Jahon | 09:45
2108
4 daqiqa o‘qiladi

Eronning milliardlab dollarlik mablag‘lari atrofida bahs kuchaydi

Reuters agentligi manbalariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari Eronning xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollarlik neft daromadlarini ozod qilishga rozilik bergan. Biroq BAA Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlarni qat’iy rad etdi.

Foto: REUTERS

Reuters agentligi 12 iyun kuni kechqurun tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari Eronning xorijiy banklarda saqlanayotgan va AQSh sanksiyalari sabab muzlatib qo‘yilgan o‘nlab milliard dollarlik mablag‘larini ozod qilish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Nashr bilan suhbatlashgan to‘rt manbaning ta’kidlashicha, mazkur qaror Eronning BAA hududiga qarshi amalga oshirayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlarini to‘xtatish maqsadida qabul qilingan.

Manbalardan biriga ko‘ra, BAA tashqi siyosati mintaqada keskinlikni kamaytirish, vaziyatni barqarorlashtirish hamda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash tamoyillariga asoslanadi.

Shu bilan birga, manbalar mablag‘lar hajmi borasida turlicha ma’lumot bergan. Ularning ikki nafari 10 milliard dollar haqida gapirgan bo‘lsa, boshqalari bu raqam 20 milliard dollarga yaqin ekanini bildirgan.

Reuters ma’lum qilishicha, ushbu mablag‘larning dastlabki transhi sifatida 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ allaqachon Eron tomoniga o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.

Manbalarning aytishicha, mablag‘larni ozod qilish evaziga Tehron BAA hududiga raketa va dronlar bilan hujumlarni to‘xtatish majburiyatini olgan. Reuters eslatishicha, bunday hujumlarning oxirgisi 4 may kuni Ummon ko‘rfazida joylashgan Fujayra portiga qarshi amalga oshirilgan.

BAA ma’lumotlarni rad etdi

Reuters xabari e’lon qilinganidan so‘ng Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi mazkur ma’lumotlarni rad etdi.

Vazirlikning strategik kommunikatsiyalar departamenti rahbari Afra al-Hameliyning ma’lum qilishicha, tarqatilgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Uning ta’kidlashicha, hech qanday muzlatilgan Eron mablag‘lari ozod qilinmagan, o‘tkazilmagan yoki BAA bank tizimi orqali harakatlantirilmagan.

Shu bilan birga, Reuters agentligi ham mazkur mablag‘lar aynan BAA mablag‘larimi yoki mamlakat bank tizimida saqlanayotgan Eron aktivlarimi, degan masalaga aniqlik kirita olmaganini bildirgan.

AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi muhokama qilinmoqda

Bu xabar AQSh va Eron o‘rtasida ehtimoliy tinchlik kelishuvi muhokamalari faollashgan bir paytda tarqaldi.

Avvalroq Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik kelishuvining yakuniy matni kelishilganini ma’lum qilgan edi. AFP agentligiga ko‘ra, AQSh ma’muriyati kelishuvning yaqin kunlarda imzolanishi ehtimolini 80–85 foizga baholamoqda.

Eronning Mehr agentligi esa 14 banddan iborat memorandum loyihasini e’lon qildi. Unda harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish, AQSh qo‘shinlarini Eron chegaralari yaqinidan chiqarish, Eron portlariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini 30 kun ichida qayta ochish kabi shartlar nazarda tutilgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chining bildirishicha, kelishuvning keyingi bosqichida mamlakat yadroviy dasturi va AQSh sanksiyalarini bekor qilish masalalari muhokama qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid