Jahon | 16:09
3486
7 daqiqa o‘qiladi

Kiyev va Varshava o‘rtasida – «ordenlar urushi» ketmoqda

Polsha «UPA qahramonlari» bilan bog‘liq mojaro tufayli Zelenskiyni ordendan mahrum qildi. Bunga javoban Ukrainaning sobiq prezidentlari ham Polsha bergan mukofotlardan voz kechmoqda.

Zelenskiy / Official / Telegram

May oyi oxirida Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari Maxsus amaliyot kuchlarining «Sever» alohida maxsus amaliyotlar markaziga «Ukraina isyonchi armiyasi (UPA)» faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonini imzolagandi.

Bunga Polshadagilar darhol va keskin munosabat bildirdi. Ukraina elchisi mamlakat tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, o‘ng qanotdagi partiyalar Kiyevga harbiy yordamni qisqartirishni hamda Ukrainaning Yevropa ittifoqiga kirish jarayonini bloklashni talab qila boshladi.

Nega bunday?

Ukraina isyonchi armiyasi (UPA) Ikkinchi jahon urushi yillarida etnik ukrainlar yashovchi yerlarda mustaqil ukrain davlatini tashkil etish uchun qurolli kurash olib borgan. Natsistlar Germaniyasining okkupatsion ma’murlari, sovet partizanlari (Ukraina deokkupatsiya qilinganidan keyin – SSSR hukumati) va polshaliklarning yashirin qurolli guruhlari ushbu tashkilotning dushmanlari bo‘lgan.

UPA jangchilari diversiya va harbiy harakatlarda ishtirok etishdan tashqari tinch aholi orasida etnik qirg‘inlar ham o‘tkazib turgan. Bunday epizodlardan eng mashhuri Volin qirg‘ini hisoblanadi – 1943 yilda bir necha oy ichida Volin hududida (bu zamonaviy Ukraina, Polsha va Belarus chegaralari tutashgan hududdagi tarixiy oblastdir) 50 mingdan ortiq tinch aholi vakillari o‘ldirilgan, qurbonlarning aksari – etnik polyaklar edi. Polshalik tarixchilarga ko‘ra, UPA tomonidan o‘tkazilgan etnik qirg‘inlar natijasida 1943-1945 yillar mobaynida halok bo‘lgan polyaklar soni 100 mingga yetadi.

Zamonaviy Polshada Volin qirg‘ini rasman Polsha aholisi genotsidi deb ataladi. Zamonaviy Ukrainada esa Rossiya bilan urush fonida UPA birinchi navbatda mustaqillik uchun kurash ramzi sifatida ko‘riladi.

19 iyun kuni Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Volodimir Zelenskiy mamlakatdagi eng oliy davlat mukofoti – Oq burgut ordenidan (Zelenskiyga bu mukofotni 2023 yilda Polshaning sobiq prezidenti Anjyey Duda bergandi) mahrum etilishini e’lon qildi. «Polsha jamiyatining katta qismi uchun Ukraina isyonchi armiyasi, birinchi navbatda, Ikkinchi jahon urushi paytida Polsha fuqarolariga qarshi sodir etilgan shafqatsiz jinoyatlar uchun mas’ul tuzilma bo‘lib qoladi», – deya o‘z qarorini izohlagan Navrotskiy.

Bunga javoban ukrainalik siyosatchilar Polshadan olingan davlat mukofotlarini qaytara boshlashdi. Xususan, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov, uning o‘rinbosari Igor Jovkva, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga hamda Varshavadagi elchi Vasiliy Bodnar «Polsha oldidagi xizmatlari uchun» ordenining Komandor kresti va kavaler yulduzidan voz kechishlari haqida ma’lum qilishdi.

Budanov Navrotskiyning qarorini «Ukraina xalqiga nisbatan do‘stona bo‘lmagan harakat» deb atadi. Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchuk bu «Ukraina-Polsha hamkorligi uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib keladigan halokatli xato» ekanini ta’kidladi.

Polsha TIV rahbari Radoslav Sikorskiy «tarix va ordenlar urushidan faqat Moskva yutishi mumkinligi»ni qayd etdi. Va allaqachon u yerdan kinoyali izohlar bildirilishi boshlangan.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk keskinlikni kuchaytirmaslikni taklif qildi. «Polsha va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat Putinni quvontiradi va ittifoqchilarimizni karaxt ahvolga soladi. Prezidentlar Zelenskiy va Navrotskiyning vazifasi – keskinlikni kuchaytirish emas, balki his-tuyg‘ularni jilovlab olishdir. Front chizig‘i boshqa joyda», – deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida. Darvoqe, agar Tusk prezidentning Zelenskiyni Oq burgut ordenidan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorini imzolamasa, bu qaror yuridik jihatdan kuchga kirmaydi.

Ammo Vladimir Zelenskiy allaqachon o‘z ordenini pochta orqali Karol Navrotskiyga yuborganini ma’lum qildi. «Agar bu maxsus ramzni Yekaterina Ikkinchi, Benito Mussolini va Gerxard Shrederda qolishi mumkin deb hisoblashsa, unda biz Ukrainadagilar bu bo‘yicha bahslashmaymiz», – deya yozgan u ijtimoiy tarmoqda va Kiyev Polsha xalqidan qo‘llab-quvvatlov va hamkorlik uchun minnatdor bo‘lib qolaverishini qo‘shimcha qilgan.

Zelenskiy / Official / Telegram

Zelenskiy ortidan Ukrainaning sobiq prezidentlari Leonid Kuchma (u bu ordenni 1997 yilda Varshavada qabul qilib olgan), Viktor Yushchenko va Petro Poroshenko ham o‘zlariga berilgan Oq burgut ordenlaridan voz kechishdi.

Xususan, Poroshenko bu ordendan voz kechishiga Polsha prezidentining Volodimir Zelenskiyni bu mukofotdan mahrum etgani sababligini ta’kidlagan.

Zelenskiyning holatida ham, men bilan bog‘liq holatda ham davlat rahbarlari emas, balki ukrainlar, Ukraina, Polsha va butun Yevropani himoya qilayotgan askarlarimiz mukofotlangan. Shuning uchun Oq burgut ordenidan voz kechishga qaror qildim.

Ikki hafta oldin kengashdagi [parlament fraksiyalari rahbarlari kengashi] hamkasblarimga agar prezident Navrotskiyni xato qaror qabul qilmaslikka unday olmasak, shunday yo‘l tutishni va’da qilgandim. Afsuski, buni uddalay olmadik.

Poroshenko Navrotskiyning qarorini «ukrain xalqiga nisbatan noto‘g‘ri va adolatsiz» deb hisoblashini qo‘shimcha qildi. «[Dmitriy] Medvedev buni olqishlagani bejiz emas. Kreml har doim Ukraina va Polsha o‘rtasidagi birlikni zaiflashtiradigan har qanday narsani olqishlaydi», – deb yozdi Poroshenko.

Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Zelenskiyni Oq burgut ordenidan mahrum qilish qarori yuzasidan qo‘shimcha izoh berib, Polsha xalqining «og‘riq chegarasi» borligini va Ukraina prezidenti Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalaridan biriga «UPA qahramonlari» nomini berish orqali bu chegaradan o‘tganini qayd etgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid