Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Kanada hukumati taqdim qilgan «Raqamli xavfsizlik to‘g‘risidagi» qonun loyihasiga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, yangi raqamli regulyator sun’iy intellekt (AI) chatbotlarini ham xavfsizroq qilishi nazarda tutilmoqda.
10 iyun kuni Kanada hukumati «Raqamli xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi, biroq muayyan xavfsizlik standartlariga javob beradigan platformalar bundan mustasno bo‘ladi.
Reuters nashri hukumat rasmiysiga tayanib yozishicha, mazkur qonun loyihasi Kanadada xavfsizlik standartlarini belgilash uchun raqamli regulyator tashkil etishni ko‘zda tutadi. Bu orqali esa sun’iy intellekt (AI) chatbotlarini ham xavfsizroq qilish maqsad qilingan.
Talablarga rioya qilmagan kompaniyalar global daromadlarining 3 foizi miqdorida yoki 10 million Kanada dollarigacha (7,2 million AQSh dollari) jarimaga tortilishi mumkin. Bunda qaysi daromad turi ko‘proq bo‘lsa, o‘sha miqdordagi jarima to‘lanadi.
«Ijtimoiy tarmoq platformalari va sun’iy intellekt chatbotlari e’tiborni jalb qilish uchun mo‘ljallangan. Ular bolalik davrining sog‘lom rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamaydi va ko‘plab yosh kanadaliklar uchun xavotir, yakkalanib qolish tushkunlik hamda bir qator boshqa ruhiy salomatlik muammolari manbaiga aylandi», dedi Kanada o‘zligi va madaniyati vaziri Mark Miller.
«Ushbu qonunchilik yosh kanadaliklar uchun xavfsizroq muhitni ta’minlaydi va ularga shaxsan muloqot qilish, do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, maktabda e’tiborni jamlash hamda hayotda rivojlanishlari uchun real dunyo ko‘nikmalarini o‘rganish imkoniyatini beradi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
Hukumat rasmiylari texnik brifingda qonun loyihasining qabul qilinishi uchun bir yil ketishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, hujjat qabul qilingandan keyin raqamli regulyatorni tashkil etish uchun yana 18 oy vaqt ketishi mumkin.
Texno-gigantlar va ekspertlarning munosabati
Google kompaniya vakili barcha platformalar uchun yuqoriroq xavfsizlik standartlarini o‘rnatish bo‘yicha Kanada federal hukumati bilan ishlashga sodiqligini bildirdi. «Toki ota-onalar farzandlari uchun yaxshiroq va xavfsizroq onlayn tajribalarni tanlashda ishonch va nazoratga ega bo‘lishsin», deya iqtibos keltirmoqda nashr.
Facebook va Instagram egasi bo‘lgan Meta esa Kanadaning «Raqamli xavfsizlik to‘g‘risidagi qonuni» tafsilotlarini o‘rganayotganini bildirdi. «Qonunchilar kabi biz ham yoshlar uchun xavfsiz, ijobiy onlayn tajribalarni xohlaymiz», degan kompaniya vakili. Ilon Maskning X platformasi va Snapchat kompaniyalari hozircha izoh bermadi.
Toronto universitetining texnologiya va maxfiylik masalalariga ixtisoslashgan dotsenti Brett Keravey Kanadaning taklifi boshqa davlatlari taqiqlaridan ko‘ra keng qamrovliroq bo‘lishini aytdi.
«Kanadaning siyosati platformalar uchun yanada murakkab majburiyatlar to‘plamini keltirib chiqaradi», deydi u. «Uning maqsadi ijtimoiy tarmoqlar ekotizimini bolalar uchun xavfsizroq qilish maqsadida uni qayta loyihalashdir. Avstraliya qonuni esa shunchaki ekotizimga kirishni cheklashga qaratilgan».
«Bundan tashqari, uning ko‘lami ham kengroq. Chunki Kanada qonuni sun’iy intellekt masalasini ham qamrab oladi», deya qo‘shimcha qildi u.
Mojarolar va xalqaro tendensiya
Qonun loyihasining parlamentga kiritilishi Kanadadagi ommaviy otishmalardan birida jabr ko‘rgan oilalar OpenAI kompaniyasini sudga berganidan bir necha hafta o‘tib yuz berdi.
Joriy yil 10 fevral kuni Kanadadagi o‘rta maktablardan birida qurollangan shaxs 7 kishini otib o‘ldirgan va 25 kishi jarohatlangandi. Keyinroq u o‘zini ham otib o‘ldirgan.
O‘sha hujumdan jabrlanganlar oilalarining ta’kidlashicha, kompaniya gumon qilinayotgan qotil hujumni ChatGPT'da rejalashtirayotganini bilgan, biroq politsiyani ogohlantirmagan. OpenAI hozircha ushbu ish yuzasidan izoh bermagan.
Umumiy olganda ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga ta’sirini tartibga solish tendensiyasi 2025 yilda Avstraliya tomonidan boshlandi.
Dekabr oyida Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlatga aylangandi. Qonun joriy etilganidan bir oy o‘tgach, 10 ta ijtimoiy tarmoq kompaniyasi birgalikda qariyb 5 million o‘smirning akkauntlarini o‘chirgan.
Bugunga kelib, boshqa davlatlar ham cheklovlarni ko‘rib chiqmoqda. Masalan, Fransiya, Daniya va Polsha bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalarini kuchaytirish haqida o‘ylamoqda. Gretsiya esa allaqachon 2027 yil yanvaridan boshlab 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun kirishni taqiqlashini e’lon qilgan.
Mavzuga oid
16:40
Mundial tanishtiruvi. B guruhi haqida nimalarni bilish kerak?
12:53 / 11.06.2026
Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa
22:32 / 09.06.2026
Niderlandiya bilan o‘yin ishonch berdi: O‘zbekiston JChga tayyor ekan!
22:12 / 06.06.2026