Jahon | 09:24
2469
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Polshaning eng oliy ordenidan mahrum etildi

Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni mamlakatning eng yuqori davlat mukofoti - “Oq burgut” ordenidan mahrum qildi. Bu qaror Zelenskiy tomonidan Ukraina Qurolli kuchlarining bir bo‘linmasiga “UPA qahramonlari” nomining berilishi bilan izohlanmoqda.

Foto: Reuters

Polsha prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mazkur qaror Ukraina xalqiga qarshi qaratilmagan va Varshavaning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash siyosati o‘zgarganini anglatmaydi.

“Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganmiz va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki Rossiya tajovuzi Polsha va butun Yevropa xavfsizligi uchun tahdid soladi. Biroq Polsha–Ukraina munosabatlarida bosib o‘tib bo‘lmaydigan chegaralar ham mavjud”, — dedi Navrotskiy.

Uning ta’kidlashicha, mukofotni bekor qilish ramziy qadam emas, balki Varshavaning tarixiy xotira va milliy qadriyatlar masalasidagi qat’iy pozitsiyasini ifoda etadi.

Polsha rahbari mamlakat hukumati o‘z fuqarolari xotirasini himoya qilishda davom etishini bildirib, “tinch aholini o‘ldirgan shaxslarni qahramonlashtirish”ni qabul qilmasligini aytdi. Shuningdek, u tarixning murakkab sahifalariga xolis baho berishga tayyor bo‘lmagan davlatlarning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi ekanini ta’kidladi.

Mazkur qarorga munosabat bildirgan Polsha bosh vaziri Donald Tusk esa tomonlarni vazminlikka chaqirdi. Uning fikricha, Varshava va Kiyev o‘rtasidagi qarama-qarshilik Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi.

“Polsha va Ukraina o‘rtasidagi nizo Putinni xursand qiladi va bizning ittifoqchilarimizni hayratga soladi. Prezidentlar Zelenskiy va Navrotskiyning vazifasi ziddiyatni kuchaytirish emas, balki jamoatchilik kayfiyatini tinchlantirishdir”, — deb yozdi Tusk ijtimoiy tarmoqda.

Oradan bir necha soat o‘tib, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa ham javob qadamini tashladi. U 2022 yilda Polsha tomonidan berilgan “Polsha oldidagi xizmatlari uchun” ordenining Komandor kresti bilan yulduzini qaytarishini ma’lum qildi.

Sibixa Polsha prezidenti qarorini “strategik xato” deb baholab, bunday harakatlardan faqat Moskva manfaatdor bo‘lishini ta’kidladi.

“Masala ordenlarda emas, munosabatda. Biz doimo o‘zaro hurmat tamoyili tarafdori bo‘lib kelganmiz, hatto eng murakkab mavzular muhokama qilinganda ham”, — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri.

Volodimir Zelenskiy 2026 yil 26 may kuni Ukraina Qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmalaridan biriga “UPA qahramonlari” nomini bergan edi. Bu qaror “milliy armiyaning tarixiy an’analarini tiklash” bilan izohlangan.

Mazkur qaror Polshada keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Chunki Varshava Ukrain qo‘zg‘olonchilar armiyasi (UPA)ni 1943–1945 yillarda Volin hududida o‘n minglab polyaklarning qirg‘in qilinishida ayblab keladi.

Ukraina esa UPAni mamlakat mustaqilligi uchun ham Sovet Ittifoqi, ham natsistlar Germaniyasiga qarshi kurashgan milliy ozodlik harakati sifatida baholaydi. Kiyev rasmiylariga ko‘ra, “UPA qahramonlari” nomi Polshaga qarshi emas, balki Rossiyaning imperiyaviy siyosatiga qarshi kurash ramzi sifatida qabul qilinishi lozim.

Kuzatuvchilar fikricha, mazkur voqea so‘nggi oylarda Polsha va Ukraina o‘rtasida tarixiy masalalar atrofida kuchayib borayotgan kelishmovchiliklarning yana bir ko‘rinishi bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid