Ko‘chmas mulk | 08:44
1240
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ijara bozori uy-joy sotuvidan tezroq o‘smoqda

Toshkent shahrida ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq o‘sishda davom etmoqda. So‘nggi bir yil ichida poytaxtda o‘rtacha ijara narxlari 9,1 foizga oshgan bo‘lsa, uy-joy narxlarining umumiy indeksi 7,6 foizga o‘sgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2026 yil aprel oyi yakunlari bo‘yicha taqdim etgan sharhida qayd etilishicha, aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun 9,2 dollarni tashkil etgan.

Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Ushbu hududlarda bir kvadrat metr uchun ijara qiymati o‘rtacha 11 dollar atrofida shakllangan.

Yillik hisobda ijara narxlarining eng yuqori o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatildi — 18,2 foiz. Shuningdek, Bektemir tumanida o‘sish 16,7 foizni, Yunusobod tumanida esa 14,3 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar ham mo‘’tadil o‘smoqda. Aprel oyida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 1150 dollarga yetgan.

Birlamchi uy-joy segmentida esa o‘sish sur’ati yuqoriroq bo‘lib, yillik hisobda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 8,8 foizga oshgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid