Sport | 20:23
3532
16 daqiqa o‘qiladi

D guruhi tanishtiruvi. Mezbon AQSh kimlar bilan o‘ynaydi? 

Guruhda yaqqol autsayder yo‘q.

Mezbon jamoa ishtirokidagi guruhlar doim diqqat markazida bo‘ladi. Bunday jamoalar o‘z muxlislari qarshisida ikki karra ishtiyoq bilan harakat qilishadi, bu safargi mundialda esa ilk bor mezbon jamoalar soni uchtani tashkil etadi. Shunday mezbonlardan biri bo‘lgan amerikaliklar D guruhidan o‘rin olishgan. AQSh vakillari guruhdan chiqish uchun Paragvay, Avstraliya va Turkiya kabi jamoalarga qarshi maydonga tushadi.

D guruhi taqvimi

1-tur

13 iyun, soat 06:00 (Toshkent vaqti)
AQSh – Paragvay

14 iyun, soat 09:00
Avstraliya – Turkiya

2-tur

20 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00
AQSh – Avstraliya

20 iyun, soat 06:00
Turkiya – Paragvay

3-tur

26 iyun, soat 07:00
Turkiya – AQSh

26 iyun, soat 07:00
Paragvay – Avstraliya

AQSh

Murabbiy

Maurisio Pochettino klublar futbolidagi faoliyati tufayli obro‘ qozongan va doimo katta klublar nigohidagi mutaxassis hisoblangan. «Tottenhem»da o‘ziga xos uslubga ega jamoa qurib, Chempionlar ligasi finaliga chiqqan, uning rezyumesida «PSJ» va «Chelsi» kabi boshqa nomdor klublar ham bor.

2024 yilda AQSh Pochettinoni milliy jamoa boshqaruviga olib kelish uchun olti million yevrolik yillik maosh tayinlashdan ikkilanmadi – u hozirda 2026 yilgi jahon chempionatida ishlovchi murabbiylar orasida eng yuqori maoshga ega bo‘lgan uchinchi mutaxassisdir. Maurisioning o‘zi ham faoliyatida yangilik qilishni istagandi va Qo‘shma Shtatlardan kelgan taklifga ikkilanmay rozilik bildirgandi.

Yulduzlar

Amerikaning hozirgi tarkibida eng mashhur futbolchi Kristian Pulishich hisoblanadi. Yoshligidanoq mahalliy futbol kelajagi sifatida qaralgan ushbu vinger ishonchni oqladi va Yevropaning top-darajadagi klublari safida o‘ynadi. U AQShdagi muxlislar qattiq ardoqlashadi va mamlakatda to‘rt marta yil futbolchisi deb topishgan – bunday rekord ko‘rsatkich bilan faqat Amerika futboli afsonasi Lendon Donovan maqtana oladi.

Hozirda 27 yoshda bo‘lgan Pulishich mamlakat milliy jamoasidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida kuchli to‘rtlikka kirish arafasida (hozirda 32 golga ega), u shuningdek, ushbu mundialda terma jamoada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan 20 futbolchi qatoriga kirishi kutilmoqda (hozirgacha 84 o‘yinda maydonga tushgan). Uydagi chempionat Pulishich uchun mamlakatning barcha davrlardagi eng yaxshi futbolchisi maqomini qo‘lga kiritish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Jamoa hujum chizig‘ida Yevropaning nomdor klublarida to‘p surib kelayotgan Folarin Balogun, Ueston Makkenni, Malik Tilmann, Brenden Aaronson va Rikardo Pepi kabi boshqa yosh yulduzlar ham bor. 

Real maqsad

AQSh 1994 yilda ham jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. O‘shanda amerikaliklar Ruminiya, Shveytsariya va Kolumbiya bilan bir guruhdan joy olib, uchinchi o‘rinni egallagan va pley-offga chiqqan, ammo bo‘lajak chempionlar Braziliyaga yutqazgan. Bu safar esa muxlislar guruhda uchinchi bo‘lishni qabul qila olishmaydi. Jamoa 1/16 finalda qulayroq raqib bilan o‘ynash uchun ham guruhda yaxshiroq harakat qilishi talab etiladi. Shu bilan birga, ushbu jamoadan chorakfinaldan yuqori natijani kutish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Tarkib

Darvozabonlar: Kris Breydi («Chikago Fayr»), Mett Friz («Nyu-York Siti»), Mett Tyorner («Nyu-Inglend Revolyushn»).
Himoyachilar: Maks Arfsten («Kolambus Kryu»), Serjino Dest (PSV), Aleks Frimen («Vilyarreal»), Mark Makkenzi («Tuluza»), Tim Rim («Sharlott»), Kris Richards («Kristal Pelas»), Entoni Robinson («Fulhem»), Maylz Robinson («Tsinsinnati»), Jozef Skalli («Borussiya» Myonhengladbah), Oston Trasti («Seltik»).
Yarimhimoyachilar: Tayler Adams («Bornmut»), Sebastyan Berhalter («Vankuver Uaytkeps»), Ueston Makkenni («Yuventus»), Jovanni Reyna («Borussiya» Myonhengladbah), Kristian Roldan («Sietl Saunders»), Malik Tillman («Bayyer»).
Hujumchilar: Brenden Aaronson («Lids Yunayted»), Folarin Balogun («Monako»), Rikardo Pepi (PSV), Kristian Pulishich («Milan»), Timoti Vea («Marsel»), Haji Rayt («Koventri Siti»), Aleks Sendehas («Amerika»).

Avstraliya

Murabbiy

Toni Popovich – Avstraliyaning yaqin o‘tmishida taniqlik futbolchilardan bo‘lgan, milliy jamoa safida 59 o‘yinda ishtirok etgan, ammo 2006 yilgi jahon chempionatida ilk o‘yindayoq jarohat olgandi. U keyinchalik murabbiy sifatida 2014 yil «Uestern Sidney Uonderers» klubi bilan Osiyo chempionlar ligasida g‘olib chiqadi. 2024 yildan buyon milliy jamoani boshqarmoqda, yashil qit’a vakillari saralash bosqichini ishonchli o‘tkazdi va 16 o‘yindan faqat bittasida yutqazdi.

Yulduzlar

Hozirgi Avstraliya tarkibida yaqqol ajralib turadigan yulduzlar yo‘q. Tarkibdagilardan hech biri Tim Kehill yoki Harri Kyuell darajasiga yaqinlasha olmaydi. Ammo darvozabon Metyu Rayanni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. 34 yoshli posbon Yevropaning yetakchi ligalarida o‘ynagan, «Arsenal»ning ikkinchi raqamli darvozaboni bo‘lgan, hozir esa «Levante» darvozasini qo‘riqlamoqda. U milliy jamoa safida yuzdan ortiq o‘yin o‘tkazgan va jamoa sardori hisoblanadi.

Rayan oldingi jahon chempionatida 12 ta seyv amalga oshirgan va to‘rt o‘yindan ikkitasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi. Avstraliyaliklar 1/8 finalda ishtirok etishida uning hissasi katta bo‘lgandi. To‘rt yil o‘tib jamoa yana uning qahramonlik ko‘rsatishidan umid qilmoqda.

Real maqsad

Avstraliya Osiyo saralashidan osonlik bilan o‘tdi, ammo uning tarkibi jahon chempionatining final bosqichida jiddiy natijalar uchun da’vogarlik qiladigan holatda emas. Jamoa 1/16 finaldan naryog‘iga o‘ta olishi dargumon.

Tarkib

Darvozabonlar: Patrik Bich («Melburn Siti»), Pol Izzo («Ranners»), Metyu Rayan («Levante»).
Himoyachilar: Aziz Bexich («Melburn Siti»), Jordan Bos («Feyyenoord»), Kemeron Burgess («Suonsi Siti»), Alessandro Chirkati («Parma»), Milosh Degenek (APOEL), Jyeyson Jyeriya («Albireks Nigata»), Lukas Herrington («Kolorado Repidz»), Jyeykob Italyano (GAK), Garri Suttar («Lester»), Kay Trevin («Nyu-York Siti»).
Yarimhimoyachilar: Kemeron Devlin («Hars»), Aydin Xrustich («Herakles»), Jyekson Irvin («Sankt-Pauli»), Konnor Metkalf («Sankt-Pauli»), Pol Okon-Engstler («Sidney»), Eyden O'Nil («Nyu-York Siti»).
Hujumchilar: Nestori Irankunda («Uotford»), Metyu Leki («Melburn Siti»), Aver Mabil («Eltam»), Muhammad Ture («Norvich»), Nishan Velupillay («Melburn Viktori»), Kristian Volpato («Sassuolo»), Tete Yyengi («Matida Zelviya»).

Paragvay

Murabbiy

Gustavo Alfaro ham Pochettino kabi argentinalik, ammo Yevropada uni deyarli tanishmaydi. U 27 yil mobaynida o‘z vatanidagi klublarda ishlagan, faqat bir marta xorijga chiqib, Saudiyaning «Al-Ahli» klubini boshqargan, 2020 yildan buyon esa Janubiy Amerikadagi terma jamoalar bilan ishlab kelmoqda.

2022 yilda u Ekvadorni jahon chempionatiga olib kelgandi, ammo guruh bosqichida qo‘lga kiritilgan to‘rt ochko pley-offga chiqish uchun yetarli bo‘lmagandi. Keyin Kosta-Rika bilan bir muddat ishladi, ushbu jamoa JCh-2026 saralashini aynan Alfaro qo‘li ostida boshlagandi, ammo 2024 yilgi Amerika kubogidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Gustavo lavozimini tark etgandi. Kostarikaliklar boshqaruvidagi so‘nggi o‘yinida Alfaro aynan paragvayliklarni mag‘lub etgan, bir hafta o‘tib esa aynan ushbu jamoa boshqaruviga tayinlangandi. Yakunda Kosta-Rika jahon chempionatidan qolib ketdi, Paragvay esa 16 yil ichida ilk bor jahon birinchiligida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Uning boshqaruvidagi Paragvaydan albatta yorqin o‘yin kutish kerak emas. Alfaro shogirdlari himoyaviy uslubda o‘ynab, taktik intizomga rioya qiladi. Paragvayliklar ikkinchi qavatda yaxshi harakatlana oladigan baland bo‘yli himoyachilari tufayli standart vaziyatlarda xavf tug‘dirishadi.

Yulduzlar

Jamoa safidagi asosiy yulduz o‘z vaqtida «Nyukasl»dagi o‘yinlari bilan mashhurlikka erishgan va hozirda MLS chempionatida to‘p surayotgan Migel Almiron hisoblanadi. Saralash bosqichini ushbu hujumchi deyarli almashtirishlarsiz o‘tkazdi.

Jamoadagi yana bir yulduz bir necha yil oldin APLning boshqa bir jamoasi «Brayton»da porlagan, o‘tgan yildan Fransiyaning «Strasbur» klubi a’zosi hisoblangan Hulio Ensiso edi. Ammo ushbu yarimhimoyachi turnir arafasidagi yig‘in vaqtida jarohat oldi va uzoq kutilgan mundialda qatnasha olmaydigan bo‘ldi.

Real maqsad

2010 yilda Paragvay chorakfinalda bo‘lajak chempion Ispaniyaga yutqazgandi – o‘yin taqdirini Vilyaning 82-daqiqada urgan yagona goli hal qilgandi. Bu safar o‘sha sensatsiyani takrorlash juda qiyin bo‘ladi. Ishtirokchilar soni oshirilgan chempionatda ko‘pchilik bilan bo‘lgani kabi ushbu jamoa uchun ham maksimal kutilma – 1/8 finalga chiqish bo‘ladi.

Tarkib

Darvozabonlar: Orlando Hill («San-Lorenso»), Gaston Olveyra («Olimpiya»), Roberto Fernandes («Serro Porteno»).
Himoyachilar: Xuan Kaseres («Dinamo» Moskva), Gustavo Velaskes («Serro Porteno»), Gustavo Gomes («Palmeyras»), Xunior Alonso («Atletiko Mineyro»), Xose Kanale («Lanus»), Omar Alderete («Sanderlend»), Aleksandro Maydana («Taleres»), Fabian Balbuena («Gremio»).
Yarimhimoyachilar: Diyego Gomes («Brayton»), Maurisio Magalyayns («Palmeyras»), Damyan Bobadilya («San-Paulu»), Brayan Oxeda («Orlando»), Andres Kubas («Vankuver»), Matias Galarsa («Atlanta»), Kaku («Al-Ayn»), Ramon Sosa («Palmeyras»), Migel Almiron («Atlanta Yunayted»).
Hujumchilar: Gustavo Kabalero («Porsmut»), Aleks Arche («Independente Rivadavia»), Gabriel Avalos («Independente»), Isidro Pitta («Red Bull Bragantino»), Xulio Ensiso («Strasburg»), Antonio Sanabriya («Kremoneze»).

Turkiya

Murabbiy

Vinchenso Montella Jahon chempionatiga borgan ikki italiyalikdan biri. Ushbu mutaxassis Turkiyani 2002 yildan buyon ilk bor jahon chempionatiga olib chiqdi. Montellaning o‘zi uchun ham 24 yil oldingi turnir oxirgisi bo‘lib turgandi – u o‘shanda guruh bosqichining uchinchi turida Meksikaga qarshi o‘yinda Del Piyero urgan golga assistentlik qilgan. Shundan buyon Turkiya ham, Vinchenso ham jahon birinchiliklarida ko‘rinish bermagan.

U o‘z murabbiylik faoliyatini «Roma»da boshladi va keyin Italiyaning boshqa bir qator klublarida ishladi, ammo jiddiy natijalarga erisha olmadi. «Sevilya»ga safar ham o‘xshamadi. 2021 yilda esa Montella Turkiyada paydo bo‘ldi, ammo «Adana»da ham natija ko‘rsata olmadi. Uning terma jamoalardagi faoliyati esa yaxshi boshlandi – Vinchenso Turkiyani Yevro-2024 saralashida qiyin vaziyatdan olib chiqdi va qit’a turnirida ham yaxshi qatnashib, faqat chorakfinalda Niderlandiyaga yutqazdi, endi esa okeanortidagi turnirda ham shov-shuv ko‘tarishga harakat qilib ko‘radi.

Yulduzlar

Turkiyada yaxshi avlod yetishib chiqqan. Hozirgi tarkibdagi qator futbolchilar mamlakat tarixidagi eng yaxshi futbolchilarga aylanish salohiyatiga ega. Ulardan asosiysi esa Arda Gulerdir. «Real» yarimhimoyachisi mavsumdan mavsumga kuchayib bormoqda va transfer narxi allaqachon 90 million yevroga baholanmoqda.

Yana bir vunderkind – Gulerning tengdoshi, bir necha yildan buyon «Yuventus»ning asosiy futbolchisi hisoblanadigan 21 yoshli vinger Kenan Yildizdir. Bu ikki yulduz futbolchi maydonning turli qismlarida o‘ynashi esa Montellaning ishini osonlashtiradi. Ular maydonda bir-birini to‘ldiradigan futbolchilardir. Tarkibda turklarning ko‘p yillik yetakchisi Hoqon Chalxono‘g‘li ham borligini yoddan chiqarmaslik kerak. Ushbu faxriy futbolchi jamoadagi balansni ta’minlaydi.

Real maqsad

Yevrodagi kuchli ishtirok va tarkibdagi yuqori saviyali futbolchilardan kelib chiqib, Turkiyaning uzoqqa borishini taxmin qilish mumkin. Bundan tashqari, jamoa chiroyli o‘yin orqali futbol muxlislari mehrini qozonishi mumkin. 

Tarkib

Darvozabonlar: Oltoy Bayindir («Manchester Yunayted»), Mert Gunok («Fenerbahche»), Ugurjan Chaqir («Galatasaroy»).
Himoyachilar: Abdulkarim Bardakchi («Galatasaroy»), Chag‘lar Suyunchi («Fenerbahche»), Eren Elmali («Galatasaray»), Ferdi Kadio‘g‘li («Brayton»), Merih Demiral («Al-Ahli»), Mert Muldur («Fenerbahche»), O‘zan Qoboq («Hoffenhaym»), Samet Oqoydin («Rizespor»), Zeki Chelik («Roma»), Kaan Oyxon («Galatasaroy»).
Yarimhimoyachilar: Hoqon Chalxono‘g‘li («Inter»), Ismoil Yuksak («Fenerbahche»), O‘rxun Ko‘kchi («Beshiktosh»), Solih O‘zjan («Borussiya» Dortmund), Arda Guler («Real»), Irfon Qahvachi («Qosimposho»), O‘g‘uz Oydin («Fenerbahche»), Yunus Oqkun («Galatasaroy»).
Hujumchilar: Barish Alper Yilmaz («Galatasaroy»), Jan Uzun («Ayntraxt»), Deniz Gul («Portu»), Kenan Yildiz («Yuventus»), Karim Oqturko‘g‘li («Fenerbahche»).

Prognoz

  • AQSh
  • Turkiya
  • Paragvay
  • Avstraliya

Guruhda deyarli teng kuchga ega jamoalar to‘plangan, ammo ikki jamoani favorit sifatida ko‘rsatish mumkin. Katta ehtimol bilan, AQSh va Turkiya dastlabki ikki turda oltitadan ochko to‘playdi va so‘nggi turda kuch tejab, durangga imzo chekishi mumkin. Birinchi o‘rin taqdirini gollar nisbati hal qiladi va mezbonlar dastlabki turlarda imkon qadar ko‘proq gol urishga harakat qilishadi. Uchinchi o‘rin uchun esa Paragvay va Avstraliya raqobatlashadi, Janubiy Amerika va Osiyo raqobatida esa odatda birinchisi kuchliroq chiqadi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid