Texnologiya | 08:50
1383
4 daqiqa o‘qiladi

Kelajak aviatsiyasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 7 ta samolyot

O‘nlab yillar davomida yo‘lovchi samolyotlari deyarli bir xil sxema asosida qurib kelindi: uzun fyuzelyaj, ikki qanot va ular ostiga o‘rnatilgan dvigatellar. Biroq aviatsiya sanoati yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Mutaxassislar fikricha, kelgusi o‘n yilliklarda samolyotlar tashqi ko‘rinishi, yonilg‘i tizimi va aerodinamik yechimlari bo‘yicha tubdan o‘zgarishi mumkin.

JetZero Pathfinder / Z4 / © JetZero

Bugungi kunda turli mamlakatlar va kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalar havo transportini tejamkor, ekologik toza va samarali qilishga qaratilgan. Ular orasida elektr, gibrid va vodorod dvigatelli samolyotlar, shuningdek, mutlaqo yangi aerodinamik shakllarga ega havo kemalari bor.

Boeing X-66A / © Wikimedia Commons



Boeing X-66A

NASA va Boeing hamkorligida yaratilayotgan ushbu samolyot yangi avlod qanot texnologiyasini sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan.

Uning asosiy xususiyati — juda uzun va ingichka qanotlardir. Bunday konstruksiya havo qarshiligini kamaytiradi va yonilg‘i sarfini 8–10 foizgacha qisqartirishi mumkin. Loyihaning ilk parvozi 2028 yilga rejalashtirilgan.



Heart Aerospace ES-30

Shvetsiyaning Heart Aerospace kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan ES-30 samolyoti qisqa masofali yo‘nalishlar uchun mo‘ljallangan.

30 nafar yo‘lovchini tashiy oladigan havo kemasi akkumulyatorlar yordamida 200 kilometrgacha, gibrid rejimda esa 800 kilometrgacha parvoz qilishi mumkin. Loyiha 2028 yil atrofida tijoriy ekspluatatsiyaga chiqishi kutilmoqda.

JetZero Z4

Kaliforniyalik JetZero startapi eng g‘ayrioddiy konsepsiyalardan birini ishlab chiqmoqda.

Unda fyuzelyaj va qanotlar bitta yaxlit ko‘taruvchi konstruksiyaga birlashtirilgan. Bu esa havo qarshiligini sezilarli kamaytirib, yonilg‘i sarfini va chiqindilarni 50 foizgacha qisqartirish imkonini beradi. Samolyot taxminan 250 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.

Airbus ZEROe / © Airbus



Airbus ZEROe

Airbus kompaniyasi kelajak aviatsiyasini vodorod texnologiyalari bilan bog‘lamoqda.

ZEROe dasturi doirasida vodoroddan elektr energiyasi olib, dvigatellarni harakatga keltiruvchi samolyotlar yaratilmoqda. Agar loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa, u yirik tijoriy avialaynerlar orasida atmosferaga chiqindi chiqarmaydigan ilk samolyotlardan biri bo‘lishi mumkin.

Bombardier EcoJet

Kanadaning Bombardier kompaniyasi biznes-aviatsiya uchun yangi avlod samolyoti ustida ishlamoqda.

EcoJet ham JetZero kabi integral qanot texnologiyasidan foydalanadi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, bu konstruksiya karbon chiqindilarini 50 foizgacha qisqartirishi mumkin.

Flying-V  / © Wikimedia Commons



Flying-V

Niderlandiyaning Delft texnik universiteti va KLM aviakompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan Flying-V loyihasi tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turadi.

V shaklidagi samolyotning ichki qismida yo‘lovchilar, yuk va yonilg‘i joylashtiriladi. U Airbus A350 bilan bir xil darajadagi yo‘lovchi sig‘imiga ega bo‘lishi mumkin, ammo yonilg‘i sarfi 20 foizga kam bo‘ladi.

Eviation Alice

Alice — dunyodagi ilk to‘liq elektr yo‘lovchi samolyotlaridan biri sifatida tanilmoqda.

To‘qqiz nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan ushbu havo kemasi 2022 yilda ilk parvozini amalga oshirgan. Hozircha akkumulyator texnologiyalari bilan bog‘liq muammolar sabab loyiha vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsa-da, ekspertlar uni kelajak elektr aviatsiyasining muhim namunasi deb baholamoqda.

Mutaxassislar fikricha, aviatsiyaning kelajagi yagona texnologiyaga emas, balki bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarga tayanadi. Elektr, gibrid va vodorod dvigatellari, shuningdek, yangi aerodinamik yechimlar havo transportini ekologik toza, shovqinsiz va tejamkor qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid