Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bankrotlik yoqasidagi BMT va arosatda qolgan Armaniston – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron yana zarbalar almashdi
AQSh dam olish kunlari Eron janubidagi harbiy obektlarga zarba berdi. Muhofizlar korpusi bunga javoban dushanba kuni Kuvaytdagi AQSh harbiy bazasini nishonga oldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, yakshanba kungi hujumlar «xalqaro suv hududlarida parvoz qilayotgan AQShning MQ-1 dronini urib tushirishni o‘z ichiga olgan Eronning harakatlariga» javoban amalga oshirilgan.
«AQSh qiruvchi samolyotlari mintaqaviy suvlardan o‘tayotgan kemalarga aniq xavf tug‘dirgan Eron havo mudofaasi tizimlari, yerdagi boshqaruv stansiyasi va ikkita kamikadze dronlarni yo‘q qilish orqali tezkorlik bilan javob qaytardi», deyiladi CENTCOM bayonotida.
Keyinroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eronga hujum qilish uchun foydalanilgan AQSh aviabazasini nishonga olganini ma’lum qildi. Biroq aynan qaysi baza ekaniga aniqlik kiritmadi.
Reutersʼning yozishicha, Kuvayt rasmiylari dushanba kuni havo mudofaasi tizimlari raketa va dron hujumlarini qaytarganini xabar qilgan. Bu mamlakatda AQShning yirik harbiy bazasi joylashgan.
AQSh va Eron o‘rtasida aprel oyi boshida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgandi. Shundan beri asosiy bitimga erishishga qaratilgan muzokaralar cho‘zilyapti. Shu bilan birga ular vaqti-vaqti bilan o‘zaro zarbalar almashib turibdi.
Ikki tomon boshqa bir qancha masalalarda, jumladan, Livandagi urush borasida ham kelisha olmayapti. 31 may kuni Binyamin Netanyahu «Hizbulloh»ga qarshi kurashda Isroil qo‘shinlariga Livan ichkarisiga chuqurroq kirib borishni buyurganini ma’lum qildi.
BMT bankrotlik yoqasida
Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSh va Xitoy to‘lovlarni kechiktirayotgani sababli bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.
Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning tashkilot oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshadi. Pekin esa may oyi oxirida 850 million dollarlik to‘lovlariga qaramay, hamon 455 million dollar qarz bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, XXR o‘zini «amalda asosiy moliyaviy homiy» deb atab, tashkilot oldidagi majburiyatlarini bajarishga va’da bermoqda.
AQSh o‘zining kelgusi moliyaviy ko‘magini — BMT xarajatlarini qisqartirish bilan bog‘lamoqda. Vashington talab qilayotgan choralar qatorida ish o‘rinlarini qisqartirish, biznes-klassdagi parvozlar sonini kamaytirish va avtomatik tarjimadan foydalanish bor.
Tashkilotning boshqa yirik donorlari — Buyuk Britaniya va Germaniya ham mablag‘larni tejash maqsadida humanitar dasturlarga kamroq mablag‘ ajrata boshladi.
Shvetsiya va Niderlandiya tomonidan to‘lovlarning kamaytirilishi esa o‘ng qanot kuchlarining hokimiyatga kelishi bilan izohlanmoqda.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2025 yilning oktyabridayoq tashkilot «bankrotlik sari poygada» ekanidan ogohlantirib, birlashmaning «moliyaviy tanazzulga uchrashi juda real istiqbol» ekanini aytgandi.
Prognozlarga ko‘ra, BMT mablag‘lari shu yilning avgust oyi o‘rtalariga kelib tugaydi. Aynan o‘sha paytda Guterrishning vorisini tanlash masalasi yanada dolzarb bo‘lib qoladi. Uni esa 2026 yil oxirigacha tasdiqlash zarur.
Mablag‘larning keskin yetishmovchiligi sharoitida BMT keng ko‘lamli xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Xususan, tashkilot ba’zi ofislarini yopdi va kotibiyatdagi rekord darajada — uch mingta lavozimni qisqartirdi.
Boshqa choralar qatoriga Afrikadagi mojaro zonalaridan qo‘shinlarni olib chiqishni tezlashtirish va tinchlikparvarlik operatsiyalariga sarflanadigan xarajatlarni keskin kamaytirish ham kiradi.
Armaniston qiyin tanlov o‘rtasida
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Armanistondagi parlament saylovlari arafasida ularni «Ukrainada sodir bo‘lgan voqealarni takrorlamaslik uchun juda ehtiyot bo‘lishga» chaqirdi. Lukashenkoning Ostonada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitidagi ushbu so‘zlari 31 may kuni e’lon qilindi.
«Ukrainada ham hammasi aynan shunday boshlangan edi», deya Lukashenko Vladimir Putinning tezisini takrorladi. Putin Ostonadagi matbuot anjumanida Ukrainadagi inqiroz o‘z vaqtida «Kiyevning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga urinishlaridan boshlanganini, hozirda esa Yerevan ham aynan shunga intilayotgani»ni ta’kidlagandi.
Belarus rahbari Armaniston fuqarolariga Yevroittifoq bilan yaqinlashishdan oldin «juda jiddiy o‘ylab ko‘rishni» taklif qildi: «Men ularni chaqirayotgan yagona narsa shu. Xalq o‘z fikrini bildirsa, biz bunga rozi bo‘lamiz», dedi u.
Avvalroq Putin boshchiligidagi sammit qatnashchilari qo‘shma bayonotda Armanistondan — Yevroittifoqqa kirish yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolikni saqlab qolishni tanlash bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qilgandi. Vladimir Putin shuningdek, agar Yerevan ular bilan munosabatlarni uzadigan bo‘lsa, mamlakatga iqtisodiy oqibatlar bilan tahdid qildi.
Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan qachonki bu masala ko‘ndalang qo‘yiladigan darajaga yetsa, o‘shanda aniqlik kiritilishini aytdi.
Myanmada portlash: o‘nlab insonlar halok bo‘ldi
Yakshanba kuni Myanmadagi konchilik uchun mo‘ljallangan portlovchi moddalar saqlanadigan binoda portlash yuz berdi. Qutqaruvchilarga ko‘ra, kamida 46 kishi halok bo‘lgan, yana 70 ga yaqin odam jarohatlangan. Qurbonlar soni bo‘yicha raqamlar turlicha: AFP manbalariga ko‘ra qurbonlar soni 59 kishigacha yetadi.
Portlash Xitoy chegarasidan taxminan uch kilometr janubdagi Kaungtup qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ushbu hudud Myanma markaziy hukumatiga qarshi etnik isyonchi guruh — Taang milliy ozodlik armiyasi nazorati ostida hisoblanadi.
Guruh konchilik va tosh karerlarida foydalanish uchun jyelignit portlovchi moddasi saqlaganini tasdiqladi. Hozirda hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Portlash oqibatida atrofda joylashgan o‘nlab turar joy binolariga jiddiy zarar yetgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirishni davom ettirmoqda. Mahalliy kasalxona jarohatlanganlarni davolash uchun qon zaxiralari keskin yetishmayotganini ma’lum qildi.
Ukrainaning dron hujumlari ortmoqda
Ukraina armiyasining Maxsus operatsiya kuchlari Kirovdagi «Surgut-Polotsk» neft quvurining eng muhim bo‘g‘ini — «Lazarevo» dispetcherlik stansiyasiga dronlar bilan zarba berdi.
Ushbu quvur orqali Sibir va Rossiya shimolidan keladigan neft – Belarusga hamda Boltiq bo‘yidagi portlarga eksport qilish uchun tashiladi. Stansiya, shuningdek, «Drujba» magistral neft quvuri tizimiga ham ulangan.
«Lazarevo» stansiyasi Ukraina chegaralaridan 1100 kilometr masofada joylashgan. Kirov viloyati gubernatori Aleksandr Tsokolov 31 mayga o‘tar kechasi dronlar hujum qilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, hujum tufayli obektda yong‘in boshlangan.
Bundan tashqari, 31 mayga o‘tar kechasi Ukraina kuchlari Saratov neftni qayta ishlash zavodiga ham zarba berdi. Zavodda yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Korxonaning loyihaviy quvvati yiliga qariyb 7 million tonna neftni tashkil etadi.
Kiyevdagilar, shuningdek, Rossiyaning quyidagi obektlari ham o‘qqa tutilganini qo‘shimcha qildi:
- Kursk viloyatining Begoshche qishlog‘idagi qo‘mondonlik-kuzatuv punkti;
- Donetsk viloyatining Grafovka hududlarida dronlarni boshqarish punktlari;
- Donetsk shahridagi dron ishlab chiqaruvchi sex.
Bundan tashqari, 30 may kuni Qrim dengiz neft terminali hududida uchta rezervuarga hamda Donetskda joylashgan gaz omboriga shikast yetkazilgan.
May oyida Ukraina dronlari Rossiya hududidagi 18 tadan ortiq neft va gaz infratuzilmasi obektlariga zarba berdi. Ushbu obektlarning yarmidan ko‘pi bir oy davomida butunlay to‘xtatildi yoki o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Mavzuga oid
15:54 / 26.05.2026
Eronga zarba bergan AQSh va migrantlar uchun bojlarni oshirayotgan Rossiya – kun dayjesti
14:46 / 25.05.2026
«Oreshnik»ni ishga solgan Rossiya va Oyga intilayotgan Xitoy – kun dayjesti
16:42 / 23.05.2026
AQShga «xavf tug‘dirayotgan» Kuba va Meksika–Yevroittifoq erkin savdo bitimi – kun dayjesti
15:01 / 22.05.2026