O‘zbekiston | 19:45
1287
5 daqiqa o‘qiladi

O‘qqa tutilgan bulutlar va 5 ming so‘mlik kolbasa – mahalliy dayjest

Namangan viloyatida kuchli do‘l yog‘ishining oldini olish maqsadida bulutlar maxsus snaryadlar yordamida o‘qqa tutildi. Toshkentda 5 ming so‘mlik kolbasa sotuvga chiqdi, SES uning shubhali ekanini ma’lum qildi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda nazorat-kassa cheki orqali avtomashina yutish imkoniyati yaratildi. Metroda yo‘lkira narxi masofadan kelib chiqib belgilanadigan bo‘ldi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Namanganda do‘l yog‘masligi uchun bulutlar o‘qqa tutildi

Namangan viloyatida kuchli do‘l yog‘ishining oldini olish maqsadida bulutlar maxsus snaryadlar yordamida o‘qqa tutildi. Bu orqali do‘l jarayoni zaiflashtirilgan va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetishining oldi olingan.

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida do‘l jarayonli bulutlarga ta’sir ko‘rsatish ishlari o‘tkazilib, jami 57 dona “Alazan-6” snaryadi otilgan va do‘l jarayoni zaiflashtirilgan. “Alazan” seriyasidagi do‘lga qarshi snaryadlar 1960-yillardan boshlab qo‘llanadi.

Qayd etilishicha, konvektiv bulutlarga ta’sir ko‘rsatish ishlari olib borilgandan so‘ng ham, qisqa muddatli do‘l hodisalari kuzatilib turadi.

Toshkentda 5 ming so‘mlik kolbasa sotuvga chiqdi, SES uning shubhali ekanini ma’lum qildi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 5 ming so‘mdan sotilayotgan kolbasa mahsulotlari aks etgan videolar tarqaldi. Unda kolbasalar ochiq sharoitda (sovitkichli do‘konda emas), kelib chiqishi va tarkibi noma’lum holda sotilayotganini ko‘rish mumkin. Go‘sht narxidan kelib chiqilsa, 5 ming so‘mlik «kolbasa» qanday mahsulot ekani haqida savol paydo bo‘ladi.

Sanepidqo‘mitaning ma’lum qilishicha, kolbasa tarkibi noma’lum. Mahsulot sifati tasdiqlanmagan, uning tarkibi, ishlab chiqaruvchisi va yaroqlilik muddati bo‘yicha aniq ma’lumot mavjud emas. Sanitariya talablari bo‘yicha mahsulot qadog‘ida ishlab chiqaruvchi, tarkib, saqlash sharoiti va yaroqlilik muddati kabi ma’lumotlar bo‘lishi shart. Bu ma’lumotlarsiz mahsulotlar iste’molga yaroqsiz hisoblanadi va inson salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Nazorat-kassa cheki orqali avtomashina yutish imkoniyati yaratildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid chekini «Soliq» ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab mazkur hududlardagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xarid uchun berilgan chek asosida yutuqli o‘yin tashkil etiladi. G‘olib avtomobilga ega bo‘ladi.

Xarid chekini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, ilovada har bir chekning tanlovga kiritilgani haqida ma’lumot ham aks ettiriladi.

Metroda yo‘lkira narxi masofadan kelib chiqib belgilanadi

Toshkent metropolitenida yo‘lkira haqini to‘lashning yangicha tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Yo‘lkira haqini to‘lashning yangicha tizimida quyidagi majburiy tamoyillar aks etadi: yo‘lovchi bosib o‘tgan masofasi yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi; muayyan aholi qatlamlariga imtiyozlar beriladi; yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida kunlik, haftalik va oylik abonementlar yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi tizimni 2027 yil 1 yanvardan boshlab amaliyotga tatbiq etish nazarda tutilgan bo‘lib, tegishli takliflar olti oy muddatda «Toshkent metropoliteni» AJ kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid