G, H va I guruhlarida so‘nggi tur shiddatli uchrashuvlarga boy bo‘ldi.

Jahon chempionatida guruh bosqichi yakuniga yetib bormoqda. 26 iyun kuni kechqurun va 27 iyun kuni tongda G, H va I guruhlarida uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ispaniya Urugvay ustidan g‘alaba qozondi (1:0), Kabo-Verde Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynab (0:0), pley-offga chiqdi, Belgiya Yangi Zelandiyaga rahm qilmadi (5:1), Eron Misr bilan o‘yinda ochkolarni teng bo‘lib oldi (1:1) va boshqa o‘yinlarning natijalarini kutadigan bo‘ldi.

Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Urugvay futbolchilari va bosh murabbiy Marselo Biyelsa o‘rtasida mojaro chiqqan, Shvetsiya vingeri Elanga esa turnir qoidalarini tushunmay, yaponlar bilan o‘yindan keyin yig‘lagan.

Urugvay mojaro bilan turnirni tark etdi

Urugvay – Ispaniya 0:1
Gol: Baena, 42 (0:1)
Urugvay: Muslera (Rochet, 46), Kaseres, Olivera, Sanabriya (Rodriges, 70), Varela, Ugarte (De la Krus, 45), Bentankur, Valverde (Vinyas, 57), Arauxo, Kanobbio, Nunes
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri, Pedri (Ruis, 60), Merino (Olmo, 60), Baena (Pino, 66), Yamal (Torres, 76), Oyyarsabal (Uilyams, 76)
Ogohlantirishlar: Sanabriya, 54. Varela, 58. De la Krus, 90– Baena, 46
Chetlatish: Kanobbio, 90

N guruhida so‘nggi tur oldidan barcha a’zolarda pley-offga chiqish imkoni saqlanib turgandi. Shu jumladan, Urugvayda ham – Biyelsa shogirdlari ikki turda 2 ochko jamg‘argan va turnirdagi ishtirokini davom ettirish uchun Ispaniyani yengish talab etilardi.

Bu oson vazifa emasdi, ammo birinchi bo‘limning katta qismida janubiy amerikaliklar kuchli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishdi va hisobni ochish uchun bir necha imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Ammo bo‘lim oxirlarida gol o‘tkazib yuborildi. Bu gol uchun aybni to‘liq Fernando Muslera o‘z zimmasiga olishi mumkin – 40 yoshli darvozabon u qadar kuchli bo‘lmagan va o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi. Bu uning uchun chempionatda uchinchi marta qovun tushirishi bo‘ldi – Saudiya va Kabo-Verde bilan o‘yinlarda ham uning xatolari ikki golga sababchi bo‘lgandi.