Sport | 12:06
1310
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya futbol federatsiyasiga o‘rtoqlik o‘yini uchun pul to‘lanmaydi - O‘FA

O‘zbekiston milliy jamoasi 8 iyun kuni Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu bellashuv uchun O‘zbekiston tomoni Niderlandiya futbol federatsiyasiga 300 ming dollar miqdorida mablag‘ to‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘FA ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston milliy jamoasi 8 iyun kuni AQShning Nyu-York shahrida Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu bellashuv uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Niderlandiya milliy jamoasiga 300 ming dollar miqdorida mablag‘ to‘lanishi haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, O‘FAning terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev Niderlandiyaga qarshi yopiq eshiklar ortida o‘tadigan nazorat bahsi uchun 300 ming dollar miqdorida mablag‘ sarflanayotgani haqida yozdi.

Ibragimov Kamerun, Kosta-Rika, Boliviya, Venesuela, Rossiya, AQSh, Meksika, Urugvay va Kanada terma jamoalariga qarshi tashkil etilgan uchrashuvlar uchun hech qanday mablag‘ to‘lanmagani, aksincha, mazkur o‘yinlar orqali 525 ming dollar pul ishlab topilganiga urg‘u berdi.

O‘FA tarqalgan xabar yuzasidan izoh berib, 300 ming dollarlik to‘lov haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

 «O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi. Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvi uchun Niderlandiya futbol federatsiyasiga hech qanday mablag‘ to‘lanmaydi.

Uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq stadion ijarasi, xavfsizlik, translatsiya hamda boshqa tashkiliy xarajatlar esa tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq teng taqsimlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etishda o‘zaro manfaatli hamkorlik va amaldagi xalqaro tartiblar asosida ish olib boradi.

Shu munosabat bilan muxlislar, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillaridan yolg‘on axborotlarga ishonmasliklarini so‘raymiz», — deyiladi O‘FA xabarida.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid