Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida qo‘shimcha temiryo‘l qurilishi mumkin
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish doirasida Hayraton va Naybobod stansiyalariga olib boruvchi qo‘shimcha temiryo‘l tarmoqlarini qurish imkoniyati muhokama qilindi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish hajmini oshirish va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Afg‘oniston Savdo va sarmoyalar palatasi rahbari Muhammad Karim Hoshimiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tranzit va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ikki davlat o‘rtasida yuk tashish hajmini ko‘paytirish hamda savdo aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Afg‘onistonning mavjud tranzit imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanish, yuk yetkazib berish jarayonlarini tezlashtirish va logistika infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
Xususan, Afg‘oniston importi va O‘zbekiston eksporti uchun yuklarni tezkor yetkazib berish, omborxona infratuzilmasini takomillashtirish hamda Hayraton va Naybobod stansiyalariga olib boruvchi qo‘shimcha temiryo‘l tarmoqlarini qurish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, uchrashuvda Afg‘oniston yuklarining O‘zbekiston hududi orqali tranzit hajmini oshirish hamda Xitoy portlari va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan keladigan yuklarni O‘zbekiston transport yo‘laklari orqali tashishni soddalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar Afg‘onistonda sifat nazorati laboratoriyalari tarmog‘ini kengaytirish va logistika kompaniyalari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim transport xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralar yakunida Afg‘oniston tomoni tranzit, logistika va mintaqaviy savdoni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Mavzuga oid
14:04 / 11.06.2026
Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi reja qilinmoqda
11:30 / 11.06.2026
Afg‘oniston–Pokiston mojarosiga qaramay, Kobul koridorini qurish loyihasi davom etmoqda
17:54 / 10.06.2026
Pokiston Afg‘oniston bo‘ylab havo zarbalari berdi: 26 kishi halok bo‘lgan
17:37 / 09.06.2026