Jahon | 20:05
2938
8 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rinmas front: Isroil va Eronning kiber urushi

XXI asr urushlarida jang maydoni faqat quruqlik, havo va dengiz sathlaridan iborat emas: urushlar endi kibermakonga ham ko‘chdi. Isroil va Eron o‘rtasidagi raqamli tirashuv – buning yorqin namunasi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi maxsus sonida shu haqda hikoya qilinadi.

Ko‘rsatuvda Stuxnet virusi orqali Eronning Natanzdagi uranni boyitish infratuzilmasiga zarar yetkazilgani, bundan xulosa chiqargan Eron ham katta kiber derjavaga aylanish yo‘liga o‘tgani haqida so‘z boradi.

Suhbatdoshlarimiz – kiberxavfsizlik sohasi mutaxassisi Saud Abdulvohid va Isroil tarixi bo‘yicha tadqiqotchi To‘ychiboy Taylaqulov.

Saud Abdulvohid:

Stuxnet tarmoqqa ulanmagan tizimga qarshi qo‘llangan va tarixda fizik infratuzilmaga real zarar yetkaza olgan ilk kompyuter virusi sifatida e’tirof etiladi. Virus Natanzdagi uran boyitish sentrifugalarining ishlash rejimini yashirin ravishda o‘zgartirib, ularni me’yoridan ortiq tezlashtirish va keskin sekinlashtirish orqali mexanik shikastlanishga olib kelgan. Natijada rotorlar va boshqa muhim qismlar izdan chiqa boshlagan.

Biroq Stuxnet'ning ahamiyati faqat fizik zarar yetkazganida emas. Mutaxassislar uni kiberoperatsiyalar tarixidagi eng murakkab va puxta rejalashtirilgan hujumlardan biri deb hisoblaydi. Chunki bunday virusni yaratish uchun hujumchilarga sentrifugalarning texnik xususiyatlari, boshqaruv tizimlari, aylanish tezligi va ishlash algoritmlari haqida juda chuqur bilim kerak edi.

Shu sababli operatsiya ortida turgan mutaxassislar avval Eron foydalanayotgan sentrifugalar va sanoat boshqaruv tizimlarining o‘xshash namunalarini o‘rganib, hujumni real sharoitga yaqin muhitda sinovdan o‘tkazgan, degan qarashlar mavjud. Bu ularga virusning qaysi buyruqlarni berishi, qaysi parametrlarni o‘zgartirishi va qanday natija yuzaga kelishini oldindan hisoblash imkonini bergan.

Stuxnet hujumining eng qiziqarli jihatlaridan biri – kuzatuv tizimlarini aldash mexanizmi edi. Ya’ni operatorlar ekranda sentrifugalar normal ishlayotgandek ko‘rinayotgan ma’lumotlarni kuzatgan, amalda esa qurilmalar zarar ko‘rayotgan edi. Mutaxassislar real vaqt ma’lumotlari o‘rniga avval yozib olingan normal ko‘rsatkichlarni ko‘rishgan. Shu sababli muammo uzoq vaqt davomida aniqlanmagan.

Hujumning ikkinchi bosqichida esa sentrifugalarning aylanish tezligi keskin o‘zgartirilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, virus chastotani taxminan 1000 Hz dan 1400 Hz gacha oshirib, keyin juda past darajaga tushirgan. Bunday o‘zgarishlar yuqori tezlikda ishlaydigan mexanik tizimlarda kuchli vibratsiya va deformatsiyalarga sabab bo‘lib, uskunalarning ishdan chiqishiga olib keladi.

Eng keng tarqalgan taxminlarga ko‘ra, Stuxnet Natanz majmuasiga USB-xotira yoki boshqa ko‘chma qurilma orqali olib kirilgan. Bunday holatda virus bir kompyuterdan boshqasiga o‘tib, asta-sekin maqsadli boshqaruv tizimigacha yetib borgan bo‘lishi mumkin.

Ayrim manbalarda bu jarayonda xorijiy mutaxassislar yoki o‘zi bilmagan holda vositachiga aylangan shaxslar ishtirok etgani haqida ham taxminlar uchraydi, biroq bu masalada yakdil xulosa mavjud emas. Natija shu bo‘ldiki, mingga yaqin sentrifuga ishdan chiqdi va Eronning uran boyitish dasturi bir necha yilga ortga surildi.

Bu operatsiyaning muvaffaqiyati ortida ulkan tayyorgarlik ishlari yotardi. Virus mualliflari sentrifugalar konstruksiyasi, rotorlar joylashuvi, elektr ta’minoti va boshqaruv tizimlarining ishlash tamoyillarini chuqur o‘rganishga majbur bo‘lgan. Kiberxavfsizlik sohasida bunday yondashuv teskari injiniring deb ataladi. Ya’ni tayyor texnologiya o‘rganiladi va ichki ishlash mexanizmi bosqichma-bosqich tahlil qilinadi.

Ko‘plab ekspertlarning fikricha, hakerlar Eron foydalanayotgan uskunalarning o‘xshash namunalarini qo‘lga kiritib, ularda turli ssenariylarni sinab ko‘rgan. Shu tariqa, virus haqiqiy obektga yetib borganda qanday natija berishi oldindan tekshirilgan. Shundan keyin eng muhim vazifa virusni maqsadli tizim ichiga kiritish bo‘lib qolgan.

Stuxnet bilan bog‘liq yana bir qiziqarli jihat – uning sinovlari qayerda o‘tkazilgani haqidagi bahslardir. Ayrim manbalarda sinovlar AQShda o‘tkazilgani aytilsa, boshqalar Isroildagi Dimona tadqiqotlar markazida aynan Eron foydalanayotgan uskunalarga o‘xshash tizimlar qurilganini ta’kidlaydi. Har ikki holatda ham operatsiya ulkan moliyaviy, texnik va logistika resurslarini talab qilgani shubhasiz.

Ko‘pchilik tadqiqotchilar operatsiya “Operation Olympic games” nomli loyiha doirasida amalga oshirilganini qayd etadi. Bu loyiha Jorj Bush ma’muriyati davrida boshlangan va keyinchalik Barak Obama davrida davom ettirilgan. Operatsiyaning asosiy maqsadi – Eronning yadroviy dasturini sekinlashtirish va yadro quroli yaratish ehtimolini imkon qadar kechiktirish edi.

Bundan tashqari, Eron infratuzilmasiga qarshi kiberhujumlar faqat yadroviy obektlar bilan cheklanmagan. Turli davrlarda temiryo‘l tizimlari, davlat idoralari va boshqa muhim infratuzilmalarga qarshi ham kiberoperatsiyalar amalga oshirilgan. Ayrim hujumlarda tizimlar ishdan chiqarilgan bo‘lsa, boshqalarida axborot urushi elementi ustun bo‘lgan.

Masalan, 2021 yil iyul oyida Eron temiryo‘l tizimiga qilingan kiberhujum paytida vokzallardagi elektron tablolar buzib kirilib, Eron Oliy rahbari Ali Xominaiy adminstratsiyasiga bog‘liq aloqa raqami ko‘rsatilgan. Bu esa zamonaviy kiberurushning maqsadi faqat texnik zarar yetkazish emas, balki psixologik ta’sir o‘tkazish ham ekanini ko‘rsatadi.

To‘ychiboy Tayloqov:

Ko‘plab siyosatshunos va tarixchilar 2010 yilda yuz bergan ushbu kiberhujumni 1945 yil bilan qiyoslaydi. Chunki 1945 yil avgustida AQSh tomonidan Xirosimaga atom bombasi tashlangach, urushlar tarixida mutlaqo yangi davr boshlandi. Endi davlatlar jang maydonida misli ko‘rilmagan vayronkor qurol – yadroviy quroldan foydalanish imkoniyatiga ega edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Sovet Ittifoqi ham yadro qurolini yaratdi va dunyo yadro poygasi davriga kirdi. 2010 yilda sodir bo‘lgan Stuxnet hodisasi ham urushlar evolyutsiyasidagi shunday burilish nuqtalaridan biri sifatida baholanadi.

Ungacha harbiy qarama-qarshiliklar to‘rt jabhada – quruqlikda, dengizda, havoda va kosmosda olib borilar edi. Stuxnet esa urushning yangi maydonini namoyon qildi: kibermakonni.

Shu tariqa, tarixda ilk bor kompyuter kodi fizik infratuzilmaga zarar yetkazib, strategik obekt faoliyatini izdan chiqardi. Bu esa kibermakonni zamonaviy urushlarning beshinchi teatri sifatida shakllantirib, davlatlar o‘rtasidagi raqobat va qarama-qarshilikning yangi bosqichini boshlab berdi.

***

Ko‘rsatuvni to‘liq video orqali ko‘rishingiz mumkin. Unda Unit 8200 fenomeni, Eronning AQSh va Saudiya Arabistoniga qarshi kiber operatsiyalari hamda razvedka va kiberurushlarda sun’iy intellektning tobora ortib borayotgan roli haqida ham so‘z boradi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid