Jahon | 08:04 / 06.06.2026
4762
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy yo‘ldoshlar Xitoyning noodatiy suvosti kemasini aniqladi

Shanhaydagi Jiangnan Shipyard verfida olingan yangi sun’iy yo‘ldosh suratlarida Xitoyning ilgari ma’lum bo‘lmagan yirik suvosti kemasi aniqlandi. Mutaxassislar uni so‘nggi yillardagi eng g‘ayrioddiy harbiy-dengiz loyihalaridan biri deb baholamoqda.

Foto: Vantor

1 iyun kuni olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida kuzatilgan suvosti kemasining asosiy o‘ziga xos jihati — unda zamonaviy submarinalar uchun an’anaviy hisoblangan rubka (ustki boshqaruv qismi)ning mavjud emasligidir.

Tahlilchilarning fikricha, bunday yechim Xitoyning yuqori tezlikka ega, kam shovqinli va aniqlash qiyin bo‘lgan yangi avlod suvosti platformasini yaratishga urinayotganidan darak berishi mumkin.

Dastlabki baholashlarga ko‘ra, suvosti kemasining uzunligi taxminan 120 metr, kengligi esa 10–11 metr atrofida. Bu ko‘rsatkichlar uni aksariyat zamonaviy dizel-elektr suvosti kemalaridan, hatto ba’zi atom suvosti kemalaridan ham yirikroq qiladi.

Taqqoslash uchun, Xitoyning Type 093 loyihasidagi atom suvosti kemalari uzunligi 108–110 metrni tashkil etadi, AQShning Virginia sinfidagi atom submarinalari esa taxminan 115 metrga teng.

Yangi kemaning aniq vazifasi hozircha ma’lum emas. Biroq uning o‘lchamlari bu tajriba namunasi emas, balki yirik jangovar platforma bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarni eng ko‘p qiziqtirayotgan jihat — an’anaviy rubkaning yo‘qligi. Oddiy suvosti kemalarida mazkur qism periskoplar, radar va razvedka machtalari, aloqa antennalari, havo olish tizimlari hamda suv yuzasida harakatlanish paytida kuzatuv uchun xizmat qiladi.

Bunday konstruksiyadan voz kechish korpusning gidrodinamik xususiyatlarini yaxshilashi mumkin. Ekspertlar fikricha, bu suvosti tezligini oshirish, manyovrchanlikni yaxshilash, shovqin darajasini kamaytirish va dushman tomonidan aniqlanish ehtimolini pasaytirish imkonini beradi.

Hozircha Xitoy rasmiylari mazkur loyiha yuzasidan hech qanday ma’lumot bermagan.

Shunga qaramay, tahlilchilar uning ehtimoliy vazifalari sifatida yangi avlod atom zarba beruvchi suvosti kemasi, dronlar tashuvchisi, istiqbolli texnologiyalarni sinash platformasi yoki dengiz tubida maxsus operatsiyalar uchun mo‘ljallangan submarinani ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar fikricha, agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, u so‘nggi o‘n yilliklarda suvosti kemalari konstruksiyasidagi eng katta o‘zgarishlardan biriga aylanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid