Jahon | 08:49
1064
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina bo‘yicha muzokaralarda Yevropa ishtirok etishi kerak

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi lozimligini bildirdi. Bu haqda u Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta bilan telefon orqali muloqoti davomida aytgan.

Foto: REUTERS

Ukraina prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat 17 may kuni bo‘lib o‘tgan va unda tomonlar muzokaralar istiqbolini batafsil muhokama qilgan.

Zelenskiy so‘nggi vaqtlarda Yevropa davlatlari rahbarlari hamda AQSh vakillari bilan bo‘lgan muloqotlari haqida ma’lumot bergan.

“Biz bir ovozdan Yevropa muzokaralarda ishtirok etishi kerak, degan fikrdamiz. Bu jarayonda Yevropaning kuchli ovozi va ishtiroki bo‘lishi muhim. Shuningdek, Yevropaga kim vakillik qilishi ham belgilanishi lozim”, — dedi Ukraina rahbari.

Suhbat chog‘ida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi masalasi ham muhokama qilingan.

“Ukraina muzokara klasterlarini ochishga tayyor”, — dedi Zelenskiy.

Tomonlar ushbu masala bo‘yicha aloqalar va keyingi ish grafigini ham muhokama qilgan.

Avvalroq, 7 may kuni Britaniyaning The Financial Times nashri Yevropa Ittifoqi yetakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi.

Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta nashrga bergan intervyusida 27 ta YeI a’zosi rahbarlari bilan Rossiya bilan muloqotni qanday tashkil qilish mumkinligi yuzasidan maslahatlashayotganini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, Putin bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyati mavjud, ammo hozircha Rossiyaning jiddiy va samarali muzokaralarga tayyorligiga oid aniq belgilar kuzatilmagan.

Koshta, shuningdek, Yevropa Ittifoqi AQSh olib borayotgan muzokaralarga to‘sqinlik qilmasligini ham qayd etgan.

Shu bilan birga, Berlin va Kiyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoderni Rossiya bilan muzokaralarda YeI vakili sifatida tayinlash taklifiga qarshi chiqqan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid