Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampga qarshi Oliy sud va Pokistondagi fojia – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Sud Trampning farmonini noqonuniy deb topdi
AQSh Oliy sudi mamlakat hududida tug‘ilgan barcha bolalarga avtomatik ravishda fuqarolik berishni cheklovchi prezident farmonini noqonuniy deb topdi. Tegishli qaror AQSh Oliy sud instansiyasi saytida e’lon qilindi.
Prezident Donald Tramp bu farmonni ikkinchi muddatiga kelgan kuni — 2025 yil 20 yanvardayoq imzolagandi. Unga ko‘ra, tug‘ilish bo‘yicha Amerika fuqaroligini olish huquqi – onasi AQShda noqonuniy bo‘lib turgan yoki doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmagan bolalarga nisbatan qo‘llanmasligi belgilangandi. Mazkur hujjatni bekor qilish uchun olti nafar sudya ovoz berdi, uch nafari esa bunga qarshi chiqdi.
Bu huquq AQSh Konstitutsiyasiga 14-tuzatishi orqali — 1868 yil 9 iyulda kiritilgan. U AQShda tug‘ilgan va ozod qilingan sobiq qora tanli qullarning huquqlarini kafolatlashi kerak edi. Biroq tuzatish matni ancha kengroq bo‘lib, «AQShda tug‘ilgan yoki naturalizatsiya qilingan barcha shaxslarga» fuqarolik berilishi haqida gap boradi.
AQSh Oliy sudi raisi Jon Robers bu va’da amalda ekanini eslatib qo‘ydi: «14-tuzatish mualliflari ushbu va’dani 'bu zamindagi har bir erkin tug‘ilgan insonga' tatbiq etgan. Bugun biz ushbu va’dani bajarmoqdamiz», dedi sudya.
Donald Tramp mazkur ish ko‘rib chiqilayotganda, Oliy suddagi og‘zaki tinglovlarda shaxsan ishtirok etgan ilk amaldagi AQSh prezidenti bo‘ldi. Bu voqea 1 aprelda yuz bergandi.
Umuman olganda, Oq uy ma’muriyati «Amerika tuprog‘ida tug‘ilgan barcha shaxslarga fuqarolik berilishi noqonuniy migratsiya uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi» deb hisoblamoqda.
Muhofizlar korpusi a’zolari otib ketildi
Eron g‘arbidagi Kirmonshoh viloyatida sodir bo‘lgan otishmada Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikki a’zosi halok bo‘ldi, yana ikki nafari jarohatlandi.
Hujum dushanba kuni kechqurun Eronning Iroq bilan chegarasi yaqinida joylashgan Paveh tumanida sodir bo‘lgan.
Bayonotga ko‘ra, noma’lum qurollangan shaxslar uylardan birining kirish qismiga qarata o‘t ochgan. Rasmiy bayonotda ushbu voqea «qo‘rqoqlarcha va xiyonatkorona terrorchilik akti» deb baholangan.
Halok bo‘lgan ikki shaxsning ismi-sharifi to‘liq ochiqlanmagan, ular faqat Korpusning mahalliy a’zolari ekani ma’lum qilindi. Hujum oqibatida yana ikki kishi tan jarohati oldi.
Muhofizlar korpusi otishmaning barcha tafsilotlarini o‘rganish va aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Hozircha hech qaysi guruh ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
JARda migrantlarga qarshi namoyish
30 iyun kuni Janubiy Afrika Respublikasining turli shaharlarida mehnat muhojirlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ularning asosiy tashkilotchilari bir-biri bilan uzviy bog‘liq «Marsh va Marsh» hamda «Dudula operatsiyasi» harakatlaridir.
Mazkur tashkilotlar barcha noqonuniy muhojirlarga — 30 iyungacha JARni tark etish uchun muddat belgilagandi.
Agar rasmiylar — noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishni tezlashtirmasa va migratsiya nazoratini kuchaytirmasa, namoyishchilarning bir qismi ushbu harakatlarni kelgusida ham davom ettirish niyatida.
Namoyishlarda huquq-tartibot idoralari xodimlariga qurol qo‘llash taqiqlandi. Politsiya bayonotiga ko‘ra, aksiyalar umuman olganda tinch o‘tgan, biroq ayrim hollarda talon-toroj va tunashga urinish ham qayd etilgan.
Migratsiya bilan bog‘liq ijtimoiy noroziliklar fonida, JAR politsiyasi 2026 yil boshidan buyon 50 mingdan ortiq noqonuniy muhojir qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Namoyishlar boshlanishi arafasida mamlakatni tark etgan 25 ming muhojir uchun Nigeriya, Gana, Mozambik, Zimbabve va Malavi hukumatlari maxsus evakuatsiya reyslarini tashkil etdi. Ushbu mamlakat rasmiylari bunday reyslarni iyul oyida ham davom ettirishni rejalashtirmoqda.
JAR prezidenti Siril Ramaposa fuqarolarning namoyishlar o‘tkazish huquqini tan oldi, ammo mamlakatda qonuniy asosda bo‘lib turganlar — kafolatlangan himoyaga ega ekanini bildirdi.
Pokistonda halokat
Seshanba kuni Pokiston sharqidagi Lohur shahrida o‘quv markazi tomi o‘pirilib tushishi oqibatida 14 nafar bola halok bo‘ldi. Qutqaruv xizmatiga ko‘ra, mazkur hodisadan so‘ng hukumat mas’ullarning ehtiyotsizligi yoki beparvoligi bo‘yicha ehtimoliy jinoiy tergov harakatlarini boshlagan.
Qutqaruvchilar ushbu xususiy ta’lim muassasasi vayronalari ostidan bolalar va 30 yoshli ayol o‘qituvchini topgan. Halok bo‘lgan bolalar 16 yoshgacha bo‘lib, ularning aksariyati 9 yoshga ham to‘lmagan edi.
Panjob viloyati axborot vaziri Azma Boxari repetitorlik markazi rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagani hamda muassasa mutlaqo ta’mirtalab, eskirgan tom ostida ishlaganini bildirdi.
Bunday markazlar Pokistonda juda keng tarqalgan: u yerda maktab o‘quvchilari odatiy dars soatlaridan tashqari vaqtlarda qo‘shimcha saboq olishadi.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Panjob rasmiylariga musson yomg‘irlari mavsumi boshlanishidan oldin barcha xavfli binolarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish buyurilgan. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan xususiy ta’lim muassasalari uchun qat’iyroq nazorat qoidalari joriy etiladi.
AQSh AI modellaridan eksport nazoratini yechdi
AQSh Savdo vazirligi «Anthropic» sun’iy intellekt kompaniyasining eng yangi modellariga qo‘yilgan eksport cheklovlarini bekor qildi. Bu haqda kompaniya seshanba kuni ma’lum qildi.
«Biz Savdo vazirligi tomonidan Claude Fable 5 va Mythos 5 modellariga nisbatan eksport nazorati olib tashlangani haqida bildirishnoma oldik. Ertadan boshlab ushbu modellardan foydalanish imkoniyatini tiklashga kirishamiz va tez orada yangi ma’lumotlarni taqdim etamiz», deb yozdi Claude rasmiylari.
AQSh savdo vaziri Hovard Lutnik uning idorasi modellarni ommaga chiqarishga ruxsat berish uchun kompaniya bilan bevosita ishlaganini ta’kidladi.
Joriy yil 12 iyun kuni AQSh hukumatining milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan yuborgan talabi asosida kompaniya o‘zining eng yangi modellarini Amerikadan tashqaridagilar uchun o‘chirib qo‘ygandi. Chunki Claude’ning yangi modeli kiberxavfsizlik sohasida erishgan natijalari hukumat rasmiylarini tashvishga solib qo‘ygan.
Britaniya mudofaa xarajatlarini keskin oshirdi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer seshanba kuni mudofaa sohasi uchun qo‘shimcha 20 milliard dollar mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Bosh vazirga ko‘ra, Qirollik «yanada xavfliroq dunyoga» tayyor turishi shart.
Ushbu qarorga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning yillik mudofaa xarajatlari 2029 yilga borib 106 milliard dollarga yetadi. Mazkur o‘sishni moliyalashtirish uchun mamlakatdagi ba’zi yo‘l va energetika loyihalari bekor qilinadi.
«Dunyo qurollanayotgan va tajovuzkorlik kuchayib borayotgan bir vaqtda, urushning oldini olishning eng yaxshi yo‘li — unga tayyorgarlik ko‘rishdir», dedi Starmer Mudofaa investitsiyalari rejasi taqdimoti oldidan.
Hukumat taqdim etgan strategik reja mamlakat armiyasini texnologik jihatdan qayta qurollantirishni ko‘zda tutadi. Unga ko‘ra, dronlar va avtonom qurollar, «Gibrid flot» konsepsiyasi rivojlantiriladi. Reja doirasida 6 ta yangi harbiy kema qurish to‘liq moliyalashtiriladi.
Bosh vazirning ushbu bayonoti muxolif partiyalar tomonidan yetarli darajada kutib olinmadi va tanqidlarga sabab bo‘ldi. Xususan, muxoliflar buni «kechikkan va kerakli darajadan kam moliyalashtirilgan» deb hisoblamoqda.
Mavzuga oid
16:52 / 30.06.2026
G‘azoda davom etayotgan Isroil hujumlari va dron bilan to‘qnashgan samolyot – kun dayjesti
15:09 / 29.06.2026
AQSh–Eron zarbalar almashinuvini to‘xtatdi, Yevropada jaziramadan odamlar o‘lmoqda – kun dayjesti
15:45 / 25.06.2026
Venesuelada dahshatli zilzila va Fransiyada qayd etilgan Ebola – kun dayjesti
15:30 / 24.06.2026