O‘zbekiston | 20:47
1499
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda transformator yonib ketdi

Toshkentning Olmazor tumanidagi «Vistavochnaya» podstansiyasida transformator yonib ketdi. Yong‘in tezda o‘chirilgan, ammo avariya oqibatida 6,2 ming xonadon, 807 ta yuridik iste’molchi va 18 ta ijtimoiy obektning elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi.

Foto: Videodan kadr

1 iyun kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi podstansiyada transformator yonib ketdi.

Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, soat 18:57 da tumandagi Kichik halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan podstansiya ichida transformator yonayotgani haqida xabar kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 19:01 da yetib borgan. Yong‘in soat 19:12 da qurshab olinib, soat 19:17 da to‘liq o‘chirilgan.

Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q.

Shu bilan birga, Olmazor tumani hokimligi «Vistavochnaya» podstansiyasida yuzaga kelgan avariya sababli ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Xususan, «Quyosh», «Orzu», «Universitet», «Ziyo», «Zamondosh», «Alon», «Chustiy», «Chig‘atoy Darvoza» va «Ziyokor» mahallalarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, avariya oqibatida 6 ming 200 ta xonadon, 807 ta yuridik iste’molchi, 18 ta ijtimoiy soha obekti hamda talabalar turar joylari elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan.

Ayni paytda maxsus brigadalar tomonidan avariya oqibatlarini bartaraf etish va elektr ta’minotini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid