Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biznes uchun yagona QR-kod va korrupsionerlarga cheklovlar - mahalliy dayjest
1 iyuldan boshlab mijozlardan to‘lovni qabul qilish uchun yagona QR-kod tizimi ishga tushiriladi. Korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxati va korrupsionerlarga nisbatan joriy etiladigan cheklovlar belgilandi. Mahalla faoliyatini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. Yangi Namanganda IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Biznes uchun yagona QR-kod ishga tushadi
1 iyuldan boshlab biznesning yagona UzQR tizimidan foydalanishi majburiy bo‘ladi. Yangi tartibga ko‘ra, yuridik shaxslar mijozlariga nafaqat naqd yoki terminal orqali, balki yagona QR-kod orqali ham to‘lov qilish imkoniyatini yaratishi shart bo‘ladi. Bu qoidani buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
UzQR kodning asosiy xususiyati — iste’molchi istalgan bank ilovasi yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilgan holda to‘lovni amalga oshirishi. Bunda savdo va xizmat ko‘rsatish sub’yektlari bir necha xil QR-kod va to‘lov yechimlarini saqlab turish zaruratidan ozod bo‘ladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, UzQR uchun sotuvchidan tranzaksiya summasining 0,65 foizi miqdorida komissiya undiriladi. Xaridordan hech qanday haq undirilmaydi.
Korrupsionerlar reyestri joriy etiladi
Prezident 22 iyun kuni korrupsiya uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi.
Qonun bilan, korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxati va korrupsionerlarga nisbatan joriy etiladigan cheklovlar belgilandi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 18 ta moddasidan (yoki ularning ayrim dispozitsiyalaridan) iborat korrupsion jinoyatlar ro‘yxati tuzildi.
Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladigan bo‘ldi. Reyestrga kiritilgan shaxslarga davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish va boshqa cheklovlar joriy etiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan sana – 2026 yil 23 iyundan kuchga kirdi.
Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyun kuni mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda mahalla faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, shu vaqtgacha tadqiq etilgan 20 mingga yaqin ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga aloqador ayrim masalalar o‘rganilgan.
Shu munosabat bilan Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklifi bildirildi. Institut faoliyati katta ilmiy salohiyatga ega Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan bog‘liq holda yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi institut mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, “yettilik” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Ushbu tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla tizimi va “yettilik” a’zolarining malakasi oshiriladi.
Yangi Namanganda IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati, Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida barpo etiladigan zamonaviy IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Qiymati 117 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda minglab yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilganidek, xitoylik hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan 117 million dollarlik loyiha doirasida respublikaning olti hududida IT-park quriladi. Yangi Namangan shahrida barpo etiladigan majmua mazkur tashabbusning ilk loyihasi hisoblanadi.
Loyihaga muvofiq, 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino qad rostlaydi. Maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr bo‘lgan majmuada ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi joylashtiriladi.
Mavzuga oid
19:45 / 22.06.2026
Odamsimon robotlar zavodi va ko‘payib borayotgan avtomobillar - mahalliy dayjest
20:06 / 19.06.2026
Mashinalarni oqizgan sel va 1,5 millionga yetgan talabalar - mahalliy dayjest
19:27 / 18.06.2026
Milliy jamoaning tarixiy o‘yini va birinchi sun’iy yo‘ldosh interneti - mahalliy dayjest
19:17 / 17.06.2026