Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh-Eron prezidentlari o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi
AQSh yetakchisi Donald Tramp va Eron prezidenti Mas’ud Pezishkiyon urushni yakunlash maqsadida ingliz va fors tillarida tuzilgan memorandumni imzoladi. Eron tomoni kelishuv chorshanbadan kuchga kirganini ma’lum qildi.
AQSh va Eron chorshanba kuni o‘z prezidentlari urushga chek qo‘yish maqsadida imzolagan muvaqqat kelishuv matnini e’lon qildi. Prezident Donald Tramp agar Eron o‘z majburiyatlarini bajarmasa, hujumlarni qayta boshlash va Eron rasmiylarini yo‘q qilish bilan yana tahdid qildi.
14 banddan iborat kelishuv yakuniy sulh bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun otashkesim muddatini yana 60 kunga uzaytiradi.
Donald Tramp ham, Eron Prezidenti Mas’ud Pezishkiyon ham memorandumni ingliz va fors tillarida raqamli imzolagan. Eron tashqi ishlar vazirligi esa kelishuv chorshanba kunidan boshlab kuchga kirganini ma’lum qildi.
🚨 President Donald J. Trump has SIGNED the Iran Memorandum of Understanding at Versailles in France. 🇺🇸 pic.twitter.com/JQ6qlbvFAF
— The White House (@WhiteHouse) June 17, 2026
Tramp hujjatni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Versal saroyida — birinchi jahon urushiga rasman chek qo‘ygan mashhur shartnoma imzolangan joyda imzoladi.
«Agar va boy berib, kelishuvni buzishsa, biz ularni ayovsiz bombardimon qilamiz», dedi Tramp matbuot anjumanida Eron haqida gapirar ekan. «Men buni xohlamayman. Ularning kelishuvga amal qilishini istayman».
Shuningdek, u eronliklarni «aqlli odamlar» deb atadi. AQSh va Eron muzokarachilari yaqin 60 kun ichida doimiy sulh ustida ish olib bormoqda, Tramp ushbu sulh Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishi va neft narxini pasaytirishiga umid bildirgan.
Tramp Eronga hujum qilish bo‘yicha ilgari ilgari surgan asoslaridan kamida bittasidan voz kechdi. U Tehronda ballistik raketalar bo‘lmasligi «adolatsizlik» bo‘lishini aytdi.
«Men shuni aytmoqchimanki, agar boshqa davlatlarda bu narsa bo‘lsa, ularda ham oz bo‘lsa-da bo‘lmasligi biroz adolatsizlikdir», dedi Tramp Parijda jurnalistlarga.
Tramp fevral oyida «Eronning raketa sanoatini yer bilan bitta qilish» haqida va’da bergandi.
Eron rahbarlari bayram qilmoqda
«Harbiy harakatlar orqali erishmoqchi bo‘lgan hamma narsamizga muzokaralar orqali bir necha barobar ko‘proq erishdik; buni hatto qiyoslab ham bo‘lmaydi», dedi Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibof.
Memorandum barcha jabhalarda, jumladan Livanda urushni zudlik bilan to‘xtatishni, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz qatnovini «hech qanday to‘lovsiz» to‘liq tiklashni, AQShning Eron portlari blokadasini olib tashlashni, Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni, uning aktivlarini muzlatishdan chiqarishni hamda urushdan keyingi tiklanishi uchun 300 milliard dollarlik investitsiya fondini tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Eron, shuningdek, o‘n yilliklar davomida bergan va’dasini qayta tasdiqlab, yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini oladi. U Xalqaro atom energiyasi agentligi nazorati ostida o‘zining boyitilgan uran zaxiralarini joyida «kuchsizlantirish»ga rozi bo‘ldi. Tramp uni oldinroq mamlakatdan olib chiqib ketishni istagandi. Eron esa buni rad etgan.
Reutersʼning yozishicha, o‘zining jangovar ritorikasiga qaramay, Tramp urushga kirishish orqali xohlagan narsalariga deyarli erisha olmagandek ko‘rinmoqda. Eron esa hujumga uchrashidan oldingi holatga qaraganda milliardlab dollarlik sanksiyalardan xalos bo‘lishga ancha yaqinlashdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyga ko‘ra, ikki prezident kelishuvni allaqachon imzolagani sababli Shveytsariyada hech qanday imzolash marosimi o‘tkazilmasligi» mumkin.
Yevropa olqishladi, Isroil hamon jim
G7 yetakchilari Fransiya sammitda ushbu kelishuvni olqishladi. Aslida Yevropa yetakchilari AQShning Eron yadro dasturi bo‘yicha xavotirlariga qo‘shilsalar-da, uning BMT ruxsatisiz urush boshlash qarorini hech qachon ma’qullamagan. Shuningdek, ular Eron super-davlat hujumiga bardosh berib va bo‘g‘oz ustidan nazoratni saqlab qolish orqali o‘z ta’sir kuchini oshirib olganidan xavotirda.
Kelishuv fonida – Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Italiya, Kanada va AQSh yetakchilari qo‘shma bayonot berib, Livanda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi. Memorandumdagi bandga ko‘ra, Livanda Isroil va Hizbulloh guruhi o‘rtasidagi harbiy harakatlar to‘xtatilishi kerak edi.
Yakshanba kuni kelishuvga erishilgandan beri u yerda janglar biroz pasaygan, ammo butunlay to‘xtagani yo‘q. Muzokaralarda ishtirok etmagan va Livan janubini bosib olgan Isroil kuch ishlatish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytmoqda.