Texnologiya | 11:30
692
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Siri: Apple sun’iy intellekt poygasiga jiddiy qo‘shildi

Apple WWDC 2026 konferensiyasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yangilangan Siri AI virtual yordamchisini taqdim qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, yangi avlod Siri avvalgisiga nisbatan ancha aqlli, shaxsiylashtirilgan va keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Foto: Apple

Apple kompaniyasi har yili o‘tkaziladigan Worldwide Developers Conference (WWDC) tadbirida Apple Intelligence platformasining yangi avlodini va Siri AI deb nomlangan yangilangan virtual yordamchini namoyish etdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Siri AI iPhone, iPad, Mac, Apple Watch va Apple Vision Pro qurilmalariga chuqur integratsiya qilinadi. Yangi tizim foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari, xatlari, elektron pochtasi, fotosuratlari va boshqa kontentlarini tahlil qilib, kontekstga mos javoblar berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Siri AI ekranda ko‘rinayotgan ma’lumotlarni tushunish, turli dasturlar o‘rtasida vazifalarni bajarish va internetdan dolzarb ma’lumotlarni topib berish imkoniyatlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Apple vakillarining ta’kidlashicha, yangi arxitektura foydalanuvchilar maxfiyligini saqlashga qaratilgan bo‘lib, sun’iy intellekt hisob-kitoblarining katta qismi qurilmaning o‘zida amalga oshiriladi.

Yangilangan Siri alohida ilovaga ham ega bo‘ladi. U chatbot uslubida muloqot qilish, suhbat tarixini sinxronlashtirish va turli Apple qurilmalari o‘rtasida uzluksiz ishlash imkoniyatini taqdim etadi.

Ekspertlar fikricha, Siri AI Appleʼning sun’iy intellekt sohasidagi eng muhim yangilanishlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya ushbu mahsulot orqali ChatGPT, Gemini va boshqa zamonaviy AI yordamchilariga raqobatchi bo‘lishni maqsad qilmoqda.

Apple ma’lum qilishicha, Siri AI dastlab ingliz tilida ishlaydi va joriy yil oxirida beta-sinov bosqichida foydalanuvchilarga taqdim etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid