Jamiyat | 10:57
775
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi

Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 34 kilogrammdan ortiq og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, musodara qilindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi.

Foto: vediodan kadr

Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozori yaqinida shubhali tarzda to‘xtab turgan Lacetti rusumli avtomashina tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida transport vositasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 1968 yilda tug‘ilgan shaxs hamda 1984 yilda Denov shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro bo‘lgani aniqlangan.

Avtomashina salonidagi yelim idish ichida jami 30 dona o‘ramda 34 kilogramm 610 gramm og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan. Ular orasida 12 kilogramm 960 gramm «opiy» va 21 kilogramm 650 gramm «gashish» moddalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, bunday turdagi giyohvandlik vositalari mamlakat hududiga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid