Jahon | 09:37
728
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yonilg‘i eksportiga yangi cheklovlar joriy etishi mumkin

Rossiya hukumati dizel yoqilg‘isi va aviakerosin eksportini vaqtincha cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Interfaks” va RBK nashrlari manbalariga tayanib xabar berdi.

Foto: IMAGO

Ma’lum qilinishicha, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak yonilg‘i bozoridagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Unda ichki bozor barqarorligini ta’minlash va sohadagi kompaniyalar hamda davlat idoralari harakatlarini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilingan.

RBK manbasiga ko‘ra, mazkur tashabbus hozirda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bilan kelishilmoqda. Cheklovlar bir yoki ikki oy muddatga joriy qilinishi mumkin.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, neft kompaniyalariga neft mahsulotlari eksport hajmini cheklash tavsiya etilgan. Avvalroq Rossiya 1 apreldan 31 iyulgacha benzin eksportini to‘liq taqiqlagan edi.

Nashrlar ta’kidlashicha, dizel yonilg‘isi eksportiga cheklovlar 2023 yil sentabridan buyon ichki bozorni barqarorlashtirish maqsadida bir necha bor joriy etilgan. Ammo aviakerosin eksportini cheklash masalasi ilk bor ko‘tarilmoqda.

Reuters agentligi esa Ukraina dronlari hujumlari ortidan Rossiyaning markaziy qismidagi deyarli barcha yirik neftni qayta ishlash zavodlari qisman yoki to‘liq ishini to‘xtatganini xabar qildi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar ta’sirida to‘xtab qolgan yoki ishlab chiqarishni qisqartirgan zavodlarning umumiy quvvati yiliga 83 million tonnadan oshadi. Bu Rossiya neftni qayta ishlash quvvatining qariyb chorak qismiga teng.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid