O‘zbekiston | 09:10
1677
17 daqiqa o‘qiladi

Mundialdagi tarixiy debyut va qaytarib beriladigan soliq – hafta dayjesti

Orzular ushaladi, yurak urib tursa bas: O‘zbekiston mundialdagi ilk golini urdi. Hujjatsiz yer egalari diqqatiga: muayyan davrda uch karra undirilgan soliqlar qaytariladigan bo‘ldi. Korrupsiya uchun jazo og‘irlashadi: poraxo‘rlarni muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanyapti. Yakunlangan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.

O‘sha kun keldi

Nafaqat ortda qolgan hafta, balki butun 2026 yil uchun ham O‘zbekiston ijtimoiy hayotida mundialdagi debyutimizdan-da yorqinroq voqeani topish qiyin bo‘lsa kerak. Milliy jamoamiz o‘zi haqidagi keng yoyilgan skeptik qarashlarni chippakka chiqarib, kuchli raqibga qarshi ishonchli o‘yini, futbolchilarning jismoniy holati, uyushtirgan xavfli vaziyatlari va albatta debyut goli bilan okeanortiga faqat muzqaymoq yeyish uchun bormaganliklarini isbotlashdi.

Ochig‘ini aytganda, reytingi ancha yuqori Kolumbiyaga qarshi o‘yindan kutilmalar yuqori emasdi. Hatto muxlislarning bir qismi: “Ishqilib, sharmanda bo‘lmasak bo‘ldi” degan kayfiyatda edi. Amalda esa Kannavaro kurashlarga shay, raqobatbardosh jamoa shakllantirgani ma’lum bo‘ldi. Va o‘sha yorug‘ 18 iyun tongida, jafokash o‘zbek muxlisi Abbos Fayzullayev ijrosida ilk bor mundial golining mazasini totib ko‘rdi.

Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor, degan iborani shu o‘rinda qo‘llasak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘yindan oldin aksariyat muxlislar vaziyatga real qarab, g‘alabadan emas, asosan yaxshi o‘yin va birinchi goldan umid qilayotgandi, va jamoamiz bu ikkita istakning ikkalasini ham bajo keltirdi.

Endigi maqsad – birinchi ochko va birinchi g‘alaba. Aftidan, buning uchun jamoamizga biroz sovuqqonlik va pragmatik yondashuv zarar qilmaydi. Bizningcha, Abbosning golidan keyin hisob tenglashgach, raqibning imkoniyatlariga to‘g‘ri baho berib, o‘yin sur’atini biroz pasaytirishimiz foydadan xoli bo‘lmasdi. Chunki durang natija ham bizni qanoatlantirardi. Ko‘rinib turibdiki, goldan keyingi ruhan ko‘tarinki kayfiyat bilan yana hujumga shoshilish – xatolarga yo‘l ochadi. Jahon chempionati esa xatolar kechiriladigan joy emas.

Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi goldagi xato Shomurodovning to‘pni oldirishidan emas, to‘p autdan aynan unga tashlab berilganidan boshlangan. “Men doim o‘yinchilardan to‘pni autdan markazga tashlamaslikni so‘rayman, lekin [o‘sha vaziyatda] biz to‘pni markazga tashladik va ikkinchi golni aynan shunaqa epizoddan keyin o‘tkazib yubordik”, dedi murabbiy o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.

O‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan biri Otabek Shukurov bo‘ldi. / Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

Umuman olganda, 1-turdan keyin ma’lum bo‘ldiki, Kolumbiya yoki hatto Portugaliya kabi jamoalar ham “monstr” emas, ular bilan o‘ynasa bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan: milliy jamoamizda mundial tajribasi to‘planib, tarkibimizda TOP klublarda o‘ynaydigan futbolchilar ko‘payib borgani sayin, yuqoriroq maqsadlar sari odimlay olamiz. Hozircha esa, uzoq yillar kutilgan birinchi golimizdan faxrlansak arziydi. Prezident ta’biri bilan aytganda, ilk gol ham aslida g‘alaba.

“O‘zbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizg‘in kechgan o‘yinda futbolchilarimiz mundialda birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Oson emas, birinchi marta... Biz 34 yil kutgan voqea bo‘ldi. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz, bu – g‘alaba”,dedi Shavkat Mirziyoyev.

Voqelikka faqat sport nuqtayi nazaridan emas, kengroq rakursda qarasak, mundialda o‘ynayotganimiz – hech qanday mubolag‘asiz vatanimiz uchun tarixiy yutuq. Ijtimoiy fanlardagi nation-building, ya’ni milliy birlikni shakllantirish konsepsiyasiga ko‘ra, millionlab vatandoshlar ko‘nglidan chuqur joy olgan umummilliy hikoyalar – millatni birlashtiruvchi eng muhim omillardan sanaladi. Milliy birlik esa, milliy mustaqillikning poydevori demakdir.

Shu ma’noda, afsonaviy “Atsteka” stadionida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab, madhiyamiz yangrashi, keyinroq tanaffus payti Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘i qo‘yilgani – bir paytlar bir murabbiyimiz aytgan “borimiz shu” degan pessimistik narrativni chilparchin qildi, deya olamiz.

O‘yinni stadiondan ko‘rib, o‘tkazib yuborilgan goldan ko‘zyosh to‘kkan bolakay Isfandiyor va uni ovutishga uringan kolumbiyaliklar esa, bizni mundial hayotining maydon tashqarisidagi ta’sirli voqeliklari ishtirokchisiga ham aylantirdi. Holat videosi Instagram'da 15 million martadan ortiq ko‘rildi, taniqli karikaturachi Hamid Sahari nazariga tushdi. Isfandiyorning otasi Bektosh Hotamovning so‘zlariga ko‘ra, bu videodan keyin BBC va CNN kabi global auditoriyaga ega telekanallar va hatto FIFA rasmiylari unga aloqaga chiqishgan.

Toshkent investforumiga 8 ming mehmon keldi

Mundialda qardosh xalqlar ham bizga muxlislik qilyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shnilarimiz O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashini aytgan ko‘plab videolar butun mintaqa xalqlarini birlashtiryapti: bu videolar ostida qo‘shnilarimiz iliq tilaklarni, vatandoshlarimiz esa samimiy minnatdorchiliklarini yozib qoldirishyapti. Bunday o‘zaro iliqlikni siyosiy yetakchilar orasida ham kuzatish mumkin. Toshkent xalqaro investitsiya forumiga kelgan qardosh xalqlar vakillari O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvlarda Jahon chempionati mavzusini ko‘p tilga olishyapti.

Jumladan, Ozarboyjon, Tojikiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda O‘zbekistonga muxlislik qilishlarini aytishdi. “O‘zbekiston futbolchilari Jahon chempionatida barchamizning sharafimizni himoya qiladi. Birodar Ozarboyjon sizlarga muxlislik qiladi. Guruh eng oson guruh emas, lekin ishoning, biz sizlarga muxlislik qilamiz”, – dedi Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov. Uchrashuvlarda Tojikiston bosh vaziri O‘zbekiston joriy mundialga chiqqan post-sovet mintaqasidagi yagona davlat ekanini urg‘ulagan bo‘lsa, Qirg‘iziston hukumati raisi O‘zbekistonga birinchi g‘alabani qo‘lga kiritishini tiladi.

Forumning o‘ziga kelsak, beshinchi marta o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuzga yaqin davlatdan 8 mingdan ortiq ishtirokchini, jumladan Germaniya va Albaniya prezidentlari, 8 ta davlat bosh vazirlari, ko‘plab xalqaro banklar va moliya institutlarining rahbarlarini o‘zida jamladi. Shavkat Mirziyoyev forumning ochilish sessiyasidagi nutqida O‘zbekiston oxirgi 5 yilda 123 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilganini aytarkan, chet el sarmoyalari uchun qulay muhit yaratish siyosati bundan keyin ham davom etishini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston YaIM 180 mlrd dollardan oshadi.

“Yana bir marta alohida aytmoqchiman: butun harakatlarimiz – investorga sharoit yaratib, investorni O‘zbekistonda siz deb aytishga tayyormiz. [...] Prezident sifatida shaxsan o‘zim va hukumatimiz yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz”, – dedi davlat rahbari.

Investitsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, forum doirasida jami 43 mlrd dollarlik 166 ta investitsiya kelishuviga erishilgan. Saudiyaning “Vision invest” kompaniyasi bilan Yangi Toshkent xalqaro aeroportini barpo etish bo‘yicha 2,8 mlrd dollarlik davlat-xususiy sheriklik shartnomasi, Viyetnamning “Rox Group” kompaniyasi bilan Buxoro shahrining buzilgan markazida ko‘p funksiyali majmualar qurishga oid 2 mlrd dollarlik kelishuv shular jumlasidan.

Forum kunlari Germaniya va Albaniya prezidentlari bilan davlatlararo muzokaralar, O‘zbekiston–AQSh biznes doiralari bilan yuqori darajadagi uchrashuvlar hamda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, Xorijiy investorlar kengashida ishtirok etayotgan kompaniyalar soni 85 taga yetgan va yig‘ilishdan oldin ulardan 120 ta yangi taklif kelib tushgan. Rasmiylarga ko‘ra, takliflar ro‘yobi ustidagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Uch karra yer solig‘i qaysi davr uchun, qanday qaytariladi?

Illyustrativ surat

2020-2024 yillarda hujjatsiz yer maydoni uchun fuqarolardan 3 karra oshirilgan stavkada undirilgan soliqlar qaytariladigan bo‘ldi. 15 iyun kuni imzolangan qonunga asosan, yer uchastkalaridan hujjatsiz foydalanganlik uchun jismoniy shaxslarga uch karra soliq hisoblash tartibi 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyunga qadar bo‘lgan davr uchun bekor qilindi.

Soliq qo‘mitasi vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda hujjatsiz yer maydonlariga ega fuqarolarning to‘lagan soliqlari qayta hisob-kitob qilinyapti. Hisob-kitoblar yakunida ortiqcha undirilgan summa birinchi navbatda fuqaroning mol-mulk yoki yer solig‘idan joriy qarzdorligini qoplashga yo‘naltiriladi. Qarzdorlik bo‘lmaganda yoki qaytariladigan summa qarzdorlikni yopishdan ortib qolgan holatda, fuqarolar ortiqcha summani “Soliq” ilovasi orqali qaytarib olishi mumkin.

Qachon degan savolga hozircha aniq javob yo‘q. Shunisi aniqki, hisob-kitob yakunlangach, fuqaroga nisbatan qaytarib beriladigan summa mavjud bo‘lgan taqdirda, bu “Soliq” ilovasining “Soliqlarim” nomli bo‘limida aks etadi. Bu bo‘lim orqali ortiqcha to‘lovni qaytarishga ariza berilganda, pul 15 kun ichida fuqaroning arizada ko‘rsatilgan bank kartasiga tushirib beriladi.

Qayd etish kerak, hujjatsiz yer maydonlari uchun 3 karra oshirilgan stavkada soliq hisoblash tartibi 2024 yil 1 iyundan keyingi davr uchun amal qilishda davom etadi. Bu tartibning bekor qilinishi faqat 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyunga qadar bo‘lgan davrga taalluqli. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, hozirda respublika bo‘ylab 6,8 millionta yer uchastkasining qariyb 60-70 foizidan odamlar hujjatsiz foydalanib kelmoqda.

Yangi qonunda yana bir muhim yangilik ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, endi fuqarolar soliqdan 12 mln 360 ming so‘mgacha miqdorda qarz bo‘lsa ham, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyini rasmiylashtira oladi. Avvalgi tartibga ko‘ra, fuqaroda istalgan summadagi soliq qarzining mavjud bo‘lishi – noqonuniy uyiga kadastr olishiga to‘g‘anoq bo‘lgan. Endi esa, 12 mln 360 ming so‘mgacha bo‘lgan soliq qarzini to‘lamasdan ham, hujjatsiz uy-joyni rasmiylashtirish mumkin.

Bundan tashqari, uy-joyga nisbatan huquqlarni e’tirof etish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilib, bu jarayonda undiriladigan bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilyapti. Eslatib o‘tamiz, hujjatsiz uylarga kadastr berishga oid tartib faqat 2018 yil 1 maygacha qurilgan uy-joylarga taalluqli.

Pora bergan ham, olgan ham jazoni oxirigacha o‘taydi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda poraxo‘rlarning falon yilga qamalishi, lekin 2-3 yil o‘tar-o‘tmay ozodlikka chiqib kelishi – uchrab turadigan holat. Endilikda shu kabi holatlarga chek qo‘yilishi kutilyapti. Tegishli qonun Senat tasdig‘idan o‘tib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.

Qonun bilan, pora olish, pora berish va bu jarayonda vositachilik qilish ayblovi bilan hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish institutini qo‘llash taqiqlanyapti. Faqat bu taqiq rasman pora oldi-berdisi deya e’tirof etilgan jinoyatlarga taalluqli. Holbuki, ayni shu qonun bilan Jinoyat kodeksiga “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama kiritilib, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilanyapti. Ya’ni “muddatidan ilgari ozod qilinmaydi, berilgan jazoni to‘liq o‘tashi shart” degan qoida korrupsionerlarning hamma toifalariga ham emas, faqat pora olgan, pora bergan yoki ikki o‘rtada vositachilik qilganlarga tegishli bo‘ladi.

Bundan tashqari, xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik va xususiy tashkilot xodimini pora evaziga og‘dirib olish jinoyatlari uchun jazo og‘irlashtiriladi. Shuningdek, davlat xaridlari va budjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun ma’muriy sanksiyalar ham kuchaytirilmoqda.

Qonun mualliflaridan biri bo‘lmish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shu haftadan boshlab yana bir yangi amaliyotni yo‘lga qo‘ydi. Agentlik IIV bilan hamkorlikda davlat xizmatchilarini qamoqxonalar va tergov hibsxonalariga ekskursiyaga olib boryapti. Bu orqali korrupsiyaga qo‘l urish qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib qo‘yish, shu bilan korrupsiya holatlarining oldini olish maqsad qilingan. Loyihaning ilk ishtirokchilari Qurilish va Bandlik vazirliklari hamda Kadastr agentligi xodimlari bo‘lgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov lavozimidan ozod etildi. U O‘zbekiston sud tizimini 2022 yil avgustidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Islomovning vakolati muddatidan oldinroq tugatilgani sabablari yuzasidan izohlar bo‘lmadi. Prezident taqdimi bilan, Senatda uning o‘rniga Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi etib saylandi. 68 yoshli siyosiy arbob bu lavozimdagi ilk ayol rahbarga aylandi. Robaxon Mahmudova muqaddam Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari, Senat a’zosi lavozimlarida ishlagan; 2024 yil yanvaridan buyon “Adolat” partiyasini boshqarib kelayotgan edi.

Muzrabot tumani hokimi g‘alla rejasini bajarmagan fermerlarni bo‘ralatib so‘kdi. Kun.uz'ga kelib tushgan audioda hokim Abdulla Mamatqulov g‘alla topshirish rejasini bajarishda kechikayotgan fermerlarni onasidan haqoratlab, ularga sanoqli soatlar ichida rejani yopish majburiyatini qo‘yganini eshitish mumkin. Bu xabardan keyin viloyat hokimligi holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, shu yil fevral oyida Human Righs Watch xalqaro tashkiloti va Inson huquqlari o‘zbek forumi “Fermerda erkinlik yo‘q” nomli 120 sahifali hisobot e’lon qilgan, unda O‘zbekistonda paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarga nisbatan tazyiqlar hamon davom etayotgani yoritilgandi.

Eski avtomobillar o‘z egalariga qimmatga tusha boshlashi mumkin. Ekologiya qo‘mitasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan qaror loyihasi bilan, ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar egalaridan ekologik kompensatsiya undirish taklif etilyapti. Kompensatsiya miqdori 1 yil uchun 30 BHM, ya’ni 12 mln 360 ming so‘m miqdorida belgilanishi mumkin. Yoshi o‘ttizdan oshgan mashinaning o‘z narxi ham shuncha turmasligidan kelib chiqilsa, bu qarorning qabul qilinishi – amalda eski-tuski mashinalarni taqiqlashga teng bo‘lib qoladi. Qaror loyihasida, shuningdek, eskirib ketgan ulovlar egalariga imtiyozli shartlarda yangi mashina olishi uchun vaucher berish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olishi osonlashadi. Jismoniy shaxslar yiliga 10 ming dollargacha, yuridik shaxslar esa yiliga 200 ming dollargacha mablag‘ni alohida ruxsat olmasdan investitsiya maqsadida xorijdagi hisobvaraqlarga o‘tkazishiga yo‘l ochilmoqda. Oddiyroq aytganda, o‘zbekistonliklarda Nvidia yo Apple aksiyalarini erkin sotib olish yoki umuman S&P 500 indeksiga investitsiya qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Xorijdagi investitsion hisobni to‘ldirish – tegishli litsenziyaga ega investitsiya vositachilarining ishtirokida amalga oshiriladi. Markaziy bankning tegishli qarori 2026 yil 17 sentabrdan kuchga kiradi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid