Jahon | 21:14 / 30.06.2026
1018
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Oliy sudi tug‘ilganda fuqarolik olish huquqini tasdiqladi

AQSh Oliy sudi 30 iyun kuni prezident Donald Trampning tug‘ilganlik huquqi asosida fuqarolik olish imkoniyatini cheklashga uringan farmonini bloklagan quyi sud qarorini tasdiqladi.

Foto: REUTERS/Kylie Cooper

Reuters xabariga ko‘ra, Trampning ushbu farmoni davlat idoralariga, agar ota-onasidan biri AQSh fuqarosi yoki doimiy rezidenti (yashil karta egasi) bo‘lmasa, AQShda tug‘ilgan bolalarning fuqaroligini tan olmaslikni buyurgan edi.

Oliy sudning olti nafar sudyasi tegishli farmonga qarshi, uch nafari esa uni yoqlab chiqdi.

Tramp 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan so‘ng ushbu hujjatni birinchilardan bo‘lib imzoladi.

Tug‘ilish bo‘yicha fuqarolik huquqi — bu shunday tamoyil bo‘lib, unga ko‘ra inson tug‘ilish paytida avtomatik ravishda fuqarolikka ega bo‘ladi. 

Xalqaro amaliyotda ikkita asosiy yondashuv mavjud:

1. Tuproq huquqi - bunda fuqarolik tug‘ilgan joyi bo‘yicha beriladi. Misol: AQSh hududida tug‘ilgan bola, odatda, ota-onasining fuqaroligidan qat’i nazar, avtomatik ravishda AQSh fuqarosiga aylanadi.

2. Qon huquqi - bunda fuqarolik tug‘ilgan joyi bilan emas, ota-onaning fuqaroligi bilan belgilanadi. Aynan shu tamoyil Yevropa va Osiyoning aksariyat mamlakatlarida asosiy hisoblanadi. Masalan, O‘zbekistonda qon huquqi tamoyili asosiy hisoblanadi. Agar ota-onasidan hech bo‘lmaganda biri yoki ikkalasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, bola tug‘ilish bo‘yicha fuqarolikka ega bo‘ladi (qonunda nazarda tutilgan shartlarga rioya qilinganda). Fuqarolikni avtomatik ravishda olish uchun mamlakat hududida tug‘ilganlik faktining o‘zi yetarli emas.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid