Sport | 12:25
5366
13 daqiqa o‘qiladi

JCh kundaligi. Yaponlarda drama, Marokashda kambek, Paragvaydan sensatsiya

Niderlandiya va Germaniya penaltilar seriyasida yutqazib, turnirni tark etdi, Braziliya yurishini davom ettiradi.

Foto: Reuters

2026 yilgi jahon chempionati 1/16 final bosqichi davom etmoqda. 29 iyun kuni kechqurun va 30 iyun tongida o‘tkazilgan o‘yinlarda yana uchta juftlik taqdiri hal bo‘ldi: Braziliya so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga Yaponiya to‘sig‘idan o‘tdi (2:1), Germaniya sensatsion ravishda Paragvayga yutqazib qo‘ydi (1:1, penaltilar seriyasida 3:4), Marokash esa Niderlandiya bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida gol urib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib bordi va futbol lotereyasida omadliroq chiqdi (1:1, penaltilar seriyasida 2:1).

Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lmoqda: FQB o‘yinlar o‘tkaziladigan hududlarda 400 ta dronni musodara qildi, Saudiya Arabistoni va Chexiya milliy jamoalarida ham iste’folar ro‘y berdi, Lionel Messi va Neymar esa xayriya bilan shug‘ullanmoqda.

Yaponlar dramasi

Braziliya – Yaponiya 2:1
Gollar:
Sano, 29 (0:1). Kazemiro, 56 (1:1). Martinelli, 90+5 (2:1)
Braziliya: Alisson, Gabriel Magalyayns, Markinos, Duglas Santos, Danilo Luis, Kazemiro (Fabinio, 90+1), Lukas Paketa (Endrik, 46), Gimarayns (Danilu Santos, 90+7), Vinisius Junior, Rayan, Kunya (Martinelli, 65)
Yaponiya: D. Sudzuki, Taniguti, X. Ito, Tomiyasu, Kamada (Tanaka, 78), Sano, Nakamura (Sugavara, 66), Doan (D. Sudzuki, 66), Maeda (Ogava, 90+7), D. Ito (Matino, 78), Ueda
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 14. Danilo Luis, 48 – Sano, 12. Kamada, 45. D. Sudzuki, 84

Braziliya jahon chempionati 1/16 finalidayoq katta qiyinchilikka uchradi. Guruh bosqichida Niderlandiya va Shvetsiya bilan tengma-teng o‘ynab, Tunisni yirik hisobda mag‘lub etgan yaponlar pentakampeonlarga ham kurash taklif etishdi.

Birinchi bo‘limdan keyin osiyolik fanatlar g‘alabaga yaqin edi – ularning sevimli jamoasi nafaqat brazillar hujumlariga dosh berdi, balki Kaysu Sanoning goli evaziga hisobda oldinda ham borishdi. Ammo xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi: ikkinchi bo‘lim boshlarida Karlo Anchelotti shogirdlari hisobni tenglashtirishdi – «Arsenal» himoyachisi Gabriel Magalyayns jarima maydoni yaqinida to‘pni havodan darvozabon hududiga oshirdi, u yerda Kazemironi hech kim qo‘riqlamadi va u bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. 90+5-daqiqada esa «Arsenal» vingeri Gabriyel Martinelli aniq zarba bilan g‘alaba golini urdi, unga bu vaziyatda shu yozda «Arsenal»ga o‘tishi kutilayotgan Bruno Gimarayns assistentlik qildi.

Bu «selesao»ning o‘yindagi 19-zarbasi edi (Yaponiyada jami beshta zarba, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 7:2). Va brazillar yakunda haqli g‘alabaga erishdi.

Yaponiya esa alamli tarzda navbatdagi turnir bilan xayrlashdi – bu kunchiqar yurt vakillari uchun noxush seriya davom etishi bo‘ldi – «samuraylar» qatorasiga uchinchi mundialda pley-off o‘yinida hisobda oldinda borgan holda yakunda yutqazib qo‘ymoqda. Bungacha 2018 yilgi turnirda Belgiya (2:3), 2022 yilgi turnirda – Xorvatiya (1:1, penaltilar seriyasida 1:3) bilan o‘yinlarda shunday holat kuzatilgandi.

Keyingi bosqichda Braziliya Kot-d'Ivuar – Norvegiya juftligi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi.

Niderlandiya turnir bilan xayrlashdi

Niderlandiya – Marokash 1:1
Gollar:
Gakpo, 72 (1:0). Diop, 90+1 (1:1)
Penaltilar seriyasi: Kopmeyners – (1:0). Al-Aynaviy – (1:0)(ustun). Klyuyvert – (1:0)(ustun). Rahimiy – (1:1). Veghorst – (2:1). Talbi – (2:2). Timber – (2:2)(xato). Hakimi – (2:2)(ustun). Sammervill – (2:2)(darvozabon). Saybari – (2:3)
Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, Ake (Kopmeyners, 71), van Hekke, Gravenberh (Hato, 86), de Yong (de Ron, 110), van de Ven (Timber, 86), Dumfris, Gakpo (Klyuyvert, 113), Sammervill, Brobbi (Veghorst, 71)
Marokash: Bunu, Diop, Riyoz (Salohiddin, 75), Mazraviy, Hakimi, Buaddi (Al Murabet, 79), Al-Aynaviy, Unai (Rahimi, 86), Al-Hannus (Talbi, 87), Dias (Yasin, 79), Saybari
Ogohlantirish: Diop, 47

Niderlandiya va Marokash o‘yinni navbati bilan hujumlar uyushtirish orqali boshladi. Dastlabki daqiqalardanoq futbolchilar o‘zini ham, raqibni ham ayamay o‘ynashdi, Yan Paul van Hekke va Ismoil Saybari o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqishiga oz qoldi: marokashlik hujumchi butsasi bilan raqib himoyachisining boshiga zarba berib yuborgandi.

Birinchi bo‘limning asosiy qahramonlari darvozabonlar bo‘lishdi: Verbryuggen ham, Bunu ham bir necha bor o‘z mahoratini ishga solib, jamoasini qutqarishiga to‘g‘ri keldi.

Ikkinchi bo‘limda esa ko‘pchilikni yig‘latgan ta’sirli voqea ro‘y bo‘ldi: 72-daqiqada Krisensio Sammervill jarima maydoniga kirib bordi va yiqilayotgan holda to‘pni chapdan ochilgan Kodi Gakpoga yetkazishga ulgurdi. «Liverpul» forvardi qaytarib bo‘lmas darajada kuchli zarba yo‘llab, hisobni ochdi.

Shundan keyin u cho‘kkalagancha yerga boshini qo‘ydi va yig‘lab yubordi.

Maydondagi va zaxira o‘rindig‘idagi jamoadoshlari uni qo‘llab-quvvatlash uchun yugurib kelishdi va atrofida halqa hosil qilishdi.

Gap shundaki, hozir Gakpo va uning oilasi og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda: uning turmush o‘rtog‘i Noa van der Bey bir necha kun oldin homilasi tushib qolganini ma’lum qilgandi – juftlik oktyabr oyida ikkinchi farzandni kutayotgandi.

Futbolchi o‘rnidan turganidan keyin ham ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmadi va ko‘z-yoshlarini futbolkasi bilan yashirishga harakat qildi.

Keyin esa qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi va golini tug‘ilmay qolgan o‘g‘liga bag‘ishladi.

Ammo uning goli jamoasi g‘alabasini ta’minlay olmadi. Marokashliklarni turnirni tark etishdan bir necha daqiqa ajratib turgandi, ammo qo‘shimcha daqiqalar boshlanganida Issa Diop afrikaliklar jamoasini qutqarib qoldi va o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarda davom etadigan bo‘ldi.

Overtaymda futbolchilar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi va g‘olibni penaltilar seriyasida aniqlaydigan bo‘lishdi. Bu seriyada futbolchilar navbati bilan xato qilishdi.

Niderlandlar safida beshinchi bo‘lib nuqtaga yaqinlashgan Sammervill ham xatoga yo‘l qo‘ydi.

Yosin Bunu burchak tomon sakrashiga ham to‘g‘ri kelmadi va oyoqda turgan holda to‘pni qaytardi.

Marokashliklar safida hal qiluvchi zarbani bergan Ismoil Saybari esa sovuqqonlik bilan harakat qilib, Niderlandiyani uyga jo‘natdi. Marokashning 1/8 finaldagi raqibi Kanada bo‘ladi.

Niderlandlar esa qatorasiga uchta jahon chempionatini penaltilar seriyasida yutqazgan holda tark etgan ilk jamoaga aylandi: 2014 va 2022 yilgi turnirlarda jamoa penaltilar seriyasini Argentinaga boy bergandi.

Nemislar sensatsion ravishda turnirni tark etdi

Germaniya – Paragvay 1:1
Gollar:
Ensiso, 42 (0:1). Havers, 54 (1:1)
Penaltilar seriyasi: Havers – (0:0)(darvozabon). Maurisiu – (0:1). Kimmih – (1:1). Gomes – (1:2). Musiala – (2:2). Galarsa – (2:3). Voltemade – (2:3)(darvozabon). Sanabriya – (2:3)(xato). Amiri – (3:3). Balbuena – (3:3)(darvozabon). Ta – (3:3)(xato). Kanale – (3:4)
Germaniya: Noyyer, Ryudiger (Tiau, 110), Ta, Braun, Kimmih, Pavlovich (Anton, 79), Nmecha (Goretska, 46), Virs (Amiri, 110), Sane (Voltemade, 88), Havers, Undav (Musiala, 63)
Paragvay: Hil, Kanale, Gomes, Alonso (Balbuena, 120+2), Kaseres (Oxeda, 99), Kubas, Bobadilya (Sanabriya, 99), Galarsa, Almiron (Velaskes, 91), Ensiso (Maurisiu, 57), Avalos (Kabalero, 55)
Ogohlantirishlar: Havers, 106. Musiala, 115 – Kubas, 65. Galarsa, 117

Jahon chempionatining birinchi turi Paragvay uchun AQShdan og‘ir mag‘lubiyat (1:4) bilan yakunlangandi. Lekin janubiy amerikaliklar tezda o‘ziga kelishdi va keyingi ikki o‘yinda kerakli natijaga erishib, pley-offga chiqdi.

Germaniya bu juftlikda yaqqol favorit edi. Kutilganidek, birinchi bo‘lim Yulian Nagelsmann shogirdlarining ustunligida kechdi: ular to‘pga egalik qilishdi (o‘yinning 80 foiz vaqtida), raqib jarima maydonini qamal qilishdi, ammo tig‘iz himoyaga qarshi deyarli hech narsa qila olishmadi. Paragvayning kam sonli hujumlaridan biri esa Hulio Ensiso hisobni ochishi bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘lim startida bundestim javob qaytardi: Kay Havers Florian Virs qanotdan oshirgan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. Shundan keyin ham o‘yin kartinasi o‘zgarmadi – nemislar bosim qilishda, raqib chuqur himoyalanishda davom etdi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Paragvay butunlay hujum qilishni to‘xtatib qo‘ydi: futbolchilar shunchaki penaltilar seriyasini kutib vaqt o‘tkazishdi. Bu reja 102-daqiqada barbod bo‘lishi mumkin edi, ammo videoassistentlar bilan maslahatlashuvdan keyin arbitr Jonatana Taning golini bekor qildi – bu hujum vaqtida janubiy amerikaliklar darvozaboni Orlando Hilga nisbatan fol ishlatilgani ma’lum bo‘ldi.

Shu tariqa, jamoalar penaltilar seriyasiga yetib borishdi, u yerda Hil Havers va Nik Voltemadening zarbalarini qaytardi va o‘yinni deyarli hal qildi. Uning jamoadoshlari yakuniy zarbani aniq ijro etishi kifoya edi, ammo Balbuena o‘yin taqdirini hal qila olmadi. Natijada yana nemislar xatosini kutishga to‘g‘ri keldi va Ta yordamga keldi: u to‘pni darvoza to‘sini yuqorisidan oshirib tepdi, Xose Kanale esa aniq zarbasi bilan Germaniyani uyiga jo‘natdi.

Paragvay keyingi bosqichda Fransiya – Shvetsiya juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

Iste’folar davom etmoqda

Guruh bosqichi yakunlanib, pley-off start olgan – hozircha jamoalarning bir qismida bayram hukmron, boshqalarida natijalar sarhisob qilinishi boshlangan. Sabri Lyamushi (Tunis), Hen Men Bo (Janubiy Koreya) va Stiv Klark (Shotlandiya) ortidan Chexiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Miroslav Koubek hamda Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi prezidenti Yosir Al-Mishal 2026 yilgi jahon chempionatining navbatdagi qurbonlariga aylanishdi.

Berilgan bayonotga ko‘ra, Koubek o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan, u «uchinchi tomon bosimi» haqida ham qayd etgan. U o‘z lavozimini Chexiya futbol assotsiatsiyasi rahbari David Trundega taklif qilgan – u bunga rozi bo‘lgan. Miroslav boshqaruvida chexlar jamoasi A guruhida 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallagandi.

Al-Mishal ham o‘z ixtiyori bilan iste’fo bergan – Saudiya Arabistoni N guruhida 2 ochko bilan oxirgi o‘rinda qolishini u «jamoa ambitsiyalariga mos emas» deb topgan va uning ketishi jamoaga kelgusida rivojlanishda davom etishiga imkon berishiga umid bildirgan.

AQSh uzra dronlar

Amerikalik politsiyachilar jahon chempionati o‘yinlari o‘tkazilayotgan hududlarda 400 dan ortiq dronni musodara qildi, deya hisobot berdi Federal qidiruv byurosi direktori Kesh Patel. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur uchuvchisiz uchish qurilmalari cheklovlar amalda bo‘lgan hududlar yaqinida uchirilgan.

Federal byuro rahbari o‘z xodimlari yakshanba kunining o‘zida Mayamida yettita apparatni musodara qilishgani, FIFA fan-zonalaridagi tadbirlar vaqtida ham yana shuncha dron aniqlangani haqida ma’lumot bergan.

Futbolchilar xayriya bilan shug‘ullanmoqda

Lionel Messi nafaqat maydonda, balki undan tashqarida ham yaxshi ishlarni amalga oshirmoqda. El Sumario xabariga ko‘ra, Argentina milliy jamoasi hujumchisi Venesueladagi zilziladan jabrlanganlar uchun mablag‘ yig‘ish tashabbusiga qo‘shildi. 25 iyun kuni mamlakat shimolida 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, 1700 ga yaqin odam halok bo‘lgan, yana bir necha ming kishi bedarak yo‘qolgandi.

Argentinalik futbolchi tomonidan xayriya qilingan mablag‘ning aniq miqdori oshkor etilmagan, biroq rafiqasi Antonella Rokutssoning e’lonidan keyin bir necha million dollar yig‘ilgani ma’lum. Xayriya qiluvchilar orasida Lionelning qadrdon do‘sti, braziliyalik Neymar ham bor – u jabrlanganlar uchun 250 ming dollar yuborgan.

Navbatdagi o‘yinlar

1/16 final bosqichi davom etmoqda – 30 iyun kuni kechqurun va 1 iyulga o‘tar kechasi quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:

  • 22.00. Kot-d'Ivuar – Norvegiya
  • 02.00. Fransiya – Shvetsiya
  • 06.00. Meksika – Ekvador
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid