O‘zbekiston | 12:29
1037
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yong‘inga qarshi alohida rejim: nimalar qilinadi?

Toshkent shahrida 15 sentabrgacha yong‘inga qarshi alohida rejim joriy etildi. Umumiy ovqatlanish joylarida ovqat pishirish uchun propandan foydalanish taqiqlanmoqda. Kunning eng issiq vaqtida (soat 11:00 dan 17:00 gacha) propan va benzin shoxobchalarida yonilg‘i to‘kishga yo‘l qo‘yilmaydi. Muhandislik tarmoqlari yong‘inga qarshi tekshirib chiqiladi, nosoz gidrantlar tuzatiladi, noqonuniy shlagbaumlar olib tashlanadi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar hokimining 22 iyun kungi qarori bilan, shaharda 2026 yil 15 sentabrga qadar amal qiladigan yong‘inga qarshi alohida rejim joriy etildi.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Muhiddinovga tashkilot va korxona rahbarlarining yong‘inga qarshi profilaktika yo‘nalishida shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Bozorlar va kafe-restoranlar

Alohida rejim doirasida bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlarida taom tayyorlash maqsadida maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy ovqatlanish shoxobchalariga qonunchilik talablariga zid ravishda tabiiy gaz tarmoqlari va tizimlarining kiritilishi qat’iyan taqiqlanadi hamda bu borada nazorat kuchaytiriladi.

Bozorlar, savdo va ko‘ngilochar majmualar hududini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformatorlar, elektr taqsimlash qutilari, sim va kabellarning amaldagi iste’mol quvvatiga muvofiqligi hamda xavfsizlik qoidalariga javob berishi to‘liq o‘rganiladi.

O‘rganish davomida kabel-sim mahsulotlari laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi, shuningdek, uzoq muddat foydalanilganligi sababli izolyatsiya qatlami eskirgan va shikastlangan sim hamda kabellarni yangisiga almashtirish choralari ko‘riladi.

Yonilg‘i quyish shoxobchalari

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh, AGTKSh, AGKSh) qonuniy tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Ayniqsa, propan va benzin quyish shoxobchalarida havo harorati yuqori bo‘lgan kunning issiq vaqtida (soat 11:00dan 17:00ga qadar) katta sig‘imli transport vositalarida yoqilg‘i tashish hamda shoxobchaning yer osti hamda yer usti sig‘imlariga yoqilg‘i quyish va to‘kish ishlarining amalga oshirilishiga qat’iy chek qo‘yiladi.

Suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida yoqilg‘i tashuvchi sisternalarni (MAN, KAMAZ va h.k.) to‘g‘ridan to‘g‘ri ulagan holda yengil avtotransport vositalariga gaz quyish qat’iyan taqiqlanadi; bunday xavfli holatlar aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanadi va shoxobchalar faoliyati to‘xtatiladi.

Mahallalar va aholi uylarida

Mahallalardagi ichki ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar va obektlar hududlarida maxsus avtotransport vositalarining (yong‘in-qutqaruv, tez tibbiy yordam va h.k.) erkin harakatlanishini cheklab qo‘ygan sun’iy to‘siq (shlagbaum)lar va shu kabi boshqa g‘ovlarni aniqlash hamda noqonuniy qurilmalarni belgilangan tartibda bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Uylardagi umumiy elektr tarqatish qutilarida nominal tok kuchidan yuqori bo‘lgan himoya avtomatlari va qo‘lbola saqlagichlardan foydalanish holatlariga butunlay barham berilishi kerak.

Pech va dudburonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb qilgan holda, aholi xonadonlaridagi hamda ko‘p kvartirali uylardagi elektr qurilmalari, gaz ta’minoti qurilmalari, suv isitish qozonlari, dudburon va shamollatish (ventilyatsiya) tizimlarining holatini to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazib, aniqlangan barcha nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Yong‘inga qarshi gidrantlar va suv hovuzlari

Alohida rejim doirasida:

  • shahar hududida nosoz holatdagi yong‘inga qarshi gidrantlar va suv hovuzlari to‘liq aniqlanib, zudlik bilan ta’mirlanadi;

  • yangidan barpo etilayotgan aholi yashash punktlari va massivlarida shaharsozlik norma hamda qoidalari talablariga qat’iy rioya etilgan holda, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlarining (yong‘in gidrantlari va suv hovuzlarining) to‘liq va soz holatda topshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi;

  • yong‘inga qarshi tashqi suv ta’minoti manbalari cheklangan yoki suvsiz hududlari mavjud bo‘lgan tumanlarda, tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi maxsus suv tashish texnikalarining (vodovoz) kun-u tun (24 soatlik) navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi;

  • yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimi bo‘lmagan, suvsiz hududlarda sun’iy yong‘in o‘chirish suv havzalarini tashkil etish, shuningdek, mavjud tabiiy suv manbalaridan (kanallar, ariqlar) yong‘in-qutqaruv texnikalari orqali suv olish uchun maxsus maydonchalar (pirslar) barpo etish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga asoslantirilgan takliflar kiritiladi.

Boshqa vazifalar

Mas’ul tashkilotlarga:

  • aholi punktlari va ochiq maydonlarda yonishga moyil bo‘lgan begona o‘tlar, qurigan o‘simliklar va maishiy chiqindilar to‘planib qolgan joylarni aniqlab, zudlik bilan tozalash;

  • o‘ta muhim va toifalangan obektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini barqaror ta’minlash hamda tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish;

  • poytaxtdagi 47 ta maktabda tashkil etilayotgan “Kunduzgi oromgohlar”da bolalar xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan barcha zaruriy choralarni ko‘rish topshirildi.

Targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi

Alohida rejim doirasida aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligi qoidalarini tushuntirish, ogohlantirish va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish hamda tavsiyalar berishga qaratilgan profilaktika tadbirlari keskin kuchaytiriladi.

Bunda asosiy e’tibor sovitish konditsionerlari va boshqa maishiy elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish masalalariga qaratiladi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid