiga kiritib bo‘lgan. Ukraina Donbassdan ketsa, Rossiya o‘la qolsa Zaporijjya va Xersondan chiqib ketmaydi. Chunki Putin uchun konstitutsiyaga kiritilgan hududlarni tashlab chiqish kapitulyatsiyaga teng. Tramp boshchilik Amerika hukumati ham Kiyevdan Donbassni topshirishni so‘ramoqda.
Endi front nega qotib qolgani haqida. Oldingi videolarimizda ko‘p aytganimizdek, ukrainlar butun urush qoidalarini o‘zgartirib yuborishdi, urushda inqilob qilishdi. Endi million-million dollarga tank sotib olish kerak emas, chunki o‘sha tanklarni 100 dollarlik dron bilan bir pasda temir-tersakka aylantirish mumkin. Qiruvchi samolyotlar haqida ham shunday deyish mumkin.
Dronlar urushning asosiy quroliga aylanib qoldi. Ikki tomon ham dron yordamida chegaraning bir necha o‘n kilometr hududini o‘lim zonalariga aylantirib oldi. Artilleriya ham, tank ham, odam ham bu hududlarda bemalol harakat qilolmay qoldi. Bunaqa holatda urushda burilish nuqtasi yasash juda qiyin. Balki shu uchun Putin urushni tugatish haqida o‘ylab qolgandir. Lekin Ukraina urushda boy bermagan hududlarini jangsiz tashlab chiqishini kutmasa ham bo‘ladi.
Xullas, ikki tomon ham mo‘jiza kutmoqda. Eng yomoni front muzlagan bo‘lsa ham, har ikki tomondan minglab harbiylar mantiqsiz urush sabab o‘lishda davom etmoqda.
Mavzuga oid
18:34 / 07.05.2026
Bu yil Moskvadagi G‘alaba paradida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qatnashmaydi
20:39 / 27.04.2026
Moskvaga qish qaytdi – fotolar
12:07 / 23.04.2026
MIVD: Moskva NATOni mag‘lub etishni emas, bo‘lishni ko‘zlayapti
20:38 / 31.03.2026