O‘zbekiston | 10:57
1123
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasida tekshiruvlarning yangi mexanizmi joriy etildi

Yoqilg‘i-energetika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirishda «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlarning xavf darajasi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi, past xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Adliya vazirligi yoqilg‘i-energetika sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish bo‘yicha «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjatga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.

Shuningdek, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xavf darajasini baholash elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, neft va neft mahsulotlari, tabiiy hamda suyultirilgan gaz, shuningdek, energiya auditi sohalari uchun belgilangan alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.

Natijalarga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida o‘tkaziladi.

Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Ayni paytda, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid