Sport | 03:11
2310
3 daqiqa o‘qiladi

“Strategik jihatdan biz yutib bo‘ldik” – O‘zbekistonning AQShdagi elchisi

Kongo DR bilan o‘yindan avval Atlanta shahridagi xiyobonda o‘zbek futbol ixlosmandlari hamda yurtdoshlarimiz ishtirokida milliy jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ularning ichida nafaqat o‘zbekistonliklar, balki qo‘shni mamlakatlardan ham mehmonlar bor. Biz allaqachon g‘olibmiz, strategik jihatdan yutdik, deydi O‘zbekistonning AQShdagi elchisi.

Jorjiya shtati, Atlanta shahrida joylashgan zamonaviy Mercedes-Benz stadionida AQSh vaqti bilan 27 iyun kechqurun, O‘zbekiston vaqti bilan esa 28 iyun tongda jahon chempionati doirasida o‘yin bo‘lib o‘tadi. Bu katta ehtimol bilan O‘zbekiston milliy jamoasining oxirgi o‘yini bo‘lishi mumkin. Lekin, futbolchilar va milliy jamoa g‘alabadan umidvor.

Atlantadagi Founders Green Park’da AQSh, Kanada, Meksikadagi o‘zbeklar, o‘zbek diasporasi vakillari, futbol ixlosmandlari va muxlislar ishtirokida o‘yin oldidan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda o‘zbekona kuy-qo‘shiqlar yangradi, yurtdoshlarimiz raqsga tushdi, futbolchilarga omad tiladi.

Kun.uz tadbirga kelgan O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi – Furqat Sidiqov bilan suhbatlashdi. Biz g‘alaba qozondik, strategik jihatdan yutdik, deydi diplomat.

“Bu yerda faqatgina vatandoshlarimiz emas, Markaziy Osiyodan kelgan bizning qardosh qo‘shnilarimizning vakillari ham bor. O‘zingizga ma’lum, bu birinchi tadbir emas. Biz har bitta jamoamiz o‘ynagan shaharda mana shunaqa tadbirlarni qildik. Elchixona va boshqa vazirliklar bilan birgalikda. Nafaqat bizning vatandoshlar, diaspora vakillari, balki qo‘shni davlatlardan ham kelishdi. Bizning futbolimiz Markaziy Osiyoni birlashtirdi”, deydi Furqat Sidiqov.

Elchining qo‘shimcha qilishicha, Kongo bilan o‘yinda futbolchilarimiz g‘alaba qozonishi kerak. Lekin strategik jihatdan biz allaqachon yutdik, deya qo‘shimcha qiladi Sidiqov.

“Hozir Atlanta O‘zbekistonga aylandi. Qayerga qarasangiz o‘zbeklar. O‘zbekiston madhiyasi yangraganda va bayrog‘imiz stadionga chiqqanda millionlab odamlar ko‘rdi. Hozir O‘zbekistonga boraman degan odamlar , bilasizmi, elchixonaga murojaatlar kamida 3-4 martaga ko‘payib ketdi. Bu katta reklama”, deydi AQShdagi elchi.

Shuningdek, xiyobonda yig‘ilgan yurtdoshlarimiz ham Kongoga qarshi o‘yindan g‘alaba kutayotganliklarini bildirishdi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid