Jahon | 10:02
2605
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlarida keng ko‘lamli islohotlar boshlanganini ma’lum qildi. Yangi tartibga ko‘ra, harbiy xizmatchilar uchun muddatli kontraktlar joriy etiladi, maoshlar sezilarli oshiriladi va xorijliklarni jalb qilish mexanizmi kengaytiriladi.

Foto: Yevhen Titov/AP Photo/dpa/picture alliance

Ukraina Qurolli kuchlarida harbiy xizmatni tashkil etish tizimi tubdan o‘zgarishi mumkin. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 iyun kuni qilgan murojaatida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, endi armiyada aniq muddatlarga mo‘ljallangan uch turdagi kontraktlar amal qiladi. Kontraktlar 10 oy, 14 oy yoki 24 oy muddatga tuziladi hamda ularning tugash shartlari oldindan belgilab qo‘yiladi.

Zelenskiy harbiy xizmatchilarning moddiy ta’minoti ham oshirilishini bildirdi. Yangi tizimga ko‘ra, frontdan uzoq hududlarda xizmat qilayotgan harbiylar kamida 30 ming grivna (taxminan 580 yevro) maosh oladi.

Jang chizig‘ining birinchi safiga jalb qilingan harbiy xizmatchilarning oylik daromadi o‘rtacha 300 ming grivnaga (qariyb 5800 yevro) yetkaziladi. Shuningdek, jangovar bo‘linmalar qo‘mondonlari uchun ham qo‘shimcha to‘lovlar joriy etiladi.

Prezidentning aytishicha, Ukraina hukumati yangi to‘lov mexanizmlarini iyun oyining o‘zida ishga tushirishi kerak.

Piyoda askarlar uchun rekord darajadagi maosh

Zelenskiy e’lon qilgan alohida videomurojaatda islohotlarning tafsilotlari keltirildi.

Unga ko‘ra, Ukraina piyoda qo‘shinlari dunyodagi eng yuqori haq to‘lanadigan jangovar mutaxassislardan biriga aylanishi mumkin. Eng yuqori maosh miqdori 460 ming grivnaga (taxminan 8900 yevro) yetishi kutilmoqda.

Bu mablag‘ tarkibiga 20 ming grivna bazaviy ta’minot, har bir jangovar navbatchilik kuni uchun 10 ming grivna, qidiruv-zarba operatsiyalari uchun 20 ming grivna va hujum harakatlari uchun 40 ming grivnadan to‘lovlar kiradi.

Yangi tizimda qo‘shimcha to‘lovlardan nafaqat kontrakt asosida xizmat qilayotganlar, balki safarbarlik orqali chaqirilgan harbiylar ham foydalanishi mumkin.

Xorijliklar uchun rekruting kengaytiriladi

Islohotlar doirasida Ukraina armiyasiga xorijliklarni jalb qilish tizimini ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Zelenskiyning bildirishicha, kelgusida hujumkor va piyoda bo‘linmalarining yarmidan ko‘prog‘ini xorijiy legionerlar tashkil etishi maqsad qilingan. Bu jarayonda xususiy rekruting kompaniyalari xorijlik ko‘ngillilarni tanlab, Ukrainaga yuborish bilan shug‘ullanadi.

Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov esa harbiylar uchun yangi raqamli xizmatlar ishga tushirilishini ma’lum qildi. Xususan, “Armіya+” platformasi orqali bir harbiy korpus tarkibidagi bo‘linmalar o‘rtasida avtomatik o‘tish imkoniyati yaratiladi.

Uning ta’kidlashicha, xizmat joyini o‘zgartirish imkoniyati harbiylarni armiya safida saqlab qolishga yordam beradi.

Rossiya ham armiya sonini oshirmoqda

Shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat qurolli kuchlari shtat sonini yana oshirish haqidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, Rossiya armiyasining umumiy shtat soni 2,399 million kishiga yetkaziladi. Ularning 1,51 millioni harbiy xizmatchilardan iborat bo‘ladi.

Putinning ma’lum qilishicha, hozirda Ukrainadagi urushda 700 mingdan ortiq rossiyalik harbiy ishtirok etmoqda.

Bu joriy yil boshidan buyon Rossiya armiyasi sonining ikkinchi marta oshirilishi hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid