Jamiyat | 09:00
1335
2 daqiqa o‘qiladi

Zangiotada yirik kumush savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 10 kilogrammdan ortiq kumushni noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Tadbir chog‘ida milliardlab so‘mlik qimmatbaho metalllar ham aniqlandi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qimmatbaho metalllarning noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs 13 dona quyma bo‘laklardan iborat bo‘lgan, jami 10 kilogramm 35 gramm kumushni maxsus xaridorga 20,8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur kumushning umumiy qiymati 235 million 229 ming so‘mni tashkil etadi.

Tergovga qadar tekshiruvlar davomida gumonlanuvchi zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi ekani aniqlangan. Shuningdek, ushbu korxonada oltin va kumush mahsulotlariga qayta ishlov berilgani, biroq affinaj faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega emasligi ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur manzildan umumiy qiymati 3 milliard 483 million so‘mlik 58 kilogramm kumush hamda 2,2 kilogramm oltin borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid