O‘zbekiston | 18:58 / 02.07.2026
2104
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan bog‘cha va O‘zbekiston - yoshlar mamlakati - mahalliy dayjest

Toshkentda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan bog‘cha faoliyati tugatilishi mumkin. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi pasaymoqda. O‘zbekiston aholisining aksariyati yoshlar ekani tasdiqlandi. Tijorat banki mas’ullari va hokim yordamchilari ishtirokidagi yirik talon-torojlik holati aniqlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentda bolalarga zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan bog‘cha faoliyati tugatilishi mumkin

Toshkentda bolalarga zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan Rayyan Kids Land nodavlat ta’lim tashkilotiga tegishli litsenziya bekor qilinishi kutilmoqda. Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, bog‘cha tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan 6 ta holat bo‘yicha litsenziya talabi va sharti qo‘pol ravishda buzilgan. Xususan, 24 iyun kuni tarbiyachi A.G. tomonidan bolaga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilingan.

Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Rayyan Kids Land nodavlat ta’lim tashkilotiga tegishli litsenziyani bekor qilish yuzasidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritildi.

Ushbu xususiy bog‘chada tarbiyachi tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgandi. Ularning birida tarbiyachi bolaga tazyiq o‘tkazgani, og‘ziga mato tiqqani, yana birining qo‘lini eshik bilan qisgani aks etgan.

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi pasaymoqda

2026 yil I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida so‘z boradi.

Shu davrda Rossiyadan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaydi. Bu, asosan, yil boshidan patent to‘lovlarining oshishi, rubl kursining nisbatan mart oyida qadrsizlanishi hamda mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, umumiy pul o‘tkazmalarida Qozog‘istonning ulushi 1 foiz bandga oshib 4,1 foizni, Yevropa davlatlarining ulushi 1 foiz bandga oshib 3,3 foizni, Janubiy Koreyani ulushi 0,6 foiz bandga oshib 4,1 foizni tashkil etdi. Boshqa davlatlar ulushi esa 2,6 foiz bandga oshib, 16,2 foizga yetdi.

O‘zbekiston aholisining yosh tarkibi ma’lum qilindi

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil etgan.

Mamlakatda 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 4 million 607 ming 149 nafarni tashkil etgan. Bu eng yirik yosh guruhi hisoblanadi. Umuman olganda O‘zbekistonni yoshlar mamlakati deb bemalol aytish mumkin. 5–9 yoshdagilar soni 3 million 859 ming 606 nafar, 10–14 yoshdagilar 3 million 406 ming 515 nafar, 15–19 yoshdagilar esa 3 million 155 ming 802 nafarni tashkil qilgan.

65–69 yoshlilar soni 1 million 174 ming 839 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 70–74 yoshdagilar 669 ming 46 nafar, 75–79 yoshdagilar 342 ming 554 nafar, 80–84 yoshdagilar 130 ming 375 nafarni tashkil etgan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, mamlakatda 85 yosh va undan katta aholi soni 168 ming 973 nafarni tashkil etgan.

Tijorat banki mas’ullari va hokim yordamchilari ishtirokidagi yirik talon-torojlik holati aniqlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tijorat banki mas’ullari, mahalladagi hokim yordamchilari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, 37 nafar fuqaro nomidan 1,4 milliard so‘mni talon-toroj qilgani aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining bank xizmatlari markazi mas’ul shaxslari, 7 ta mahalladagi hokim yordamchilari hamda boshqa shaxslar jinoiy til biriktirgan holda harakat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv davomida ular 37 nafar fuqaro nomiga ajratilgan imtiyozli mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan jami 1,4 milliard so‘mni talon-toroj qilgani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid