Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangilangan energotariflar va poraxo‘rlarning portreti – mahalliy dayjest
Hukumat qarori bilan 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangilangan tariflar e’lon qilindi. Turizm qishlog‘ida texnogen portlatishlar – Samarqanddagi Oqbo‘yra mahallasida osmondan tosh yog‘ildi. Issiqxonani isitishda mazut, bitum va shina yoqqanlik uchun jarimalar belgilandi. Pedagoglar farzandi uchun kontrakt to‘loviga 30 foizlik chegirma to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Poraxo‘r kim? – Aksilkorrupsiya agentligi korrupsionerning yangi portretini tayyorladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Turizm qishlog‘idagi texnogen portlash - Oqbo‘yrada osmondan tosh yog‘ildi
Samarqand tumanidagi Oqbo‘yra turizm qishlog‘ida 15 aprel kuni sodir bo‘lgan portlashdan keyin aholi o‘zini uyida emas, go‘yo front chizig‘ida yashayotgandek his qilmoqda. Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, portlash oqibatida uylar tomiga toshlar yog‘ilgan, devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgan. Ayrimlar bolalari qo‘rqib ketganini aytsa, yana bir fuqaro kattagina tosh tunuka tomni yorib kirganini ma’lum qildi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bergan izohga ko‘ra, qishloq yaqinidagi «Mironqul-III» konida portlatish ishlari «Agro Technology Group» MChJ hamda «Hisor Tog» MChJ o‘rtasida tuzilgan pudrat shartnomasi asosida amalga oshirilgan.
Vazirlikka ko‘ra, portlatish oqibatida tog‘ jinslari 357 metr masofadagi hududga yetib borgan bo‘lib, bu holat «texnologik reglamentdan chetlanish» sifatida baholangan. Aytilishicha, yetkazilgan moddiy zarar korxona tomonidan qoplangan.
Issiqxonani isitishda mazut, bitum va shina yoqqanlik uchun jarimalar belgilandi
Yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni, shuningdek, chiqindilarni yoqib yuborganlik uchun jarimalar joriy etiladi. Tegishli qonun prezident tomonidan 4 may kuni imzolandi va 5 avgustdan kuchga kiradi.
Endi quyidagilar ma’muriy huquqbuzarlik deb hisoblanadi:
- yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni, shuningdek chiqindilarni belgilanmagan joylarda va qurilmalarda ochiq alanga bilan yoqish;
- issiqxonada, ishlab chiqarish binolarida, yoqish qurilmalarida yonilg‘i sifatida shinalar, bitum, mazut, plyonkalar, sintetik karton, rezinalarni yoqish.
Ushbu qoidabuzarliklar uchun quyidagi jarimalar nazarda tutilgan:
- fuqaro uchun — BHM 15 baravaridan 25 baravarigacha (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha);
- mansabdor shaxs uchun — BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha (10,3 mln so‘mdan 20,6 mln so‘mgacha).
Pedagoglar farzandi uchun kontrakt to‘loviga 30 foizlik chegirma berilishi mumkin
O‘zbekistonda pedagoglarning davlat oliygohlarida kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizini qoplab berish taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, imtiyoz ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan barcha pedagoglarga tatbiq etiladi. Bunda ularning ish staji yoki malaka toifasi hisobga olinmaydi.
Chegirma faqat davlat oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriat talabalari uchun amal qiladi. Xususiy OTM, magistratura, qo‘shma ta’lim dasturlari, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari ushbu imtiyoz doirasiga kiritilmaydi. Shuningdek, super-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar ham mazkur chegirmadan foydalana olmaydi. Imtiyozdan foydalanish uchun har yili onlayn tarzda ariza topshirish talab etiladi.
Poraxo‘r kim? – Aksilkorrupsiya agentligi korrupsionerning yangi portretini tayyorladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kun.uz so‘roviga asosan 2025 yildagi korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili bo‘yicha korrupsionerning kriminologik portretini taqdim etdi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha tipik korrupsioner – avval sudlanmagan, 31-49 yosh oralig‘idagi, oliy ma’lumotli, oilali erkak bo‘lib, u rasmiy daromad manbaiga ega va ko‘p hollarda rahbarlik lavozimlarida ishlaydi.
Agentlikka ko‘ra, 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda har yili o‘rtacha 7 ming kishi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.
1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi oshadi
Hukumat qarori bilan 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.
Elektr energiyasi tariflari quyidagicha belgilandi:
I, II va IV guruh iste’molchilari uchun — 1 kVt soat 1 100 so‘m.
Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlanib qoldi.
Elektr plitali ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarda:
▪️ 200 kVt/soatgacha — 325 so‘m
▪️ 201–500 kVt/soat — 450 so‘m
▪️ 501–1000 kVt/soat — 550 so‘m
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun:
▪️ 200 kVt/soatgacha — 650 so‘m
▪️ 201–500 kVt/soat — 900 so‘m
▪️ 501–1000 kVt/soat — 1 100 so‘m
Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanadi.
Tabiiy gaz tariflari:
▪️ Barcha iste’molchilar uchun — 1 kub metr 2 000 so‘m
▪️ Avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari uchun — 2 750 so‘m
Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar:
▪️ Isitish mavsumida 500 kub metrgacha
▪️ Boshqa mavsumlarda 100 kub metrgacha
— 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.
Mavzuga oid
19:23 / 14.05.2026
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsiya va yangi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest
19:35 / 13.05.2026
Kartadan kartaga pul o‘tkazmalari nazorati va hantavirus bilan bog‘liq vaziyat – mahalliy dayjest
19:44 / 12.05.2026
Byurokratiyadan xoli davlat xizmatlari va narxi oshgan propan – mahalliy dayjest
20:04 / 11.05.2026